Botanika bog`i ilmiy tadqiqot maskanimi yoki festivallar uchun mo`ljallangan sayilgoh? Toshkent shaharida bir qancha ochiq ko`ngilochar parklar bo`lishiga qaramay, nima uchun noyob o`simliklar dunyosiga ega bo`lgan Botanika bog`i festivallar o`tkaziladigan maydonga aylanib bormoqda?
Bundan 3 yil avval jurnalist Anora Sodiqova O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi botanika instituti huzuridagi Akademik F.Rusanov nomidagi Toshkent Botanika bog`ining rahbari Sodiqjon Abdunazarov bilan suhbat qilgan edi. Suhbat davomida Sodiqjon Abdunazarov Botanika bog`ida festival va tadbirlar ortidan chiqindilar qolayotgani, ayrim noyob o`simliklarga zarar etayotgani, odamlar ko`payishi bilan o`simliklarga shikast etishini nazorat qilish qiyinlashishini aytib o`tgan edi.
Oradan 3 yil o`tdi, 2020 yilda O`zbekistonda koronavirus infeksiyasi aniqlanishi bilan vaziyat o`zgardi, festival va tadbirlarni ochiq osmon ostida o`tkazish asosiy ehtiyojga aylanib ulgurdi. Ammo bu vaqt oralig`ida botanika bog`idagi o`simliklar festival yoki boshqa tadbirlarga moslashuvchan bo`lib, o`zgarib qolmagan bo`lishi aniq.
Xususan, 29-30 iyun kunlari Toshkent Botanika bog`ida «Uchinchi renessans bunyodkorligi» shiori ostida Toshkent shahar hokimligi tomonidan tashkil etilayotgan O`zbekiston Yoshlar va talabalar forumi bo`lib o`tishi kutilmoqda.
Biz bu borada Botanika bog`ining rahbari Sodiqjon Abdunazarovni so`roqqa tutdik. Mas`uldan mazkur tadbirlar noyob o`simliklar dunyosi saqlanib, rivojlantirilib kelinayotgan boqqa qanday ta`sir o`tkazishini so`radik.
Avvaliga rahbar bizga festival o`tkazish bo`yicha hokimlik tarafdan hech kim undan ruxsat so`ramaganini, u erda tadbir o`tkazish qarori unga bog`liq emasligini aytib o`tdi.
Bog` rahbari tadbir uchun maxsus joylar qurilgani va koronavirus pandemiyasi munosabati bilan hokimlikda boshqa chora qolmagani, Botanika bog`idan o`zga ochiq sayilgohlar yo`qligini aytdi. 3 yil avval Sodiqjon Abdunazarov bu borada boshqacharoq fikr bildirgan edi. U bog`da maxsus sahnalar qurish va yana katta festivallar o`tkazishga ruxsat berish bilan u erdagi salkam 100 yillik o`simlik dunyosiga zarar etkazish mumkinligini qayg`urib gapirgandi.
Biz rahbardan ertangi festivalni o`tkazish uchun hokimlik ulardan yozma ruxsatnoma so`ragani bo`yicha qiziqqanimizda, rahbar telefon aloqasi nosozligini aytib, aloqani uzib qo`ydi. Bu borada Toshkent shahar hokimiyatining munosabatini olish uchun axborot xizmati vakillariga bog`lanishlarimiz besamar o`tdi. Balki so`nggi uch yil ichida bir nechta parklarni yopib, betonlashtirishga ruxsat bergan hokimlik festival uchun o`zga ochiq bog` topolmagan bo`lishi mumkin. Bu borada biz hokimlik munosabatiga ochiqmiz va uni e`lon qilishga tayyormiz.
Hokimlik mutasaddilari koronavirus xavfi ko`payib borayotgan bir paytda va 100 yillik noyob o`simliklarga xavf tug`dirgan holda katta festivallarni tashkillashtirish qanchalar maqsadli ekanini tushuntirib berishlarini istardik.
Fanlar akademiyasi Botanika instituti huzuridagi Akademik F.Rusanov nomidagi Toshkent Botanika bog`ining rahbari Sodiqjon Abdunazarovning 3 yil avval bog`ni festivallar markaziga aylantirish zararligi bo`yicha kuyinib aytgan gaplarini yodga olmoqchimiz:
"Toshkentda ko`ngilochar maskanlar, yoshlar uchun park va sayilgohlar talaygina, biroq mana shu Botanika bog`iga o`xshash ilmiy-tadqiqotlar olib boradigan dargoh bitta. O`zbekistonda o`simliklarni introduksiya va reintroduksiya qilish bilan shug`ullanuvchi yagona maskan, bu – "Botanika bog`i" hisoblanadi. Bog`dagi o`simliklar turlaridan kelib chiqsak, u Markaziy Osiyoda bitta. Botanika bog`ini parkka aylantirish noto`g`ri fikr. Men bu erga yoshlar kelmasin, demoqchi emasman. Bog`imizda o`simlik turlari ko`p. Ular orasida shovqinni xushlamaydigan, odamlarning ko`p yaqinlashishiga bardosh berolmaydiganlari turlari ham bor.
Bog`imiz parkka aylangach, bu erda odam ko`payadi. Tabiiyki, keyin odamlarni nazorat qilish qiyinlashadi. Yosh bolalar o`simliklar orasiga kirib, ularni payhon qilishi mumkin. Bog`imizda bir ikki tadbir o`tkazilgach xodimlarimiz bir hafta tadbirdan qolgan axlatni tozalash bilan ovora bo`ldi. Shunchaki bog`da aylanishga kelgan ba`zi odamlar ham gohida daraxtlarni, gullarni sindirib, uzib ketishga harakat qilishadi. Yaqinda Yoshlar ittifoqining Yunusobod tumani bo`limi bog`imizda tadbir o`tkazdi. Bayramdan so`ng, bog`da chiqindilar qoldi.
Xullas, ularning bayramidan ko`nglimiz to`lmadi. Yana bu kabi tadbirlarga ruxsat berish niyatimiz yo`q. Bog`imiz shu erdagi o`simliklar olamidan bahra olishni istagan odamlar uchun ochiq. Kelin-kuyovlarni suratga olish uchun tadbirkorlar bizdan 1-2 gektar joy so`ragan. Lekin, men o`simliklarga zarar etkazilishini o`ylab, bunga ruxsat bermadim.
Hozirda yoshlar ko`proq tadbirkorlikka qiziqadi, o`simliklarni terib o`rganib yuradigan yoshlar kam. Kelajagimiz uchun bu tadqiqotlar ham zarur. Toshkentda xalq uchun xizmat qiladigan bittagina 66 gektar ilmiy tadqiqot markazi bo`lishining zarari yo`q, nazarimda. Bog`da hozirda yo`qolib ketayotgan daraxtlarning yagona (onalik) nusxalari saqlanib qolgan. Talabalar ularni saqlab qolish va ko`paytirish bilan shug`ullanmoqda».
ESLATMA:
Ilmiy xodimlarning dalolat berishicha, Botanika bog`i 20 yil davomida qarovsiz, e`tiborsiz qolgan. 2013 yilda Vazirlar Mahkamasining 211-qarori chiqqach, unda Botanika bog`ini qayta rekonstruksiya qilish bo`yicha rejalar keltiriladi. Biroq, bu reja 2018 yil may oyigacha amalda ishlamagan. 2018 yilda 9 may – Xotira va qadrlash kuni botanika bog`ida o`tkazilishi rejalashtirilgach, bog`dagi asfalt yo`llar tekislanib, ta`mirga muhtoj joylar tartibga keltirilgan. Bugun Botanika bog`i alohida xo`jalik sifatida ajralib chiqqan. Unda 3 nafar fan doktori, 4 nafar fan nomzodi va 10 nafarga yaqin magistr, bakalavr ilmiy unvoniga ega xodimlar faoliyat olib bormoqda. Botanika bog`i bugungi kunda Toshkent farmasevtika instituti, O`zbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat agrar universitetlari bilan hamkorlik qiladi. Botanika bog`i bilan Janubiy Koreyaning Shingu Instituti Botanika bog`i va Xitoyning Kulmin bog`lari o`rtasida hamkorlik yo`lga qo`yilgan.
KATTA YO`QOTISh
1996 yil O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Botanika bog`iga tegishli 22 gektarga yaqin joy «Hayvonot bog`i» uchun ajratib berilgan. Noyob o`simliklar dunyosiga ega bo`lgan bog`ning katta qismi payhon qilinib, u erga «hayvonot bog`i» ko`chiriladi.
Hozirda «Hayvonot bog`i»da Botanika bog`idan qolgan o`simliklar olami o`z holicha saqlanib qolmagan. Bugungi kunda boqqa yana konsert dasturlariga mo`ljallangan sahnalar qurish, avtomatlar o`rnatish bilan salkam 100 yillik o`simliklar olamiga katta zarar etkazilishi mumkin.