Uch yil ichida OTM va talabalar soni ikki barobarga oshgan. Ammo talabalar turar joylarichi?

22.06.2021 19:39

Mustaqilligimiz boshlarida respublika bo`yicha 61 ta oliy ta`lim muassasasi tashkil qilingan bo`lsa, ayni kunda 131 tani tashkil etmoqda.

Shundan universitetlar 28 ta, institutlar 37 ta, akademiyalar 3 ta, filiallar 26 ta, konservatoriya 1 ta, xorij OTMlarining filiallari 22 ta, nodavlat oliy ta`lim muassasalari 9 tani tashkil qildi va ularda 515 mingga yaqin talaba tahsil olmoqda.

O`zbekistonda oliy ta`lim muassasalari sonining o`sishi

Har ikki jadvaldan ko`rinib turibdiki, asosiy o`sish 2017 – 2018-o`quv yilidan boshlangan.

Shuningdek Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko`ra, sirtqi va kechki ta`lim yo`nalishlari qayta yo`lga qo`yilib, ularga 2020 – 2021-o`quv yilida kunduzgi ta`lim yo`nalishiga (103 575 nafar talaba) qo`shimcha 36 375 nafar talaba qabul qilinishi belgilab olindi.

Oliy ta`lim muassasalari va talabalar sonini ko`paytirishga harakat qilindi. Ammo bu talabalarni turar joylari bilan ta`minlashga shu vaqtgacha e`tibor qilinmagan edi.

Respublikada ilk bor tashkil etilgan oliy ta`lim muassasasi hisoblanmish Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universitetida ayni vaqtda umumiy talabalar soni 29,769 nafarni tashkil qiladi. Biroq, ularning bor-yo`g`i 12,2 foizi talabalar turar joyi bilan ta`minlangan, xolos.

4703 nafar talaba tahsil olayotgan Toshkent davlat yuridik universitetida esa talabalar turar joyining 2 ta binosi mavjud bo`lib, ularda 503 nafar talaba yashashi uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Va ayni paytda TTJda 496 nafar talaba (163 nafari qizlar, 2 nafar xorijiy talaba) istiqomat qilmoqda, ya`ni, ta`minlanish darajasi 10,6 foiz.

Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida 2700 nafarga yaqin talaba tahsil olsa, ularning 8 foizi – 220 nafari TTJ bilan ta`minlangan, xolos.

Qarshi davlat universitetida jami talabalar soni 16578 nafar, 2012 yildan boshlab 1084 nafar talaba (ungacha 994 nafar edi) TTJ bilan ta`minlangan.

Samarqand davlat universitetida o`qiyotgan talabalar soni 16 294 nafarni tashkil etadi. Shundan universitet talabalarining 8%i, ya`ni 1470 nafar talaba turar joy bilan ta`minlangan. “Zarafshon online” gazetasi ma`lumotiga ko`ra, 7200 nafar talaba ijara uyda turadi.

Qoraqalpog`iston Respublikasi poytaxtida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining bitta talabalar turar joyi mavjud bo`lib, u 275 o`ringa mo`ljallangan va talabalar turar joyida 215 nafar talaba-qiz yashamoqda.

Respublikada faoliyat olib borayotgan xorijiy OTMlarda ham ushbu ko`rsatkich unchalik yuqori emas:

Jadvalda Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti (3803 nafar talabadan – 180 nafar), Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti (1000 nafar talabadan – 460 nafar), Toshkent shahridagi Koreyaning Inha universiteti (1500 nafar talabadan – 200 nafar, (2021-yil, 2-martdagi post)), Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti (740 nafar talabadan – 180 nafar) va nihoyat yangi tashkil qilingan Ajou universiteti (450 nafar talabadan – 196 nafar) tomonidan talabalarning yotoqxona bilan ta`minlanish darajasi keltirilgan. Ko`rinib turibdiki, xuddi mahalliy OTMlar kabi xorijiy ta`lim muassasalari ham talabalarni turar joy bilan ta`minlashda 50 %dan kam ko`rsatkichga ega.

Yuqorida keltirilgan raqamlar juda past ko`rsatkichlar bo`lib, har bir o`quv yili boshida talabalarning turar joy muammosiga duch kelib, bir qancha vaqt sarson bo`lishini bildiradi. Bundan tashqari, talaba va OTM o`rtasida TTJda turish bo`yicha shartnoma har bir o`quv yili uchun alohida tuzilib, o`quv yili nihoyasiga etishi bilan hujjat o`z kuchini yo`qotgan hisoblanadi. Talaba yangi o`quv yili boshida yana hujjatlar tayyorlashi va shartnomani yangilash uchun vaqt sarflashi zarur. TTJlarda joylar kamligi bois, nafaqat uzoqdan kelib o`qiydigan magistrantlarga, balki 3 va 4-bosqich talabalariga ham yotoqxona berilmasligi holatlari respublika bo`ylab ko`p uchraydi. OTMlar, eng avvalo, kam ta`minlangan, boquvchisini yo`qotgan, “temir daftar”da ro`yxatda turuvchilar turar joy bilan ta`minlanishini birinchi o`ringa qo`yadi.

Ijtimoiy tajriba: talabalar qaerda va qanday sharoitda yashamoqda?

Tasodifiy 81 kishidan iborat jamoa fikri

Odatda, jamiyat hayotiga doir biror masala o`rganilayotganda, turli fikrlarni bilishga doir ijtimoiy so`rovnoma, intervyular tashkil qilinadi. Ularning natijalari, garchi, muammoni aniq ochib berolmasa ham mavjud vaziyat haqida qisman tasavvur hosil qilishga yordam beradi. Xuddi shunday kichik ijtimoiy tajriba so`rovnoma tarzida o`tkazildi. Unda jami 14dan 30 yoshgacha bo`lgan 81 kishi (85 foizi talabalar) ishtirok etdi. Ularning 87,7 foizi talabaning turar joyidagi shart-sharoit ta`lim sifatiga ta`sir qiladi, degan fikrni bildirgan. So`rovnomada qatnashgan talabalarning 7 nafari (8.6 foizi) OTM tomonidan berilgan TTJda, 63 foizi ijarada turishini, qariyb 20 foizi o`z uyida yashashini aytgan.

Nodirabegim Nazarqulova

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
4
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар