Bizga hamrohlik qilmoqchi bo`lganlarning “qizil pasporti” yo`q ekan. O`zimiz yo`lga tushdik. Yana bir kishining yordami bilan men kovidga test topshirganligim haqidagi ma`lumotnomani oldim.
Chegaradan o`tishda O`zbekiston tomonidan muammo bo`lmadi. Qirg`izistonning Qadamjoy viloyatiga o`tishda negadir yarim soatdan ortiq to`xtab qoldik. Bizga “smena” almashayotganligi haqida aytishdi.
Endi navbatimiz kelganda O`zbekiston tarafidan kelgan, bir ayol uch-to`rt nafar bola-chaqasi bilan navbatsiz suqilib kirib oldi. Tabiiyki, biz ham unga navbatga turish kerakligini, hamma ham issiqda turganligini uqtirmoqchi bo`ldik. Ammo ayol shallaqilik qilishga o`tdi. Hatto Qirg`iziston tomoniga o`tsak, daryoga tashlab yuborish bilan qo`rqitdi.
Bir amallab chegaradan o`tib olgach, atrofi tog`lar bilan o`ralgan, zilol suv oqib yotgan yo`l bo`ylab Shohimardon qaerdasan deb yo`lga tushdik.
Uncha-bunchaga hayajonlanmaydigan odamman, ammo 1992 yilda Shohimardonga kelganimni, bu joy bilan bog`liq bolalik xotiralarim eng yorqin xotiralar ekanligini o`ylab ketyapman.
Biz bolaligimizda har yili 2 yoki 3 marta Shohimardonga kelardik. Singlim ko`p kasal bo`lgani uchun negadir o`sha paytda Shohimardonpirimga atab unga kokil qo`yishgandi. Birinchi marta kolxozning uzun LAZ avtobusida bitta qo`y, qozon o`choq, hatto o`tingacha olib 40-50 chog`li qarindosh-urug`, qo`ni-qo`shnilar bilan kelganimiz esimda. Undan keyin sal ulg`aygach, dalaga chiqardik. Paxtani chekanka qilib bo`lgach, terimgacha dalada ish tugardi. Shunda brigadirimiz “barakalla qizlarim, o`zim sizlarni bir Shohimardonga olib borib, o`ynatib kelaman” derdi. Yana o`sha kolxozning qizil LAZida yo`lga tushardik.
1994 yili maktabni tamomladim. O`sha yili Toshkentga yo`l oldim. Shu bilan mening Shohimardonga qiladigan sayohatim ham 29 yilga cho`zildi.
Shohimardonga bordik. Men bilgan, gavjum, tanga tashlasa erga tushmaydigan darajada odam bilan to`la bo`lgan qishloq sokin va jim-jim edi. Avvallari atraksionlarda uchish uchun qancha navbatda turardigu, bir tomonda Tursunali polvon, yana bir tomonda Lochin dorbozlar o`yin-tomosha ko`rsatardi? Ipga chizilgan o`rik mag`izi va qoqisi, qurtlar, shiming-chaynama konfetlari, parvarda-yu popukqandlarning ko`pligidan qay birini olishni bilmay qolardik.
Biz qo`ngan xonadon egalarini qarindoshimiz deb o`ylarkanmiz.
Bugunchi?
Nega Shohimardon bu qadar sokin va jim-jit. Nega o`sha fayzi yo`q? Nega aholisining kayfiyati yo`q?
Birinchi sabab, chegaradagi muammolar. Men 2 farzandi bor bir oila Shohimardonga borib kelish uchun necha pul sarflashini xomcho`t qilib chiqdim.
Agar oilada hammaning qizil pasporti bo`lsa, 4 kishi kovid uchun test topshiradi. Ba`zi SESlarda bu test javobi bepul beriladi. Ba`zi joylarda esa 120 ming so`m to`lashga to`g`ri keladi.
Agar farzandlaringizni yoki oilaning barcha a`zolarining xorijga chiqish pasporti bo`lmasa salkam 300 ming so`m to`lab bu pasportni olish kerak. Demak 1 million 200 ming so`mga yaqin pul bo`ladi.
O`zbekiston chegarasidan o`tishda muammo bo`lmasligi mumkin. Har holda bizda shunday bo`ldi. Ammo agar shaxsiy mashinangizda o`tsangiz qirg`iz chegarachilariga ma`lum miqdorda “uzatishingiz” kerak. Bo`lmasa hech qanday sababsiz yarim soatcha ham ushlab o`tiraverishadi.
Shohimardonga shu kunlarda borsangiz yaxshisi oziq-ovqatni o`zingiz bilan g`amlab oling. U erda hozircha faqat bitta fast-fud kafesi ishlayapti xolos. Hot-dog, lavash, gamburger, grillda pishgan tovuq va kabob eyishingiz mumkin.
Agar yotib qolmoqchi bo`lsangiz bir kishi uchun 20 ming so`mdan to`lab xonadon ijaraga olsangiz bo`ladi. Sizga suyultirilgan gazdan foydalanish imkonini, qozon, idish-tovoq berishadi. Bemalol ovqat qilib eyishingiz mumkin.
Shohimardonda hazrat Alining maqbaralari joylashgan. Birinchi o`sha erni ziyorat qilib, so`ngra Hamza Hakimzoda Niyoziy muzeyini aylansangiz bo`ladi. Chunki ikkalasi bitta majmua qilingan. Muzeyga kirish katta-yu kichikka 5000 so`m.
Shohimardondan so`ng Yordon qishlog`iga yo`l olib, Archamozor degan joyni tomosha qilib kelishingiz mumkin. Haqiqatdan ham juda havosi toza, tabiati betakror bu maskanda oqsuv shovullab oqib yotibdi. Havosi ham kishi tanasiga huzur bag`ishlashini aytmaysizmi?
Bu joylarga bir yil davomida mehnat qilib, hech kimni ko`rishni istamay qolgan, hech kim bilan gaplashgisi kelmay qolgan odamlar kelib, bir hafta shu tog`u toshlarda yotib, bitta yaxshi kitobni o`qib tugatib ketsa tuzuk. Bolalar bilan kelib bo`lmaydi. Chunki bu erda bolalarni o`ziga jalb qiladigan hech qanday infratuzilma yo`q.
Karusellar eski va yaroqsiz, bori ham tashrif buyuruvchilar deyarli yo`qligi uchun ishlatilmayapti.
Agar sizning didingiz o`ta nozik bo`lsa, ta`bingiz ko`p narsani tortmasa ham Shohimardonga kelmay qo`ya qoling. Sababi, bu erda mavjud hojatxonalar talabga javob bermaydi.
Aholi ishsizlikdan qiynalmoqda.
– Bizga sayyohlar qancha ko`p kelsa shuncha yaxshi, – deydi suhbatdoshimizning barchasi. – Chunki bizning tirikchiligimiz shu. Uyimizni ijaraga qo`yamiz, “gid”lik vazifasini bajaramiz, sayyohlarga qurut, meva-chevalar, shirinliklar, turli sovg`alar sotib kun ko`ramiz. Avval chegaralar yo`q paytida chorvachilik bilan shug`ullanardik. Endi chorvachilik ham qiyin bo`lib qoldi. Sababi, mollarimiz chegaradan o`tib ketsa, qirg`iz birodarlarimiz katta pul evaziga qaytarib berishyapti yoki butunlay bermay qo`ya qolishyapti. Ekin ekib, dehqonchilik qilaylik desak, erimiz ham toshloq. Bog`dorchilik esa gohida unday, gohida bunday. Mana bu yil ob-havo noqulay keldi. Nok va olma mevalari ham mo`l emas.
Ikki davlat o`zaro kelishib, chegaradan oson o`tadigan qandaydir bitim tuzishi kerak. Shunda bu erda yana avvalgidek hayot qaynaydi.
Sharifa MADRAHIMOVA