Kuniga 9 soatlab ishlayotgan obodonlashtirish xodimlarining na tushlik qilishga joylari bor, na kiyim almashtiirish va boshqa ehtiyoj uchun makonlari bor.
Xodimlar aksariyat hollarda o`z yonidan harajat qilib ish joyiga etib olishiga to`g`ri keladi. Ertaroq ish boshlashga majbur bo`lgan obodonlashtirish xodimlari shahar transportidan tekin foydalanish imkoniyati bo`lsada, aksar hollarda tong saharda tekin transport topishning imkoniyati ham yo`q.
Ma`lumotlarga ko`ra, bugungi kunda Toshkent shahrining 12 ta tumanida 12 mingdan ortiq obodonlashtirish xodimlari mehnat qilishadi. Oylik maoshning kamligi ularning ko`p yillik muammosi. Masu`llarning aytishicha, obodonlashtirish xodimlarining maoshini ko`tarish, ularga ish joylarini tashkillashtirib berish Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputatlari taklifi bilan bog`liq. Deputatlarga esa obodonlashtirish Bosh boshqarmasi moliyalashtirish bo`limi tomonidan maoshni oshirish bo`yicha taklif kiritilishi lozim.
Obodonlashtirish xodimasi o`z ishining noqulayliklari haqida shunday hikoya qiladi:
“Tong sahar soat 5 yarimda uydan chiqamiz, 6, 6 yarimda ish boshlaymiz, soat 8 da kirib choy ichamiz, tushligimiz ham o`sha, keyin yana ishni soat uchgacha davom ettiramiz. Kafe, oshxonalarning hojatxonasiga bizga kirishga ruxsat berishmaydi, urishib haydab yuborishadi. Ilgari ba`zilar bizga past nazar bilan qarashar edi, hatto bizni qamoqdan chiqqan ayollar deb o`ylaganlar ham bo`lgan.
Har kuni 9 soat ishlaymiz. Bor yo`g`i 1 mln 300 ming so`m oylik olaman. Bu pulni ovqatlanishimga va nabiralarimga etkazishga majburman. Bir amallayapmiz. Bu maosh kamda, endi ayol kishiga bo`ladi deyishingiz mumkin, ammo hozir ro`zg`or qilishning o`zi bo`lmayapti, qimmatchilik, yo`l kira harajatiga ham ancha ketib qoladi.”
Bugun, obodonlashtirish xodimlari ko`p qavatli uylarning chivin bosgan, kanalizasiya hidi anqib turgan erto`lalarini tushlik qilish va kiyim almashtirish uchun boshpana qilganlar.
Obodonlashtirish xodimasining biri karantin vaqtlarida ham tinim bilmay ishlaganlarini hikoya qiladi.
“Hamma dam olgan kunlari hatto bayramlarda ham biz dam olmaymiz, karantin vaqti xam qiynalib bo`lsa ham biz ishladik, ammo oylik maoshimizga qo`shimcha yo`q. Gapni qisqasi, oylik maoshimizni sal oshirib bersa yaxshi bo`lardi, iltimos. Yo`l kiramiz qimmat, meni o`zimga har kuni 16 ming so`m yo`l kira ketadi, mana kecha 5 kishi bo`lib gazel gaplashgandik, gazel kelmadi, taksida kelishga majbur bo`ldik”, deydi u.
Obodonlashtirish xodimalarining muammolari haqida muxbirimizning to`liq reportajini tamosha qiling.