G`ovada “xalqaro adabiyot festivali” o`tkazilishi uchun 6 milliard byudjet mablag`lari sarflanar ekan. Bu kabi festivallar uchun har yili bir necha milliardlab pullar sarflanadi. E`tiborlisi, bu tadbirlarga qancha mablag` ajratilishi tuman, shahar, viloyat hokimliklari yoki vazirliklardagi insofiga va albatta qanchalik tegishli tashkilotlar oldidagi hisobdorlikni his qilishiga bog`liq bo`lib qolayotgandek. Kimdir katta festivalga 1 milliard ajratsa yana kimdir shunday tadbirga 10 milliardgacha pulni bemalol sarflab yuborayapti. Bu ham pul o`marishni bir turi bo`lib qolmayaptimikin, degan hayolga borishingiz tabiiy. Shu kabi tadbirlarni ko`ngillilar mutlaqo davlatdan yordam olmay ham tashkil etishi mumkin. Balki mana shunday loyihalarni qo`llash ko`proq natija berar? Bizda ham jahon tajribasidagi kabi, festivallarni tashkil etishni nodavlat tashkilotlarga buyurtma qilib, loyiha tarzida berilsa bo`lmaydimi? Bunda faqat moliyaviy mablag`lar emas, balki mehnat resurslari ham tejalarmidi? Ana shunday tadbirlar vaqtida davlat idoralari vakillarini umuman xonasidan topa olmaysiz, tashkilot rahbaridan to farroshigacha tadbirning tashkiliy ishlari bilan band bo`ladi. Biz G`ovadagi festival haqidagi xabarni o`qiganimizdan so`ng bir necha xalqaro do`stlik uchrashuvlari tashkilotchisi , yozuvchi A`zam Obidov bilan bog`lanib, bu boradagi munosabatlarini so`radik.
AHVOLIMIZ “OQQUSh, ChO`RTAN BALIQ VA QISQIChBAQA”NIKIDAN HAM BATTARROQ
O`zbekistonda har bir sohada rivojlanish oldida turgan eng katta to`siq – bu shu soha ichida yurib, muvaffaqiyatli tashabbus va loyihalar qilib yurgan ekspert va bilimdonlardan maslahat, yo`l-yo`riq va ko`mak so`ramaslikdir. Ahvolimiz “oqqush, cho`rtan baliq va qisqichbaqa”nikidan ham battarroq: hamma maqsad aravasini har tarafga tortadi, xo`jako`rsinga bir martalik soxta loyiha tuziladi, kattagina mablag` yuvilib shovvozlar cho`ntagiga tushadi, o`sha sohada esa hech narsa o`zgarmaydi va mamlakat biror yaxshi narsaga erishmay qolaveradi. Tizim to`g`ri yo`lga qo`yilgan emas: muntazamlik, izchillik, xalq ishtiroki va nazorati yo`q.
Kamina eng quyi tashkilotdan tortib shaxsan prezidentgacha bir necha bor rasman maktub yo`llab, O`zbekistonda adabiyot va san`at rivoji uchun jiddiy takliflar kiritganimni, insofi bo`lsa, ko`pchilik eslay olsa kerak. Xalqaro ijod uyi, har yili o`tkaziladigan xalqaro adabiyot anjumani, yillik xalqaro she`riyat festivali, Namangan shahrini YuNESKO adabiyot shaharlari ro`yxatiga kiritish, chet ellarda Navoiy instituti ochish takliflari va hokazo. Bular oddiy gap quruq takliflar emasdi, balki jiddiy o`ylangan hamda,mas`ullar og`zini ochib qarab turmasa, amalga oshirish imkonli, xalqimiz uchun juda foydali va zarur loyihalar edi. Afsuski, bularning birontasiga biror tashkilotdan jiddiy reaksiya bo`lmadi. To`g`ri, Namangan viloyati sobiq hokimi X.Bozorov Namanganni YuNESKO ro`yxatiga kiritish taklifim ortidan viloyatda shu sohaga mas`ul rahbarlarning biriga alohida topshiriq bergan, ammo u mulozim tez orada boshqa ishga o`tib ketdi, o`rniga kelgani esa, yuzma-yuz uchrashish tugul kaminani xalqaro adabiy aloqalarda biror ishni eplay bilmaydgan yozuvchilar uyushmasi bilan bog`lamoqchi bo`ldi.
Chust tumani G`ova qishlog`idagi Chustiy domlaning xaroba dala hovlisi haqidagi Feysbuk postim esa tez orada shov-shuv bo`lib, milliy saytlar, BBSchilar va Ozodlik radiosigacha chiqib ketdi. Natijada yangi viloyat hokimining qadami o`sha joyga etdi. Mana, bugun shu yil avgust oyida G`ovada “xalqaro adabiyot festivali” o`tkazish haqidagi xabarga ko`zim tushdi:
– Nega A`zam Obidovning xalqaro loyihalari to`xtatib qo`yildi?
– Kaminani shaxsan tanigan-bilganlar, adabiyot va san`atimizni hech bir tamasiz butun dunyoga xolis targ`ib qilib yurganimni bilishar. Nima ishlar qilganim-u nega hafsalam pir bo`lgani, barcha xalqaro loyihalarimni nega to`xtatib qo`yganimni bilmoqchi bo`lganlar esa mana buni ko`rsinlar.
MABLAG`LAR QAERGA SARFLANAYoTGANINI ALBATTA NAZORAT QILISh KERAK!
Kamina Chustda o`tkazish rejalashtirilgan “xalqaro adabiyot festivali”dan juda xursand. Ko`pchilik bu loyiha menga tegishlimi-yo`qmi, deb so`rayapti. Yo`q. Agar ko`ngildagidek amalga oshsa, u mening xolis tanqidim natijasida yuzaga kelgan loyiha bo`ladi. Biroq, Chust tumani hokimi Bekzod Hamdamovning ushbu festival va uning atrofidagi tadbir-yumushlar uchun 6 milliard so`m mablag` ajratilgani kaminani o`ylantirib qo`ydi. Bu yarim million dollardan ortiq pul degani, aniqrog`i 570 ming dollar!
G`ova ahli, xursandchiligingizga sherik bo`lishimizni istasangiz, shuncha mablag` qaerga, nimaga sarflanishini albatta nazorat qilib boring, bunga haqqingiz bor! Jurnalist va bloger do`stlar, faol jamoatchilik vakillari ham bunga befarq bo`lmasalar, ayniqsa, adabiyot festivali uchun qancha pul ajratilganini surishtirishdan va mas`ullarni so`roqqa tutishdan cho`chimasalar.
5 TA XALQARO ADABIYoT FESTIVALLARI UChUN DAVLAT BYuDJETIDAN BIR TIYIN HAM IShLATILMAGAN
Biz (kamina, oilam va O`zbekiston bo`ylab 50 dan ortiq volontyor do`stlarim jamoasi) 2018 va 2019 yillar davomida mustaqil ravishda 5 ta katta-kichik xalqaro rezidensiya dasturi – xalqaro adabiyot festivali o`tkazdik. Davlat byudjetidan bir tiyin ham olgan emasmiz. Har dastur uchun yonimizdan o`rtacha 10 milliondan 20 million so`mgacha pul sarfladik. Loyihamiz mamlakatimizda ilk bor “O`zbekistonda xorijlik ijodkor rezidensiyada” nomli UzLAB (Uzbekistan’s Literature and Art Bridge) doirasida tashkillashtirilib, 7 kundan 15 kungacha davom etdi. Ushbu dasturimiz ham, u ko`zlagan maqsad ham unikal:chet ellik mualliflar bilan muloqot va o`zaro aloqaga ochilish, o`zbekistonlik yozuvchi, shoir, rassom va madaniyat sohasi vakillariga xorijlik hamkasblari bilan muloqot o`rnatishi uchun imkon berish va sharoit yaratish, kelgusida foydali dastur va loyihalar ustida birgalikda ishlash uchun adabiy, professional munosabatlarni yo`lga qo`yish, ko`rgazmalar qilish, chet tillari kurslari tashkil etish, tarjima va adabiy tahrirlar qilish, kitoblar chop etish barobarida chet ellik ijodkor turistlarni O`zbekistonga jalb etishni ko`zda tutadi. Ushbu ijodiy tashabbusimiz shartiga ko`ra, dasturning xorijlik ishtirokchilari mehmonxonada emas, o`zbekistonlik yozuvchi, shoir, rassom va madaniyat xodimlarining uylarida ular bilan birga yashaydi va ijod qiladi.
Avstraliya, Turkiya, Yaponiya, Daniya, AQSh, Hindiston, Ispaniya, Bolgariya, Isroil, Qirg`iziston, Ozarbayjon va Qozog`istondan 40 dan ortiq vakil ishtirok etgan chin ma`nodagi xalqaro adabiyot va san`at festivallarimizda O`zbekistondagi yuzlab maktab o`quvchilari, talabalar, ijodkorlar mushoira va ijodiy uchrashuvlar, qisqa muddatli chet tili kurslari, davra suhbatlarida qatnashdi. Mehmonlar uchun kutubxona, adabiyot va san`at muzeylariga, shuningdek, yurtimizning Samarqand, Buxoro, Xiva, Ahsikent kabi tarixiy shahar va ziyoratgohlariga sayohatlar uyushtirdik.
DASTUR NATIJASIDA TURLI TILLARDAGI YaNGI ASARLAR YaRATILDI
O`tgan dasturlarimizning aniq natijasi o`laroq, bolgariyalik yozuvchi, dasturimizning birinchi ishtirokchisi Mariya Filipova O`zbekistonga bag`ishlab kitob yozdi (hozir u o`zbekcha tarjimasi va uning nashrini kim qilarkin, deb intiq kutmoqda), o`zbek yozuvchilarining hikoyalar to`plami, o`zbek shoiralarining she`riy to`plamlari tahrirdan chiqdi, o`zbek shoirlari ijodidan namunalar esa ingliz, hind, urdu, ozarbayjon, qirg`iz, turk, bolgar tillariga tarjima qilindi, Bolgariyaning Plovdiv shahrida bir haftalik O`zbekiston adabiyoti va san`at kunlari o`tkazilib, unda besh nafar o`zbek ijodkori ishtirok etdi, Hindiston, Ozarbayjon, Bolgariyava Qirg`izistondagi20 ga yaqin nashr festivalimiz, o`zbek adabiyoti va san`atiga oid katta maqolalar chop etdi.
BIR FESTIVAL PULIGA 10 YIL TADBIR O`TKAZISh MUMKIN!
G`ovadagi adabiyot festivali bahona ajratilgan 6 milliard so`mga butun umr ishlab turadigan Xalqaro ijod uyi ochishim, 10 yillar davomida O`zbekistonga bir necha yuz chet ellik ijodkor olib kelishim, ijodkor sayyohlar yordami bilan adabiyot va san`atimiz hamda uning eng ilg`or vakillarini dunyoga yanada faolroq targ`ib qilishim mumkin. Agar g`alamisona atayin sun`iy to`siq qo`yilmasa. Shuningdek, Vatanimizni bor holicha dunyoga ko`rsatgan, o`z yuzimizga ko`zgu tutgan hola, kamchiliklarimizni bartaraf etish va sal rivojlanganroq mamlakatga aylantirishga hissa qo`shishim mumkin bo`lardi.
FESTIVAL O`TKAZISh UChUN PREZIDENT QARORINI KUTIB O`TIRISh ShARTMI?!
Men ko`pdan buyon O`zbekistonda adabiyot va san`at mustaqil bo`lishi kerak, bir xalqaro adabiyot yo film festivali o`tkazish uchun ham prezident buyrug`iga ko`z tikib o`tirish shundoq katta mamlakat uchun juda kulguli, deb ta`kidlab. Ammo, bu gaplarim juda uzoq kelajakning gaplariga o`xshayapti. Ungacha, prezident-u hokimlarning eshigini taqillatishni davom ettirishga to`g`ri keladimi? Yuragim achishadi! Xo`sh, hokim bobolar, sizga yordam beray desam, men bilan uchrashish shunchalik qo`rqinchlimi?
O`zbekistonda yillik Xalqaro she`riyat festivalini ochish uchun qachon maxsus qaror chiqadi?!