Beshta hokim o`zgardi, ammo bitta muzey qurib bermadi

10.06.2021 20:55

Oddiy tarix o`qituvchisining uyida uch mingdan ziyod tarixiy, noyob topilmalar saqlanyapti. Ularning orasida Chingizxon davriga tegishli qimmatli eksponantlar ham bor.

Bu noyob eksponantlar agar qaysidir mamlakatda bo`lsa, tarixiy ahamiyati va davriyligiga qarab katta madaniy meros sifatida himoyaga olinishi aniq. Kolleksionerlarga sotmagan, moddiy manfaatdorlikka uchmagan, shu xalq uchun qolsin, deya jon kuydirayotgan insonni esa sharafga burkagan bo`lar edi. 

Ammo bizda, O`zbekistonda-chi?   

***

Bekobod tumanida yashovchi 75 yoshli Davron Jo`raev o`z uyining 3 ta xonasida antiqa muzey tashkil qilgan. Uning 50 yillik izlanishlari natijasi bo`lgan muzeyda hozirda uch mingdan ziyod tarixiy topilma bor. 

Muzeyning rahbari ham, ekskursavodiyu, qorovuli ham Davron Jo`raevning o`zi! Muhimi, uning eshigi hamisha ochiq va bepul.

Mazkur muzeyga qo`shni davlatlar: Qozog`iston, Tojikiston, Qirg`izistondan ham qiziquvchilar kelib turadi.

Muzeydagi noyob topilmalar juda ko`p. Ulardan biri – Chingizxon yashagan davrga oid mo`g`ul-tatar o`q-yoylari. 

“Mazkur o`q-yoylar 800 yillik tarixga ega. Rossiyalik arxeologlar bu turdagi o`q-yoylarning 47 turini tadqiq qilgan. Ayni damda ular yurtimizdagi noyob topilmalar sirasiga kiradi”, – deydi, Qarshi davlat universitetining Jahon tarixi kafederasi dosenti Nilufar Rajabova.

Bu haqda Davron Jo`raevning o`zi shunday deydi:

"Tarixiy manbalarga ko`ra, 1219 yilda Chingizxon Shohro`xiyani vayron qilib, Xo`jandga o`tib ketayotganda Bekobodda to`xtagan. 

Dalvarzinliklar istilochilarga qattiq qarshilik ko`rsatib, jang qiladi, lekin kuchlar teng bo`lmaganidan Chingiz askarlarining qo`li baland keladi. O`sha vaqtdan qolgan mo`g`ul va dalvarzinliklarning o`q-yoylarining 50 dan ortiq turini topganman. Ular birdan topilmagan. 30, 40 yillardagi izlanishlar natijasi bu o`q-yoylar. O`quvchilarimni tarixga qiziqtirish maqsadida, qazilma ishlariga ularni ham olib chiqardim. Bu osori-atiqalarning topilishida ularning ham hissasi bor”.

Bundan tashqari muzeyda Amir Temur davridagi tangalari-yu, 120 dan ortiq davlat pul birliklarigacha, eramizdan avvalgi ko`zalardan tortib, turli etnik topilmalargacha mujassam. 

Qadimgi liboslar, Somoniylar davri tangalari, Jazoir mo``jizaviy atirguli ham shu erda. 

Uzoq yillar maktabda tarix fani o`qituvchisi bo`lgan Davron Jo`raev ularni ancha mashaqqat bilan izlab topganini aytadi. Shunindek, u ko`p yillar Bekobod o`tmishini tadqiq qilgan.

Davron otaning aytishicha, bu hudud ko`p yillik tarixga ega. Qadimda uning nomi Dalvarzin rabot bo`lib, 9 ta yirik qishloqning markazi aynan shu er bo`lgan. O`tmishda bu erdan Buyuk ipak yo`lining bir qismi o`tgan ekan.

Hudud, ayniqsa, Somoniylar davrida o`zining iqtisodiy, siyosiy, madaniy taraqqiyotiga erishgan. Davron Jo`raevning yagona orzusi – ana shu qadim Bekobod tarixini kelajak avlodga qoldirish. U Bekobod markazida hududning boy o`tmishini o`zida aks ettiruvchi o`lkashunoslik muzeyi bo`lishini xohlaydi.

Shu maqsadda bir necha yildan buyon Bekobod tuman hokimiyatiga muzey tashkil qilish masalasida murojaat qiladi. Ammo yoshi 80 ga qarab ketayotgan Davron otaning bu murojaatlari 5 yildirki, natijasiz qolmoqda.

– Bekobodda so`ngi yillar bir nechta marta hokim almashdi, – deydi Davron ota. – Har biriga bir necha bor muzey masalasida taklif kiritib bordim. Tuman Xalq qabulxonasiga ham qayta-qayta murojaat qildim, biroq hamon vaziyat o`sha: muzey qilamiz, deyishadi, ammo natijadan darak yo`q.

Shu kungacha ko`plab kolleksionerlar Davron Jo`raevdan osori-atiqalarni sotishini so`ragan, lekin u takliflarni  rad etib kelmoqda. Boboning fikricha, bu topilmalar bekobodliklarga meros. Ular shu erlik aholining ma`naviyati uchun xizmat qilishi kerak.

Tarixiy topilmalar ortidan boylikka erishmoqchi bo`lgan yoki ular orqali moddiy manfaat ilinjida davlatga murojaat qiluvchilar haqida eshitib qolamiz.  Biroq ulardan farqli ravishda Davron Jo`raevga hech qanday moddiy manfaat kerak emas. 

Topilmalarni o`z farzandlarim deb atovchi bu odam, shunchaki ularning keyingi taqdiri ham Bekobod bilan bog`lanishini xohlaydi xolos...

Maftuna KARIMOVA

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
6
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
30.05.2022 18:16
Muzey qurmaytita
14.06.2021 08:14
Хокимларга музей эмас сока керак