2019 yil fevral oyida Xitoy Xalq Respublikasidan tuzni qayta ishlaydigan zavod qurish uchun texnologiya olib keldim.
Mazkur texnologiya orqali 20ta yangi ish o`rni yaratishni ham rejalashtirgan edim. Bunday texnologiya faqatgina Navoiy “Elektrokimyozavod” qo`shma korxonasida mavjud bo`lib, u ham eski sovet davrida qurilgan.
Ushbu texnologiyani Ipoteka bankidan 310 ming AQSh dollari kredit mablag`i evaziga keltirdik. Bu texnologiyani bizga Savdo-sanoat platasi Navoiy viloyat boshqarmasi Xitoydan topib berdi.
Xususiy firmalarga ishonmay Savdo-sanoat palatasi orqali olishimdan maqsad, agarda biror muammo tug`ilsa, o`zlari javob beradi degan ishonch ham bor edi. Afsuski unday bo`lmadi...
Xitoyda faoliyat yuritayotgan “Jiangsu Honggang Industries Co., LTD” firmasi bilan Savdo-sanoat palatasi Navoiy viloyat boshqarmasi hamkorlikda mazkur firmani topib, o`zlari shartnoma tuzib berdi.
Shuningdek, Savdo-sanoat palatasiga a`zo bo`lishimni, qanchadir foiz miqdorda Savdo-sanoat palatasi hisob raqamiga pul o`tkazishimni so`radi. Albatta, uni ham o`tkazib berdim.
Tushunishimcha, Savdo-sanoat palatasining vazifasi tadbirkorlarni himoya qilish, muammolariga echim topib berishdan iborat edi. Biroq, buni aksi o`laroq, Xitoyning “Jiangsu Honggang Industries Co., LTD” firmasi bilan noto`g`ri shartnoma tuzib berishi oqibatida, allaqachon ishga tushishi kerak bo`lgan zavodimiz hamon ishlamay turibdi.
Bu erda albatta korrupsiya holati mavjud bo`lishi mumkin deb o`ylayman. Chunki, xitoylik tadbirkordan qanaqadir manfaat borligi uchun shartnoma Xitoy firmasining foydasiga tuzilgan. Bankdan olgan 310 ming AQSh dollari miqdordagi kreditimizni to`lash esa katta muammo bo`lmoqda.
Bugungi kunda Savdo-sanoat palatasi Navoiy viloyat boshqarmasi bizni sudga berib, Ipoteka bankidan olingan 310 ming dollar kreditni undirib olishni talab qilmoqda. Meni hayron qoldirgan tomoni, Savdo-sanoat palatasi tadbirkorni himoya qilish o`rniga, aksincha sudga bermoqda.
Axir xitoyliklar bilan shartnoma tuzib bergan o`zlari emasmi? Zavodim ishlamasa, qanday qilib kreditni to`layman, qanday qilib xarajatlarimni qoplayman? Sud bizning masalani ijroga qaratib, yashab turgan uyimizni olib qo`ymoqchi.
Shumi tadbirkorlarga ko`mak berish, shumi tadbirkorni ko`llab-quvvatlash?! Bizni bor-budimizdan ayirib, botqoqqa botirmoqda. Savdo-sanoat palatasi Navoiy viloyat boshqarmasiga borib, zavodni ishga tushirib berishini yoki bo`lmasa, zavodni qaytarib olishini aytdik, sababi bizni aldab, nosoz texnologiyani oldirgan.
Savdo-sanoat platasi Navoiy viloyat boshqarmasiga Xitoydan malakali mutaxassislarni olib kelib, zavodni to`liq quvvat bilan ishlatib berishlarini talab qilyapmiz. Biroq natija bo`lmayapti. Zavod ikki yildan buyon ishlamasdan turibdi.
Soliq va elektr tarmoqlaridan qarzdorlik oshib bormoqda. Ushbu zavodni ishga tushirish maqsadida ko`plab qarindoshlarim mashinalari, uylarini sotib, yordam qildi. Bu zavoddan ularning ham umidlari katta edi. Zavod ishga tushsa, ularda ham ishli bo`lamiz degan yaxshi niyatlar bor edi.
Bugungi kunga kelib olgan qarzlarim, bank krediti to`lanmasdan qolmoqda. Bu holat menga jiddiy ta`sir qilmoqda. Bor-budimni shu zavodga tikkandim. Bu vaziyatdan qanday qilib chiqib ketishni bilmayapman.
Xitoyning “Jiangsu Honggang Industries Co., LTD” fermasi Navoiy viloyat Savdo sanoat palatasi orqali o`rnatib ketgan zavodni to`liq ishga tushirtirib berishda amaliy yordam so`rab bormagan joyimiz qolmadi. Natija yo`q.
Hech bo`lmaganda, yana 500 million so`m kredit berganda ham bir iloj qilib zavodni ishga tushirgan bo`lar edik.
Agar zavod ishga tushmasa, biz uchun tamom bo`ldik degani.
Nursuluv Muhammadieva,
Navoiy viloyati, Navoiy shahri, “Binokor” MFY, Bunyodkorlar ko`chasi, 9-uy, 2-xonadon.