Jurnalist Anora Sodiqova kasbini o`zgartira olmadi
(MARDIKORLIKNING IKKINChI KUNI)
Men O`zbekistonda huquqni muhofaza qiluvchi tizim xodimlari istagan fuqaroni jinoyatchiga, xohlaganini jabrdiydaga, va albatta, istaganini tuhmat bilan qamoqqa tiqish darajasidagi tuzilmaga aylangani haqidagi gap-so`zlarga ko`p ham ishonavermasdim. Ammo o`z hayotimda ko`rib, naqadar achchiq bo`lsa-da, aytishim kerakki, bu iddaolarda haqiqat bor ekan.
Mardikorlikning ikkinchi kuni qiziq va xatarli hodisalar meni ta`qib qildi. 2018 yil Afg`onistonga borganimda ham boshimdan bir tola sochim to`kilmagandi. Ammo musaffo osmon ostida Milliy gvardiyadek qo`riqchilari bor mamlakatimizda o`lib ketishimga oz qoldi. Kutilmaganda ichki ishlar xodimlarining ichki ishlari, to`g`rirog`i «ichki nayranglari» bilan tanishishga erishdim.
***
Kechagi men uchun og`ir bo`lgan mehnat, charchoq sabablimi, bu safar tongi beshda tura olmadim. Arang soat to`qqizga Keles ko`prigi yaqinidagi “Mardikor bozori”ga etib bordim. Mashinani bozordan uzoqroqqa joylashtirdim. Bu vaqtga jurnalist hamkasblarim ham etib kelishi kerak edi. Ammo, ular ham kechikardi.
Hamkasblarim kelguncha, o`zim sharoit bilan tanishib turishga qaror qildim. Bir chekkaga borib jarayonni kuzatdim. Ayollar darrov yonimga kelib, meni ishchi izlab kelgan, deb tushunishdi. Demak, boshqa kiyimlar tanlashim kerak... o`yladim.
Men ularga ishchi izlab emas, ish izlab kelganimni, mardikorlikka chiqqanimni tushuntirdim. Ketma-ket savollar yog`ila boshladi: «Sherigingiz bormi? Qaerdansiz? Oilalimisiz? Eringiz bormi? Avval ham ishlaganmisiz? Qanday ishga chiqa olasiz?»
O`zimni Nazarbekning «Tarnov»idanman, deb tanishtirdim. 100-80 ming atrofidagi ish uchun «Tarnov»dan qatnash to`g`ri kelmasligini aytishdi. Surishtirsam, shu bozor atrofida xonadonlar bor ekan. Birgina xonasiga odatda 5-6 ayol joylashadi. Kishi boshiga kuniga 10 ming so`m to`lanadi. Vaziyatga qarab uy egasi uydagi ishlarga ham jalb qilishi mumkin. Bu xonadonlarga farzandlarim kichik bo`lsa, ularga tekin, kattaroq bo`lsa, pul to`lashga majbur ekanman.
Ayollar bilan asta-sekin tanishishda davom etdim. Shu vaqt ish taklif qilib, mardikor erkaklardan biri menga patir sotishga tanishi odam qidirayotganini aytib qoldi.
Yashash joyi tekin, bir xona ajratib berarmish. Oylik ish haqi 1 mln. 600 ming. “Oyligi kam ekan”, deb qutildim. Ayollarni gapga solaman degunimcha, yana bir mashina biz turgan bozorga yaqinlashadi, ayollar odatdagidek unga yopiriladi. Kelgan haydovchi oshpaz kerakligini va oshxona yonidan joy bilan ta`minlashini aytdi. Har kuni 100 kishiga ovqat qilish kerak, dedi u. Maosh o`rtacha 2 mln. atrofida. Tabiiyki, turli bahonalar bilan men ko`nmadim.
Shu vaqt birdaniga to`polon ko`tarildi. Erkaklar orasida ikki kishi gap talashib, janjallashib ketdi. Bir chetda turgan Milliy gvardiya yigitlari to`polonni bir zumda bostirib, ikki erkakning qo`lini orqasiga qayirib olib ketishdi.
HECh KIM MARKAZGA KIRIB ISh AXTARMAYDI...
Yana mashina yaqinlashdi. Ayol va erkaklar yana mashina oynasiga yopiriladi. Restoran tozalashga 100 ming so`mdan ikki ayolni olib ketdi. Milliy gvardiya yigitlari yo`lni to`sib olgan mardikorlarni chetga, kunlik ishchilar uchun qurilgan maxsus Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining «Kunlik ishchilar markazi»ga haydaydi. Ammo, ko`pchilik u erda mijoz kutishni istamaydi. Chunki, mijozlar yo`l yuzida to`xtab ishchi yollab olib ketadi. Hech kim markaz ichiga kirib ishchi axtarmaydi.
Men markaz ichiga kirdim. Atrofda mardikorlar uchun mayda-cho`yda, choy, shirinlik, nos, sigaret sotuvchilar ham bor. Bozor o`ziga xos jamiyatga aylanib ulgurgan. Uzoqdan kelganlarga ijara biznesi shakllangan. Narxlari ham sharoitga yarasha. Bu erda somsa va choy, ovqatlarning narxi ham nisbatan arzon 5 ming so`mga ham ikkita somsa va choy bilan qorin to`ydirish mumkin.
Ayollar menga maslahat berishda davom etdi. Yosh ekansiz, sherik bilan yuring, deydi bir ayol. «Ishga olib borib, tegajog`lik qilib qolishi mumkin. Odamlarni yuzidan bilib bo`lmaydi. Ishlatib kun kech bo`lgach, «Uyimdan narsamni o`g`irlading, milisiyaga berib yuboraman», deb pulingizni bermay haydab yuborishi hech gap emas. Shunda ikki kishi bo`lganingiz yaxshi», deydi u.
«Ishga borib, birinchi ozgina tamaddi qilib olamiz. Ko`pincha moshxo`rda berishadi, obedga», deydi yana biri. «Men doim allergiyam borligini moshxo`rda yoqmasligini aytardim. Shunda ko`pincha tuxum qovurib berishadi».
QO`RQINChLI LAHZALAR
Jurnalist hamkasblarim kelishi kerak edi, ammo juda kechikardi. Men chetroqqa o`tib, orqadagi ishchilar yuzi ko`rinmasligi uchun uzoqroqdan bozor fonida o`zimni suratga olishga urindim. Telefonimda bir ikki suratni tushirganimdan so`ng shu atrofda yurgan Milliy gvardiya xodimlarining ikki nafari yonimga yaqinlashdi.
Ulardan biri gap boshlab, hozir suratga olganimda ular ham tushib qolgan bo`lishi mumkinligini va bu suratlarni o`chirib tashlashimni so`radi. Aslida xizmat vazifasini bajarayotgan Milliy gvardiya xodimini suratga olish taqiqlanmagan. Buning ustiga, zobit o`zini ham tanishtirmadi, nega shubhali ko`ringanim va nega suratlarni o`chirishga majburligimni ham tushuntirmadi. Nazarimda, Milliy gvardiya yigitlarida mardikor ayollarga ham barcha fuqarolar qatori risoladagidek muomala qilish kerak, degan tushunchaning o`zi yo`q bo`lsa kerak. Men shunga qaramasdan suratlarni ularga ko`rsatib, o`chirib tashladim. Lekin, ular bundan qoniqmadi. Telefonni berishimni, ularning o`zi telefonimdagi suratlarni ko`rishi kerakligini aytdi. Rozi bo`lmadim. Telefon shaxsiy mulkim va berishga majbur emasligimni tushuntirib ulardan uzoqlashishga urindim. Ammo ular ortimdan “telefoningni ber”, deb baqirib kelaverdi va mardikor ayollarga men niqobsizlarni suratga olayotganimni aytib ishora qildi. Shunda birdan ikki ayol kelib meni ura boshladi. Orqadan yana boshqasi keldi, ular ham Milliy gvardiya xodimlariga qo`shilib, “telefonningni ber”, deya baqira ketishdi.
Atrofda hech kim ayollarni to`xtatishga urinmasdi. Shu vaqtda jurnalist hamkasblarim etib keldi. Biz yo`l chetida edik. Men ular tarafga yugurdim. Ortimdan ayollar va Milliy gvardiya «jamoasi» etib kelib, telefonni so`rardi. Hamkasbim kelib meni ularning changalidan ajratishga urindi. Kimdir sochimni tortar, yana boshqa biri kiyimlarimdan tortib yirtar edi. Kimdir “telefon” deb cho`ntagimga yopishgan, birov yuzlarimni yumdalardi. Umrim davomida hech qachon hayolimga kelmagan, qo`rqinchli va tasavvurga sig`dirib bo`lmas lahzalar.
To`polon orasida yulg`uch ayollardan qaysidir biri telefonimni qo`limdan tortib oldi. Jon saqlash maqsadida ikkinchi hamkasbim mashinasiga qarab yugurdim. U tezroq mashinaga minishimni aytib, menga yaqinlashdi. Mashinaga ham ayollar yugurib ortimdan etib kelishdi men arang eshikni yopishga ulgurdim va hamkasbim tezlatib haydab ketdi.
...NEGA?
Ikkinchi hamkasbim o`sha to`polon ichida qolib ketdi. Qiziq, meni mashinaga ortimdan quvgan ayollarni nega Milliy gvardiya yigitlari to`xtatishga urinmadi, meni kaltaklayotganlarni nega to`xtatmadi?
Men shu ketishda o`z mashinamga chiqib, kiyimlarimni alishtirish uchun uyga ketdim. Chunki, kiyimimda bironta tugmasi qolmagandi bu ahvolda kasalxonaga ham borib bo`lmasdi. Yo`lda hamkasbimni hududiy proflaktika inspektorlari yoniga olib ketishganini eshitdim.
Ichkarida esa Milliy gvardiya va IIB xodimlari bilan qolgan hamkasbimda ajib hangomalar boshlangan ekan.
Hamkasbim va meni kaltaklagan ayollarni Toshkent viloyati, Toshkent tumani, Keles shahri «Iftixor» mahallasi hududiy profilaktika xonasiga olib borishgan. U erda meni qutqargan hamkasbimga qarshi, meni kaltaklagan ayollar ko`rsatma bergan.
Emishki, jurnalist sherigim ayollarni 2 kun avval Yunusobod dahasiga olib borgan va uni massaj qilishlarini «so`ragan» hamda ularni «zo`rlashga uringan». Ko`nmagan ayollar mashinadan tushib qolgan. Bu yuzasidan videosyomka ham bor ekan.
Voqealar rivojlanayotganidan hayronu lol qolgan hamkasbim jurnalistligini aytmasdan, oxiri nima bilan tugashiga qiziqib, jim holda tomoshani kuzatavergan. Voqea qanday yuz berganiga ikki Milliy gvardiya xodimi guvoh bo`lsa-da, ayollarning bu ko`rsatmalariga uchastka nozirlari chippa-chin ishongan. O`zini “G`ayrat” deb tanishtirgan milisiya xodimi jurnalistni obdon so`roq qiladi va shaxsiy telefonlarini tekshiradi. Qo`rqitish, ayblovlarni tan oldirishini istab yoki bu ayollarni zo`rlagani olib borganini so`rab, milisiya xodimlari meni kaltaklagan ayollarning sherigimga nisbatan qo`ygan ayblovlariga ishonib, unga qo`pollik qila boshlashgan. Vaqt o`tishi bilan uning bo`yniga qo`yilajak ayblovlar ko`payavergan.
Hamkasbim yana uzoqroq o`tirsa, 2001 yil AQShdagi teraktlar ayblovini ham uning bo`yniga qo`yib yuborishlari tayin ekanini aytadi. Vaholanki, voqealar qanday sodir bo`lgani, hamkasblarim meni urishayotgan vaqtda etib kelib, qutqarishga uringaniga Milliy gvardiya xodimlari guvoh bo`lgan edi.
Ammo ichkariga kirganda Milliy gvardiya ishorasi bilan meni kaltaklaganlar jabrlanuvchiga aylanib qolgan. Ichkarida hech kim ularni nega meni kaltaklashgani haqida so`roq ham qilmagan, javobgarlikka ham tortmagan. Keyinchalik bu savolimga profilaktika inspektoridan javob ham oldim. Nega meni kaltaklagan ayollarga guvoh bo`la turib ularga nisbatan jazo qo`llamadinglar, deganimda, ular jabrlanuvchi tomonidan ariza tushmaganligini aytishdi.
Demak, ikki Milliy gvardiya xodimi bir ayolni kaltaklab jarohatlaganini ko`rsa-da, buni to`xtatishga urinmadi. Bu erda aybdor men ekanman. Chunki kaltaklanib, o`lib ketishdan qo`rqib, meni davlat xodimi himoya qila olmagani uchun qochib ketganman.
Xullas, mazkur hududdagi profilaktika inspektorlaridan yuqori turuvchi huquqni muhofaza qiluvchi organ mutasaddi rahbarlariga qo`ng`iroq qilib bo`lgan va bor vaziyatni tushuntirganimizdan so`ng zo`rlaganlikda ayblangan hamkasbimni qo`yib yuborishdi. Biroq, yolg`on ko`rsatma beruvchilarga hech qanday chora ko`rilmadi. Birovga «meni zo`rlashga urindi», deya ayb qo`yish nazarimda hazil ish emas.
Ertasi kuni (23.04.2021 sanasida) men Keles ko`prigi yaqinidagi «Farovon» mahallasi uchastka noziriga Milliy gvardiya xodimlari ustidan ariza berish uchun bordim. Voqealarni oqizmay-tomizmay, boricha tushuntirdim. Ular kecha mening hamkasbimni indamay qo`yib yuborishgani uchun bugun men ham indamay ketishimni so`rashdi.
Qiziq, nima ular hamkasbimni qo`yib yubormasliklari kerakmidi? Zo`rlaganlikda ayblab qamashlari lozimmidi? Yo`q aybni hamkasbimning bo`yniga qo`yishmagani uchun biz ichki ishlar xodimlariga tashakkur bildirishimiz kerakmidi?
Men kechagi yolg`on ko`rsatma bergan ayollarga nisbatan biror chora ko`rilganmi-yo`qmi, qiziqdim. Hamkasbingizni ular o`zlarini zo`rlaganlarga o`xshatib yuboribdi, deya qutildi.
Shu kuni hamkasbimga zo`rlash aybini qo`yganlar menga «Bizni yashirincha videoga oldi», deya ko`rsatma berishdi. Men o`sha kuni qo`limda bo`lgan telefonni bemalol ekspertiza qilishlari mumkinligini, mutaxassislar o`sha kuni videoga olinmaganini tekshirishlari mumkinligini bildirdim. Ammo, haligacha meni telefonim tekshirilgani yo`q.
O`zbekiston Respublikasi Milliy gvardiya maxsus formasini kiyib yurgan yigitlar meni urganlardan himoya qilmagani, va aksincha, ayollarni meni urishga undagani yuzasidan ariza berish uchun bu erga kelganimni tushuntirdim. Biroq Milliy gvardiya yigitlari ishorasi bilan meni kaltaklagan ayollarga da`voim yo`qligini aytdim. Chunki, u ayollar mardikor bozori qoidalari bilan yashaydi. Ular u erda yana yashab qolishi va ishlashda davom etishi uchun mana shu jirkanch qoidalarga bo`ysunishga majbur. Taqdir ularni shu ko`yga solgan. Ularga nisbatan ariza berishni vijdonim qabul qilmadi.
YaNA NEGA?
Profilaktika inspektori Milliy gvardiya ustidan yozajak arizamni qabul qila olmasligini aytdi. Men huquqim buzilgani va uni tiklashlarini so`rab aynan IIBga murojaat qilishim to`g`riligini tushuntirdim. Inspektor bu ularning tashkiloti zimmasiga kirmasligi haqida va`z o`qiy boshladi. Men undan shu haqda yozma ko`rsatma berishini so`radim. Shundan so`ngini u arizamni qabul qilishini bildirdi.
Mana ariza berilganiga ham 10 kundan oshdi. Hozircha inspektor jinoyat alomatlari yo`qligi ma`muriy jazoga to`g`ri kelishini, ammo ish hamon ko`rilayotganini bildirmoqda. Uning aytishicha, u o`sha kuni guvoh bo`lgan mardikor ayollardan voqealarni surishtirmoqda ekan. Ammo, negadir voqea guvohi va ishtirokchisi bo`lgan hamkasblarimdan ko`rsatma olishgani yo`q.
Eng qizig`i, arizamni ko`rayotgan nozirdan qo`l telefonimga yopishgan Milliy gvardiya yigitlari va rahbarining ismini aytishini so`radim. Ammo, nozir ularni yaxshi tanimasligini o`zim borib qidirib topishimni bildirdi. Demak, inspektor men arizamda da`vo qilayotgan odamlardan ko`rsatma olmagan, ularni so`roq ham qilmagan. Ammo, unda xulosa bor.
IIB xodimlari o`sha kuni telefonimga tashlangan Milliy gvardiya yigitlarini so`roq qilmagan bo`lsa-da, ular meni himoya qilganiga qattiq ishonadi. Mening arizamni ko`rayotgan nozirda negadir meni kaltaklagan mardikor ayollar va Milliy gvardiyaga nisbatan ishonchi kuchli. Bizning hamkasblardan esa ma`lumot olish yo`q.
IIB xodimining aytishicha, meni aynan Milliy gvardiya xodimi qutqarishga uringani uchun ham engil jarohat olgan ekanman. Qiziq, unda nega janjallashgan ikki erkakni soniyalar ichida to`xtata olgan Milliy gvardiya xodimlari meni kaltaklagan ayollarni to`xtatmadi. Ular ayollarni to`xtata olganida, men telefonimni oldirib, qochib ketishga majbur bo`lmasdim-ku?!
Xullas, IIB mutasaddisiga ko`ra, Milliy gvardiyada ayb yo`q. U mendan ariza va tushuntirish xatini olmasidanoq bu xulosaga kelib bo`lgandi. Ya`ni uning yuksak tajribasi voqea tafsilotlarini o`rganmasdanoq uni shunday xulosaga kelishiga turtki bergan, nazarimda.
Men unga Milliy gvardiya xodimlari Prezident qaroriga asosan mening erkinligimni himoya qilishi shartligi, ammo bunday qilmagani, ular xuddi ko`chadagi bezori kabi qo`limdagi telefonga tashlanib, janjalni provokasiya qilgani uchun javobgarlikka tortilishi shartligini aytdim.
Shuningdek, bunday o`z kasbiga nomunosib xodimlarni ishga yollagan rahbar ham javobgarlikka tortilishini so`radim. Hamkasblarim kelmaganida men o`sha joyda qattiqroq jarohat olishim, balki o`lib ketishim ham mumkin edi. Meni qutqargan hamkasbim ham engil jarohatlar olgandi. Ammo, avvaliga men va hamkasbim noqonuniy harakat qilganimiz atrofdagi kameralarga yozilganini ta`kidlagan uchastka nozirlari keyinchalik kameralar ishlamasligini bildirishdi.
Mardikor bozor atrofidagi nafaqat ishchilar, balki kameralar ham uchastka nozirlari va Milliy gvardiya foydasiga ishlashi kishini hayratga soladi. O`ylaymanki, bu holatni Ichki ishlar vazirligi puxta o`rganib chiqar. Voqealar sodir bo`lgan hududdagi kameralarga tushgan yozuvlarni olsa ham kim aslida haqiqatni gapirayotgani ayon bo`ladi. Men videoga olganmanmi yo`qmi, mendan ayollar telefonni so`radimi yoki Milliy gvardiya xodimlarimi, janjal qanday boshlandi. Hamkasblarim qachon etib keldi, barcha-barchasiga oydinlik shu kameralarda. Boshqacha bo`lishi mumkin emas. Kameralar bor, faqat o`sha kungi yozuvlarni ko`rish kerak xolos.
Uchastka nozirlari agar shu voqealar haqida material yozsam, Keles ko`prigidagi 200 nafar mardikor ayollar ishxonam oldiga janjal ko`tarib borishlarini, meni sharmanda qilishlari mumkinligini aytdi. Qiziq, bu o`ziga xos qo`rqituvmi yoki bizda ommaviy mitinglarni Milliy gvardiya va milisiya xodimlari uyushtiradimi?
Ofis derazasidan ko`chaga mo`ralab qo`yaman, milisiya xodimlari va`da qilganidek, ariza va maqolam ortidan o`sha kungi ayollar miting ko`tarib kelmadimikan?
Va yana bir gap. Profilaktika inspektori bizning ustimizdan OAV rahbariyatiga xodimning ustidan xizmat tekshiruvi o`tkazish talabi bilan chiqar ekan. Mayli kutamiz, jurnalistlar xato qilgan bo`lsa, qonun oldida javob bersin. Buning oddiy usuli o`sha. O`sha kungi kameralarni bir tekshirib ko`ring, balki tekshirib ham ko`rib ulgurgandirsiz, o`ylamizki yozuvlarni o`chirib yuborgansizlar...
P/S: Kuni kecha Milliy gvardiya axborot xizmatining saytimizda chiqqan anonsi mazkur tizimga nisbatan yanada shubhalarimizni kuchaytiradi.
“Jurnalist A.Sodiqova tomonidan ushbu markazga ish so`rab borgan fuqarolarni videotasvirga olayotgan vaqtida bir guruh ayollar bundan norozi bo`lib o`zaro janjal chiqqan va Anora Sodiqovaning telefon apparatini qo`lidan tortib olishgan”.
Qaysi ko`rsatma va dalillarga nisbatan jiddiy davlat organi shunday ko`rsatma bermoqda? Asl voqealar, zo`rlash haqidagi tuhmatlar, Milliy gvardiya xodimlarining telefonimga tashlangani haqidagi ko`rsatmalar qani?
“Olingan xabarga asosan etib borgan Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari tomonidan barcha janjal ishtirokchilari tuman IIB ga olib borilgan” Milliy gvardiya qaysi olingan xabarga ko`ra etib boradi? Axir, janjalni uyushtirgan o`zlari-ku.
Poytaxt atrofidagi mardikor bozorlarining geolokasiyasi