Sentyabr oyida oxirgi Amerika askarlari Afg`onistonni tark etgach, Hindiston va Pokiston juda qiyin savollar ostida qoladi.
Prezident Jo Bayden o`tgan oyda Afg`onistondagi AQSh qo`shinlari joriy yilning sentyabr oyiga qadar Afg`onistonni tark etishini e`lon qilgan edi.
«Minglab qo`shinlarni bir mamlakatda va milliardlarga (sarflangan dollar) saqlab qolish har yili menga va rahbarlarimiz uchun mantiqsiz», – deya so`zini izohlagan Bayden. – Men hozir Afg`onistonda Amerika qo`shinlarini boshqarayotgan to`rtinchi Amerika prezidentiman. Ikki respublikachi, ikki demokrat. Men bu mas`uliyatni beshinchisiga yuklamayman».
Xalqaro hamjamiyat ayniqsa, AQSh Pokistonni Afg`onistondagi jangari guruhlarni, shu jumladan afg`on Tolibonini qo`llab-quvvatlashda ayblamoqda, bu Vashingtonning urush harakatlariga ma`lum darajada putur etkazgan.
2018 yilda AQSh Prezidenti Donald Tramp o`z tvitterida Vashington so`nggi 15 yil ichida Pokistonga 33 milliard dollardan ortiq miqdordagi yordamni berganini ta`kidlagan. Ammo Islomobod «buning evaziga biz Afg`onistonda ov qilgan terroristlarga xavfsiz boshpana berdik» deya javob qaytargan. Afg`onistondagi siyosatini bayon qilgan boshqa bir nutqida Tramp Pokistonni alohida ta`kidlab, «AQSh Pokistonning terroristik tashkilotlar uchun xavfsiz joylari to`g`risidagi bayonotiga jim qarab tura olmaydi» dedi.
2018 yilda Tramp Tolibon bilan Afg`onistondagi 18 yillik urushni tugatishga qaratilgan muzokaralarni boshladi. «Doha kelishuvi» deb nomlanuvchi mazkur shartnoma AQSh va Tolibon o`rtasida 2020 yil boshida imzolangan bo`lib, u 14 oy ichida Afg`onistondan xalqaro qo`shinlarni olib chiqish bo`yicha rejasini taklif qildi.
Pokiston Tolibonni AQSh bilan kelishuvni imzolashga majbur qilishda ham muhim rol o`ynadi.
Pokiston Afg`oniston bilan 2670 kilometrlik chegaraga ega. Tog`li chegara mintaqasi azaldan ko`plab jangari guruhlar, jumladan afg`on toliblari uchun xavfsiz boshpana bo`lib kelgan. 1990 yillarning boshlaridan boshlab Pokiston Afg`onistondagi Tolibonni qo`llab, mintaqaviy xavfsizlik manfaatlarini ilgari surishga harakat qildi. Pokiston Tolibon hukumati Kobulda hokimiyat tepasiga kelganda diplomatik munosabatlar o`rnatgan kam sonli davlatlardan biri edi.
2001 yilda AQShning Afg`onistonga bostirib kirishi Tolibonni hokimiyatdan ketishga majbur qilgan bo`lsada, ular hokimiyatga yana qaytish uchun kurashmoqda. Pokiston har doim har qanday xalqaro reaksiyalarga qaramay Tolibonni qo`llab-quvvatlagan.
Pokistonning Afg`onistondagi jangarilarni qo`llab-quvvatlashi tashqi siyosatdagi imijini tushirib yubordi. Pokiston Afg`onistondagi vaziyatning echimi bo`lish o`rniga o`zi ham muammoning bir qismiga aylanib qoldi. Ammo aytish mumkinki, AQSh kuchlarining Afg`onistondan chiqib ketishi Pokistonga Afg`onistonda mintaqaviy hamkorlikni rag`batlantirishda muhim rol o`ynab, xalqaro obro`sini qayta yo`naltirish imkoniyatini beradi.
Uch yil avval tinchlik muzokaralari boshlanganidan beri Pokiston vositachi sifatida rol o`ynab yaxshi obro`ga ega bo`ldi. Biroq, Islomobod tomonidan qilingan ushbu harakat mamlakatning guruhga ta`sir doirasini ham namoyon qilgan. Xabarlarga ko`ra, Pokiston Tolibonga davom etayotgan tinchlik jarayonida moslashuvchanlikni namoyon qilmasa, guruh yaqinda o`z qo`llab-quvvatlashidan mahrum bo`lishi mumkin.
Afg`onistondagi kutilayotgan beqarorlik mamlakat uchun xavfsizlikning kattaroq bosh og`rig`iga aylansa, tinchlik jarayonidagi Pokistonning roli ahamiyatsiz bo`lib qolishi mumkin. Tahlilchilarning ta`kidlashicha, AQSh qo`shinlari olib chiqib ketilishi nafaqat Afg`onistondagi beqarorlikning kuchayishini ta`minlaydi, balki Pokiston uchun ham xavfli bo`lishi mumkin.
– Afg`onistondagi beqarorlikning kuchayishi qochqinlar oqimining, giyohvand moddalar savdosi, transchegaraviy terrorizm xavfi kuchayishiga olib keladi. Pokiston buni istamaydi, – deydi Vashingtondagi Uilson markazining tahlilchisi, diplomat Maykl Kugelman. – Pokiston uchun yana bir muhim tashvish shundaki, Tolibonning ilgarilashi va Afg`onistonni egallashi - Pokistondagi islomiy terrorchilarni, va allaqachon qayta tiklangan Pokiston toliblarini galvanizasiyalashi mumkin. Bu Islomobod uchun juda muammoli ssenariy bo`ladi.
«Pokiston turli jangari guruhlar yashirinishi uchun makon bo`lishini hisobga olganda Afg`onistondagi har qanday fuqarolik urushi (AQSh chiqib ketgandan keyin) Pokiston uchun dahshatli bo`ladi», deydi Kugelmanning fikrlarini qo`llab-quvvatlagan Hasan Abbos
Ayni paytda afg`on kuchlari AQSh kuchlarisiz Tolibonni ushlab tura olmaslikdan xavotirda. Trampning Oq uydagi davrida tayyorlangan maxfiy razvedka agentliklarining tahliliga ko`ra, agar AQSh Afg`onistondagi urushayotgan guruhlar o`rtasida kelishuvini ta`minlamay, tark etsa, ikki-uch yil ichida bu jarayon Tolibon tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
Agar tinchlik jarayoni davom etmasa, Pokiston toliblarni qo`llab-quvvatlash bo`yicha o`n yillik siyosatiga qaytishga majbur bo`ladi. Pokiston iqtisodiy jihatdan qiyinchilikni boshdan kechirishiga va o`z zaminida terrorchilikka qarshi kurashishiga qaramay, Tolibonni qo`llab-quvvatlashni davom ettirishi ajablanarli. Pokistonning Afg`onistondagi asosiy maqsadlaridan biri Afg`oniston Toliboni va «Haqqoniy tarmog`i» kabi jangari guruhlar yordamida Hindistonni ta`sir ko`rsatish edi.
«AQShning chiqib ketishidan so`ng, Afg`onistondagi Islomobodning roli tinchlik jarayoni maqomiga bog`liq bo`ladi. Tinchlik jarayoni hali ham davom etayotgan ekan, Pokiston uni qo`llab-quvvatlash uchun qo`lidan kelganicha harakat qiladi. Chunki tugamaydigan urush Pokistonda istalmagan oqibatlarga olib kelishi mumkin», – dedi Kugelman.
«Agar tinchlik jarayoni barbod bo`lsa, Pokiston va boshqa mintaqaviy ishtirokchilar ishonchli vakillarning vakolatiga qaytadi. Islomobod Hindiston va Eron kabi guruhlar qo`llab-quvvatlagan raqib guruhlarga qarshi ustunlikni ta`minlash uchun Tolibonni qo`llab-quvvatlashga majbur bo`ladi», deya qo`shimcha qildi u.
Ushbu ssenariy Hindistonning Afg`oniston va boshqa joylardagi siyosiy, xavfsizlik va iqtisodiy manfaatlariga bevosita tahdid soladi. Hindiston o`z manfaatlarini himoya qilgan holda Afg`onistondagi siyosatini, xususan toliblar bilan munosabatlarini shakllantirishi kerak. Hindiston azaldan toliblardan uzoqlashib, Kobul hukumatini qo`llab-quvvatlab keladi. Tolibon rejimi qulaganidan keyin muvaqqat hukumat tuzilishiga yo`l ochib bergan 2001 yilgi Bonn konferensiyasidan to hozirgi kungacha Hindiston ketma-ket Afg`oniston hukumatlari bilan hamkorlik qilish siyosatini davom ettirdi. 1990 yillarda Dehli Tolibonga qarshi Shimoliy alyansni qo`llab-quvvatladi va Tolibonning hokimiyatga qaytishiga har qanday shaklda doimiy ravishda qarshi chiqdi.
Ammo AQShning chiqib ketishi – Tolibonning kuchayishini, Kobul bilan muzokaralarda ustunlikni ta`minlaydi.
Afg`onistondagi o`zgaruvchan dinamika shuni ko`rsatadiki, Dehli Tolibon bilan muzokaralar boshlash haqida o`ylashi mumkin. O`tgan yili Afg`onistondagi muzokaralarda nutq so`zlagan Hindiston tashqi ishlar vaziri S.Jayshankar o`z mamlakatining Afg`oniston boshchiligidagi tinchlik jarayonini qo`llab-quvvatlashini yana bir bor ta`kidladi. Ammo Tolibon haqida fikr bildirmadi.
Hindistonning Tolibon bilan aloqasi oxir-oqibat Qo`shma Shtatlar manfaatlariga ham xizmat qilishi mumkin. O`tgan yili AQShning Afg`oniston bo`yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod Hindistonni afg`on Toliboni bilan shug`ullanishga va terrorizm bilan bog`liq xavotirlarini bevosita muhokama qilishga chaqirdi.
Ayni paytda Hindiston Kobuldagi Tolibon hukumatini qo`llab-quvvatlamasligini qat`iyan ta`kidlamoqda.
Hindiston hukumati zo`ravonliklarning kuchayishi va Pokistonparast toliblarning Kobulga qaytish ehtimoli haqida tashvishlanayotgan bo`lsada, mamlakat Tolibonni jalb qilish masalasida hali qaror qabul qilmagan.
«Hindiston hukumati Pokistonning afg`on toliblari bilan yaqin aloqalarini hisobga olgan holda, Amerika qo`shinlarini olib chiqib ketish Afg`onistonning kelajagiga salbiy ta`sir qilishdan xavotirda», - deydi AQSh Harbiy akademiyasi professori Amira Jadun.
Uning so`zlariga ko`ra, Hindiston uchun bu erda ham imkoniyat topiladi. «Pokistonning afg`on Toliboniga ta`siri o`tgan yillar davomida susayganiga dalillar mavjud, chunki afg`on toliblari yangi homiylarni qidirib topdi, qo`llab-quvvatlash manbalarini diversifikasiya qildi va hududiy nazoratni qo`lga kiritdi», dedi Jadun.
«Agar Afg`onistondagi hokimiyatni taqsimlash tartibi muvaffaqiyatli bo`lsa, demak, Hindistonga Afg`oniston bilan siyosiy va diplomatik aloqalarini qayta tiklash imkoniyatini berishi mumkin», deya qo`shimcha qildi Jadun.
Afg`on toliblari Hindiston bilan yaqinlashishining uchta ehtimoliy sababi bor:
Birinchidan, Hindistonning Tolibon bilan aloqasi guruhga katta siyosiy va diplomatik qonuniylikni taqdim etadi.
Ikkinchidan, u xalqaro aloqalarini yanada diversifikasiya qiladi.
Uchinchidan, bu tashkilotning mustaqilligini qo`llab-quvvatlaydi va Pokistonning qo`llab-quvvatlashi yoki talablariga kamroq ishonadi.
«Afg`onistonning eng qudratli nodavlat ishtirokchisi bilan aloqalarni o`rnatish Dehlini Afg`onistondagi manfaatlariga yo`l ochishi mumkin», dedi Hasan Abbos.
Ya`ni Dehli oldida uzoq yo`l bor. Ehtimol, Pokiston hindlarning afg`on toliblari bilan bo`lgan har qanday aloqalariga qarshi chiqishi va putur etkazishi mumkin. Ushbu o`ta beqaror va noaniq vaziyat sabab Afg`onistonda Hindiston va Pokiston to`qnashish ehtimoli katta.
AQSh chiqib ketganidan keyin tinchlik jarayoni barbod bo`lsa, Hindiston Shimoliy alyans kabi toliblarga qarshi bo`linmalarni qo`llab-quvvatlash orqali eski siyosatiga qaytishi kerak», – deydi Kugelman.
«Hindiston Afg`onistonni qayta qurishga katta sarmoya kiritdi va uni bekor qilishga yo`l qo`ymaydi», – dedi Kugelmanning fikrlarini qo`llab-quvvatlagan Hasan Abbos
Demak, ikki taraf hamkorlarini qo`llab-quvvatlash uchun kurash olib boradi. Natijada esa Afg`onistonda Hindiston – Pokiston urushining vujudga kelishiga olib keladi. Bu esa afg`onlar uchun dahshatli bo`ladi.
Umair Jamal, xalqaro siyosatchi
Manba: The Diplomat
Sardor POYoNOV tarjimasi