Dunyoda noyob shifobaxsh hisoblangan Yozyovondagi qumlar yo`qolish arafasida

18.05.2021 15:47

Farg`ona vodiysining Yozyovon tumani atrofida balandligi 10-15 metrlik qumtepalar bo`lib, bu qumlar shifobaxsh hisoblanadi.

Farg`ona vodiysida asosiy tabiiy komplekslarni saqlab qolish bo`yicha WWF/CEPF/Mixael Zukkov Fondi (Germaniya) loyihasi ish boshladi.

Loyiha atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologiya davlat qo`mitasi hamda O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti ko`magida amalga oshirildi. Uning doirasida bir guruh olimlar 26-30 aprel kunlari vodiyga ilk ekspedisiya uyushtirishdi.

Ekspedisiya lageri

Ekspedisiya natijalariga ko`ra olimlarning xavotiri yanada oshdi.

Chunki qachonlardir sahro biotopini namoyon qilgan hududlarda hozir qurbaqalar sayramoqda. Qumloq hududlar botqoq yoki to`qaylarga aylantirilmoqda.

Suv bosgan hududlar

Gap nimada?

Gap shundaki, Farg`ona vodiysining qum va adirlarida hanuzgacha noyob bioxilma-xillikka ega joylar mavjud. Bu erda dunyoning boshqa joylarida uchramaydigan 14ta tor diapazonli endemiklar va boshqa ko`plab noyob turlar mavjud.

Tungi tadqiqotlar

Ular «Yozyovon qumlari» va «Mingbuloq» tabiiy yodgorliklarida qisman muhofaza qilinadi, ammo ko`plab mutaxassislar bu etarli emas deb hisoblashadi. Va yuqorida aytilganidek ekspedisiyadan qaytgach biz ham shu mutaxassislarning xavotirlariga qo`shildik.

Namangan va Farg`ona viloyatidagi rivojlangan erlar qumlarga tutashib ketgan, u erda mollar boqiladi va ko`plab baliqchilik xo`jaliklari yaratilmoqda. Bugun noyob endemiklarga uy bo`lgan bu qumlarda hozir ekskavatorlarni ko`rish, ko`llar orasida aylanish, qurbaqalarning sayrashini eshitish, quruq issiq o`rniga dim namlikni his etish mumkin.

 

Endi nima qilamiz?

Faollar va ekologlar qumloq hududlardagi ko`plab baliq xo`jaliklari tashkil etilayotganidan xavotir bildirib muammo sabablari va ayniqsa echimi ustida bosh qotirmoqda. U erda qo`riqxona tashkil etilishi kerak deb hisoblashmoqda.

O`zbekiston Respublikasining «Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to`g`risida»gi qonunning 28-moddasida Davlat tabiat yodgorliklarining rejimi aniqlashtirilgan. Unga ko`ra «Tabiat davlat yodgorliklari hududida ularning xavfsizligiga tahdid soluvchi har qanday faoliyat taqiqlanadi» deb aniq yozib qo`yilgan. «Yozyovon qumlari» va «Mingbuloq» tabiiy yodgorliklarida xavfsizligiga tahdidlardan uni kim himoya qiladi?

Biz savollarga javob izlashda davom etamiz. Ungacha esa, e`tiboringizga qumlarning hozirgi paytgacha saqlanib qolingan noyob biotopidan fotoreportajni taqdim etamiz.

Qora kalxat

 

Yozyovon qum tepaligi
Noyob cho`l guli turi
Kavkaz chayoni

Matluba Mustaeva,

jurnalist

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар