Mana 75 yildirki, Yaqin Sharqdagi hodisalar yoki mintaqa mojarosi xalqaro hayotning eng muhim mavzusi bo`lib qolyapti.
Eng yirik agentliklar va OAV Isroil-Falastinning echilmagan hududiy va harbiy-siyosiy nizosini yozishdan charchagani yo`q. O`tgan yillar mobaynida dunyoning qudratli davlatlari – AQSh va Sovet Ittifoqi, keyinchalik, AQSh, Rossiya, Evropa Ittifoqi va BMT oraga tushishga urindi hamda turli tinchlik tashabbuslarini ilgari surdi. Ammo bu rejalar har doim yo Isroil yoki Falastin tomonidan rad etib kelindi.
"Yaqin Sharq tinchligi – olam tinchligi" degan ibora bor. Bu bejiz emas. Har doim Yaqin Sharq mintaqasidagi olishuvlar dunyoning boshqa mintaqalarida ham zanjir reaksiyasini keltirib chiqardi. So`nggi to`qnashuvlar Isroilning Sharqiy Quddusdagi Shayx Jarroh mahallasidan 1956 yildan beri yashayotgan falastinlik olti oilani haydash harakati ketidan boshlandi. Falastin Sharqiy Quddusni bo`lajak davlatining poytaxti sifatida ko`radi, biroq Isroil Quddusning bo`linishiga qarshi.
Arab davlatlari ligasining mustaqil siyosat yurita olmasligi tufayli Falastin yakkalanib qolmoqda. Arab davlatlari Al-Aqso masjidida yuzlab falastinlik va Isroil polisiyasi o`rtasidagi to`qnashuvlarga munosabat bildirarkan, Suriya va Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vazirliklari Isroilni adolatsiz agressiyada aybladi. Misr, Qatar va Birlashgan millatlar tashkiloti Ramazon hayitida taranglikka barham berishga harakat qilmoqda va tomonlar bilan muloqot boshlagan. Qo`shma Shtatlar tomonlarni murosaga chaqirdi. Yil boshida Oq uyda ish boshlagan Jo Bayden AQSh xavfsizligiga tahdid deb ko`rilayotgan Eron, Shimoliy Koreya, Xitoy va Rossiyaga urg`u berib, o`zini Yaqin Sharq mojarosidan olib qochishga harakat qildi, biroq endi bu masala bilan ham shug`ullanishga majbur bo`ladi. Ayrim kuzatuvchilar falastinliklarning Sharqiy Quddusdan haydalishini «etnik tozalash» deb atamoqda. Isroil Oliy sudi quyi sudning falastinliklarni Shayx Jarrohdagi uylaridan haydash qarorini to`xtatib qo`ydi.
Isroil G`azo sektorida XAMASga tegishli ob`ektlarni nishonga olmoqda. XAMAS yahudiy kuchlariga qarshi 250 dan oshiq raketa otgan. Isroil tomonda ikki ayol o`lgan. Falastinda esa 28 odam nobud bo`lgan, aynan G`azoda to`qqiz bola jon bergan. Bosh vazir Benyamin Netanyahu XAMASga qarshi harbiy amaliyotlarni kuchaytirishni buyurdi. «XAMAS bunaqa javobni tasavvur ham qilmagan», deydi Netanyahu. Quddus sharqidan arablar ko`chirilishi yuzasidan xavotirlar, shuningdek, Al-Aqso masjidi va boshqa musulmon maskanlar atrofida yahudiy xavfsizlik kuchlari ko`paygani Falastin ahli orasida sarosimani oshirib, XAMAS vaziyatni o`zgartirish uchun shartlar qo`ydi. Tashkilot talab qilganidek, Isroil askarlari joyidan qimirlamagach, ular Quddusning ayrim qismlarini o`qqa tuta boshladi. Isroil barqarorlikni ta`minlash uchun qo`shimcha besh ming qo`shin safarbar etdi. 700 dan ziyod falastinlik bu to`qnashuvlarda jarohatlangani ma`lum. Yuzlab arablar norozilik namoyishlariga chiqqan. Isroil hukumati nazarida XAMAS chegaradan o`tib ketdi. 2014 yildan beri bu ko`lamda janglar kuzatilmagan, deydi Isroil rasmiylari. Ularga ko`ra, javob keskin bo`ladi. XAMAS esa Isroilning jinoyatlari va agressiyasiga qarshi qarab turmasligini eslatib turibdi.
Sharqiy Quddusda Ramazon oyida falastinliklar Isroil polisiyasi va ko`chirilgan yahudiylar bilan deyarli har kech to`qnashdi. Namoyishlar va to`qnashuvlar shiddati turlicha bo`lib, ular din, er va siyosat bilan bog`liq sabablarga ko`ra sodir bo`ldi. Ammo bularning barchasi zamirida ham uch samoviy din, musulmonlar, ham nasroniylar, ham yahudiylar uchun muqaddas joylarga ega Quddus shahri uchun isroilliklar va falastinliklar o`rtasidagi davom etayotgan kurash yotadi. Aprel oyi o`rtasida Ramazon oyi boshlanishi ortidan falastinliklar iftorlikdan keyin Eski shaharning Damashq darvozasida to`siq qo`ygan Isroil polisiyasi bilan deyarli har kech to`qnashdilar. Falastinliklar to`siqlarni yig`ilish erkinligiga qo`yilgan cheklov o`laroq ko`rdilar. Polisiya to`siqlar tartibni saqlash uchun o`rnatilganini aytdi. 10 may kuni Isroil Oliy sudi Damashq darvozasi yaqinida Shayx Jarroh mavzesida yashovchi falastinliklar uyidan ko`chirilib, uylari isroilliklarga o`tkazib berilishi yuzasidan o`z qarorini chiqarishi kutilayotgan edi. Ba`zi isroilliklar bu ko`chaga allaqachon ko`chib kelgan bo`lib, ko`chirilishi mumkin bo`lgan falastinliklar yonida yashamoqda. Sud majlisi yaqinlashar ekan, falastinliklar va so`l qanot isroilliklar ko`proq namoyish uyushtira boshladilar. Ular falastinliklarni majburan ko`chirish davom etsa, asosan falastinliklar yashaydigan mahallaning qolgan yashovchilari ham ko`chirilishi mumkinligi haqida xavotir izhor qildilar. Shayx Jarrohda dindor yahudiylar qadimiy ruhoniy Odil Simonning maqbarasi deb hisoblovchi qabr ham joylashgan bo`lib, u erda yashovchi falastinliklar va maqbarani ziyorat qilgani kelgan dindor yahudiylar o`rtasida tez-tez ziddiyat yuzaga keladi. Avvalroq quyi sud ko`rib chiqilayotgan er parchasi 1948 yilgi urushgacha Sharqiy Quddusdagi yahudiylarga tegishli bo`lgan, deb qaror chiqargan edi. Sud ishiga Isroilda va xalqaro miqyosda katta e`tibor qaratilmoqda. Xalqaro bosimlar ostida Isroil Oliy sudi arablarni ko`chirish borasidagi quyi sud qarorini bekor qildi.
10 mayda Quddus kuni nishonlandi. Quddus kunida har yili yahudiylar Sharqiy Quddusning Isroil tomonidan 1967 yilda bosib olinishini nishonlaydi. Bu safargi bayramda Quddusdagi ziddiyat keskinlashdi. Savol tug`iladi: nega Quddus bu qadar notinch? Buning sababi uchta: siyosat, tarix va din. Quddusning Eski shahar qismi markazida butun dunyo yahudiylari uchun eng muqaddas maskan – Ibodat tepaligi, Ko`z yoshi devori va musulmonlar orasida Haram ash-Sharif nomi bilan tanilgan tepalik joylashgan. Bu erda qadimda yahudiy ibodatxonalari bo`lgan. Hozirgi kunda u erda musulmonlarning ikki muqaddas masjidi – Qubbat us-Sahro masjidi va Islom dinidagi uchinchi muqaddas masjid hisoblanuvchi Al-Aqso masjidi joylashgan. Musulmon olami uchun Quddusdagi Al-Aqso masjidi alohida ahamiyat kasb etadi. Islom ta`limotiga ko`ra, oxirzamon payg`ambari Muhammad sallollohu alayhi vasallam Me`rojga (ya`ni arshi a`loga) Jabroil alayhissalom bilan birga aynan Aqso masjididan ko`tarilgani uchun masjid alohida qadrlanadi. Aqso Makkadagi Masjidul Harom va Madinadagi Masjidul Nabaviydan keyin islom olamida eng muqaddas dargoh sifatida e`tirof etiladi. Islom ummatining birinchi qiblasi (Islomning ilk davrida musulmonlar Quddusi sharifdagi Masjidul Aqso tarafga qarab namoz o`qishardi) deb ataladigan Aqso masjidi uchta dinga makon bo`lgan muqaddas Quddus shahrining ayni damda Isroil nazoratiga o`tib qolgan hududida joylashgan. Shuningdek, nasroniylar ham shaharni Iso payg`ambar voizlik qilgan, o`lgan va qayta tirilgani aytiladigan joy sifatida qadrlaydi. Isroil butun Quddusni o`zining abadiy va bo`linmas poytaxti deb biladi. Falastinliklar esa shaharning sharqiy qismini bo`lajak davlatlari poytaxti bo`lishini xohlaydilar. Isroil Sharqiy Quddusni annekciya qilib olgani xalqaro miqyosda tan olinmagan.
Shu o`rinda arab-isroil mojarosi tarixiga nazar tashlasak. Uning rasmiy boshlanishi 1947 yilga, aniqrog`i, BMT Bosh Assambleyasi tarixiy Falastin erlarini ikki davlatga – arab va yahudiylar davlatiga ajratish, Quddusga xalqaro boshqaruvdagi maqom berilishini ko`zda tutgan qaror qabul qilgan paytga to`g`ri keladi. Biroq chinakam qarama-qarshilik 1930 yillarda boshlandi. Muammoni echishga urinilmadi, deyish noto`g`ri, albatta. O`tgan o`n yilliklar mobaynida muzokaralarning barcha ehtimoliy shakllari sinab ko`rildi, eng ekzotik tashabbuslar ilgari surildi, biroq tinchlik shartnomasi imzolanmadi. 1990 yillarda barqarorlashtirish tamoyillari kelishib olindi: «ikki xalq uchun ikki davlat» va «tinchlik evaziga erlar», qolaversa, Falastinda o`zini o`zi boshqarish organlarini tuzish. So`ngra Isroilning Iordan daryosining g`arbiy sohilida yahudiylar uchun manzilgohlarni qurishga kirishib ketgani tufayli tinchlik jarayoni joyida depsinib qoldi, 2010 yildan muzokaralar deyarli boshi berk ko`chaga kirdi. Falastinliklar bosib olingan hududlarda yahudiylar manzilgohlari qurilishi to`xtatilishini talab qilgan bo`lsa, Isroil dastlabki shartlarsiz muzokaralar boshlashni taklif etdi. Shundan so`ng vaziyat yanada chigallashdi. Falastin-Isroil mojarosini barqarorlashtirishning murakkabligi uning ko`p qirrali ekanligida. Bu shunchaki hududiy bahs emas. Beshta muhim masala echilishi lozim. Bular – chegaralar, Quddus maqomi, Isroil xavfsizligini ta`minlash, qochoqlarning qaytishi, mintaqa uchun hayot-mamot masalasi bo`lgan suv resurslarini taqsimlash muammolaridir. Bu jihatlarning barchasi o`tkir va har ikki tomon uchun og`riqli mavzu. Ushbu punktlardan birortasi bo`yicha tushunmovchilik tinchlik qaror topishini imkonsiz qilib qo`yadi. Mazkur muammoga qaysi tomondan nazar solmang, nizoning natijasi ikkinchi yuz yillikka o`tdiki, davomli bahsdir. U muntazam «shamning piligi»ga o`xshab kuyib, ko`pincha alanga olmoqda. Falastin xalqi juda katta narsani istamayapti, o`z yurtini qaytarib olishni xohlaydi, xolos. BMT qarorlari, xalqaro qonunlarga muvofiq ishg`ol qilingan mamlakat o`zini himoya qilishga, (o`z erini) qaytarib olishga haqli. Shu nuqtai nazardan Falastin 1967 yildagi chegaralar doirasida davlat tashkil etishni orzu qiladi. Ammo Isroil bunga ko`nmaydi.
Xulosa o`rnida aytganda, tinchlik o`rnatilishi haqiqatdan ancha yiroqqa o`xshaydi. Zero, falastinliklar Quddusni va Iordan daryosi G`arbiy sohilining yarim hududini topshirib, o`zlari tomoshabin bo`lib o`tirishini, o`zini himoya qilish huquqiga ega bo`lmagan davlatda yashashga rozilik berishini tasavvur qilish qiyin. O`z poytaxtini Sharqiy Quddusda joylashtirish g`oyasidan voz kechishi ham shubhali. Isroil davlati hozirgi zo`ravonligi bilan Falastinga tom ma`nodagi mustaqillikni tuhfa etishni xohlamasligini namoyish etdi. Shunday bo`lishi turgan gap. Chunki Falastin Osiyo, Afrika va Evropa chorrahasi tutashgan nuqtada joylashgani bilan qulay jo`g`rofiy, strategik ahamiyatga ega. Bu asnoda arab davlatlari quruq bayonotlar berishdan, Falastinni o`z holiga tashlab qo`yishdan or qilmayaptilar.
Abduvali Soibnazarov,
siyosiy sharhlovchi