Endi zo`ravon ota-onalardan bolalari olib qo`yilishi mumkin

31.07.2025 19:57

Endi bolalarga nisbatan zo`ravonlik qilgan ota-onalardan ularning bolalari olib qo`yilishi mumkin. Bu hukumat qarori bilan tasdiqlangan “Bolalarga nisbatan zo`ravonlik holatlarini aniqlash, zo`ravonlik xavfi darajasini baholash, himoya qilish rejasini ishlab chiqish hamda uni amalga oshirish tartibi to`g`risida”gi nizomda belgilangan.

Ushbu nizomga ko`ra, zo`ravonlikdan jabrlangan yoxud o`ziga nisbatan zo`ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bo`lgan bolalar bevosita o`zlari yoxud qonuniy vakillari “Inson” markazlari, ichki ishlar organlari va boshqa mas`ul organlarga murojaat qiladi.
“Inson” markazlari, ichki ishlar organlari ishtirokida bolaning hayotiy vaziyatini 1 kun muddatda o`rganadi.

Bunda “Inson” markazi bolaning hayoti yoki sog`lig`iga tahdid soluvchi omillarni dastlabki baholashdan o`tkazadi hamda xavf darajasini “past” yoki “yuqori” deb topishi mumkin.
Xavf darajasi “yuqori” deb baholanganida, ichki ishlar organi quyidagi choralardan birini ko`radi:

–zo`ravonlik sodir etgan shaxsni ma`muriy yo`l bilan ushlab turish hamda prosessual majburlov choralarini qo`llash;
–bolaga yoxud uning qonuniy vakiliga himoya orderini berish;
–bolani ota-onasidan (ularning biridan) yoxud uni o`z qaramog`iga olgan boshqa shaxslardan olib qo`yish va uning xavfsizligini ta`minlash.

Tahdid soluvchi omillar bartaraf etilgach, “Inson” markazi bolaning hayotiy vaziyatini 14 kalendar kun ichida kompleks baholashdan o`tkazadi.

Kompleks baholash natijalariga ko`ra, 3 ish kuni ichida bolani himoya qilish rejasi ishlab chiqiladi.

Bolalarga nisbatan zo`ravonlik sodir yoki sodir etishga moyil bo`lgan shaxslarga quyidagi ta`sir choralari qo`llanishi mumkin:

–tuzatish dasturidan o`tish;
–bolalarini olib qo`yish;
–ota-onalik huquqini cheklash yoki ota-onalik huquqidan mahrum qilish;
–narkologiya muassasalarida majburiy davolanish;
–majburiy tibbiy yo`sindagi majburlov choralarini tayinlash.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар