Bilamizki, talaba o`qishga kirgach, uning moliyaviy ta`minotchisi ota-onasi bilan birga davlat tomonidan beriladigan stipendiyasi hisoblanadi.
Ko`pchilik talabalar esa poytaxtda ta`lim olish davrida ota-onasiga og`irligi tushmasligini istaydi. Shu maqsadda talabalar o`qish jarayoni bilan birga qo`shimcha ishga kirishga harakat qilishadi. Hech bo`lmasa, kundalik ehtiyojini qoplash uchun ham ishlashiga to`g`ri keladi.
Qayd etish kerakki, ushbu holatlar bosh qomusimizda qonun doirasida belgilab qo`yilgan.
O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2003 yil 22-fevralda 1222-son bilan davlat ro`yxatidan o`tkazilgan “Oliy ta`lim to`g`risida”gi nizomning 50-bandiga muvofiq, kunduzgi ta`lim shaklida tahsil olayotgan talabalar o`qishdan bo`sh vaqtlarida kunning ikkinchi yarmida oliy o`quv yurti va boshqa tashkilotlarda mehnat shartnomasi tuzgan holda ishlashlari mumkin.
Lekin bu ham echim vazifasini bajara olmaydi.
Barcha talaba bunday tartibdagi ish bilan ta`minlanishi mushkul.
Talaba oladigan stipendiya borku, dersiz, ammo, Talaba olayotgan stipendiya ijtimoiy tenglik qilish maqsadida bazaviy miqdorda 400 ming so`m qilib belgilangan. Bu pul bilan esa, ayni paytda, uzog`i yarim oy yashash mumkin. Buning ustiga, talabalar turar joylari ham muammoli vaziyatda bo`lganligi bois ko`pchilik talabalar ijarada turishiga majbur bo`lishadi.
Oliy ta`lim muassasalarida 2001 yil 1 sentyabrdan boshlab, talabalarning reytingiga bog`liq holda stipendiyalarning bazaviy miqdorlari belgilab kelingan edi. Ya`ni, hamma o`qigan bahosiga yarasha stipendiya olardi.
Endi esa..
Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 31 yanvardagi 59-son qarori bilan oliy ta`lim muassasalari talabalariga to`lanadigan stipendiyalar miqdorlarini belgilash, stipendiyalar tayinlash va to`lash tartiblari bo`yicha yangicha yondashuv tasdiqlangan.
Unga ko`ra;
2019/2020 o`quv yilidan oliy ta`lim sohasida joriy qilingan yangi o`zgarishlarga ko`ra, davlat granti asosida tahsil olayotgan talabalarning semestr yakunidagi reyting baholarining umumiy hisobi 3 bahoni tashkil qilsa, ular keyingi semestrda stipendiyadan mahrum etiladi. Byudjet asosida o`qiydigan talabalarning o`zlashtirishi reyting hisobida umumiy ko`rsatkichi 30 foizdan past bo`lsa, keyingi semestrdan stipendiya olishdan mahrum qilinadi.
Bir semestrdagi o`zlashtirish sustligi sabab, ikkinchi semestr davomida stipendiyadan mahrum qilinish qanchalik to`g`ri?
Umuman olganda bir oy stipendiya olmaslikni o`ylab ko`rishning o`zi qo`rqinchli emasmi?
Shuningdek, bu uslub baholash mezonining natijasi pulga borib taqalayotganligi sababli inson omili yanada ortib o`qituvchi va talaba o`rtasidan korrupsiyani rivojlantirishga sabab bo`ladi.
Balki maqsadimiz talabaning bilim olishga undashdir, ammo, buning uchun o`rtaga pulni aralashtirish to`g`rimikin?
Bir semestr olti oy degani, talabaning past baho olishi sabab olti oy davomida stipendiya olmaslik nafaqat talabaning, balki, ota-onasining elkasiga og`ir yuk bo`lib qolmaydimi?
Talaba harakat qilsa nomdor stipendiyalar ham borku dersiz, ammo unning soni chegaralangan. Hammaga ham nasib qilavermaydi.
Agar rostdan ta`limga berilayotgan e`tibor o`z natijasini ko`rsatishini istasak, talabani qo`rqitadigan qarorlar emas, aksincha, rag`batlantirish orqali cho`qqiga chiqishini ta`minlash kerak, nazarimda...
Sardor POYoNOV, UzJOKU talabasi