Saytimizda “Oliy sudga e`tiroz: Nega 30 yildan buyon millatimiz qahramonlarini oqlamayapsiz?” nomli maqola e`lon qilingan edi. Unda olim, tarix fanlari bo`yicha falsafa doktori Bahrom Irzaev bilan qatag`onga uchragan, bosmachi tamg`asini olgan, aslida millatparvar bo`lgan ajdodlarimiz nomlari hali hanuz oqlanmayotgani yuzasidan suhbat uyushtirilgan edi.
Bu holat mustaqillikdan so`ng Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida faqat O`zbekistonda kuzatilayotgani, shu vaqtgacha Qirg`iziston, Qozog`iston kabi davlatlarda turkistonliklar millat qahramoni sifatida tan olinib, ular haqida bir nechta kitoblar, filmlar ishlab chiqarilayotgani qayd etilgan.
Oliy sud mazkur materialga e`tibor qaratdi va munosabat bildirdi:
***
Rost24 axborot-tahliliy saytida e`lon qilingan tarixchi B.Irzaevning intervyusi yuzasidan ma`lumot
O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan reabilitasiya qilinmagan qatag`on qurbonlarining nomlarini oqlash va ularning xotirasini abadiylashtirish borasida zarur chora-tadbirlar belgilab olingan bo`lib, amaliy sa`y-harakatlar tizimli ravishda davom ettirilmoqda.
Ma`lumot o`rnida shuni aytish mumkinki, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 8 oktyabrdagi “Qatag`on qurbonlarining merosini yanada chuqur o`rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi farmoyishi ijrosini ta`minlashga Oliy sud tomonidan alohida e`tibor qaratilmoqda.
Chunonchi, mustabid sovet tuzumi davrida qatag`on qurboni bo`lgan va hozirgi kunga qadar oqlanmagan shaxslarning jinoyat ishlari amaldagi qonunchiligimizga muvofiq o`rganib chiqilayotganligi ma`lum qilinadi.
O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi
Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari
bilan aloqalar boshqarmasi