Har gal xorijdan uchib kelganimda, “Toshkent” xalqaro aeroportining o`ta g`arib, xizmat ko`rsatish darajasi esa juda pastligini qayta-qayta his qilaman. Kuni kecha ham xuddi shunday bo`ldi.
Samolyotdan tushib, pasport nazoratiga o`tarkanman, bir gala yo`lovchilarni qo`yni qo`raga qamagandek, o`rab o`tirishganiga ko`zim tushdi. Surishtirsak, ular Rostovdan qo`ngan hamyurtlarimiz ekan. O`zaro gap so`zlaridan “Kovid-19”ga topshirgan test natijalaridan kamchilik topgan ko`rinadi. Yo`lovchilarni esa buni rad qiladi. Baqir-chaqir...
Pasport nazoratida turnaqator navbat. Bojxonachilar shunday imillab ishlaydiki, odamda ishidan sovib ketgan xodimdek taassurot uyg`otadi. Olti soatdan ko`proq uchgan odamga tik oyoqda navbat kutish qanchalik og`irligini bilsangiz edi... Bir amallab pasport nazoratidan o`tib olganimizdan keyin navbatdagi tomosha boshlandi. Bagajlar ha deganda kelavermasa, deng. Chaqirgan taksimga javob berishga majbur bo`ldim.
Bir soatdan o`tib, bagajni olgan yo`lovchilarning aksariyati bojxona nazoratida qoqildi. Ular orasida o`zim ham bor. Nazoratchilarning iddao qilishicha, bir quti sigareta olib kirmoqchi bo`lganmishman. Umrida sigareta chekmagan odamga bu matohni olib kelishdan ne naf?! Tranzit orqali uchib, xorijning ikkita aeroportida topmagan topilmani o`zbek bojxonachilari kashf etganidan esa qoyil qoldim.
Yukimning avra-astarini chiqarib kovlashdi. Tintuv qilayotgan xodim kompyuterda o`tirgan hamkasbidan nima ko`rganini so`rab, yana tintiydi. Lekin sigareta qutisi tugul, uning donasini ham topolmadi (Yo`q narsani qanday topishi mumkin, axir?). Faqat kiyim-kechaklarimni sochib tashlagani, uyqudan qolgan odamning vaqtini behuda olishgani qoldi. So`ng qilgan ishidan uzr so`rash o`rniga g`o`ddaygancha “ketaverishingiz mumkin” dedi, xolos.
O`ylab qoldim, aeroportimiz o`zgarganini bizning avlod ko`rmasa kerak...
Telegram kanalidan olindi.