Chorak asr Sharof Rashidov qoldirgan zaxira bilan yashamadikmi?

03.12.2020 10:37

E`tibor qilgan bo`lsangiz, yurtimizning olis nuqtalariga, hattoki, tog`lar orasidagi qishloqlargacha asfalt yo`llar borligiga amin bo`lasiz. Ammo bu asfaltlar umrini o`tab, yoshini yashab bo`lgan. 50-60 yillar oldin qilingan asfaltlar necha-necha avlodlarga xizmat qilib bo`lgan.

Yoshligimni, ya`ni 80-yillarni eslayman. Qishlog`imizda bog`cha bo`lar edi. Maktablar talab darajasida bo`lgan. Birgina qishloqning o`zida shifoxonalarning har bir yo`nalishi bo`lgan. Elektr umuman o`chmas edi. Sobiq Sovet davrini maqtamoqchi emasman. Yurtimizning olis nuqtasigacha sharoit va imkoniyatlarni yaratib qo`ygan aynan ana shu imperiya ham demoqchi emasman. Xalq uchun yaratilgan sharoitlarning barchasi birgina shaxs – Sharof Rashidov bilan bog`liq, desak, ayni haqiqatni aytgan bo`lamiz.

15 ta davlatni qamrab olgan imperiyadan xalqi uchun zarur bo`lgan narsalarni talab qilib olish uchun insonda katta yurak va iqtidor, asosiysi, xalq uchun kuyinish hissi bo`lishi kerak. Sharof Rashidovda shularning barchasi bo`lgan ekanki, mustamlaka bo`la turib kerakli sharoitlarni O`zbekiston uchun qilib berdi.

Toshkentdagi metro, “Xalqlar do`stligi” san`at saroyi, sirk binosi, teatrlar, kinoteatrlar, katta-katta shifoxonalar, oliy o`quv yurtlari, zavod va fabrikalar, son-sanoqsiz ko`p qavatli turar joylar kabi xalq uchun zarur bo`lgan ob`ektlarni aytaversa, adog`i yo`q. Bularning barchasi o`sha biz tilga olishni istamaydigan sovet tuzumi davrida qurilgan. Bu albatta, xalq uchun jon kuydirgan Sharof Rashidov xizmatlarining samarasi.

MUSTAQILLIK DAVRIDA NIMALAR QURDIK?

Faqat ko`priklar qurdik. OAV esa keyingi ko`prik qurilgunicha oldingisini maqtashdan to`xtamas edi. Hattoki, bor ko`priklarni buzganlarimiz ham bo`ldi. Mustaqillik maydoni oldidagi birgina baland binoni ham ko`p ko`rdik shekilli, ma`lum bir sabablarga ko`ra bo`yini qisqartirdik.

Birgina Forumlar saroyini qurish evaziga bir asrlik daraxtlarni yo`qotdik. “Milliy” stadionimiz (Bunyodkor) ham chumoliday tinim bilmay ishlaydigan haydovchilarimizning halol pullari evaziga bunyod bo`lgan desak, yolg`on gap bo`lmas. Chkalov, Algoritm, TTZ kabi zavodlar butunlay yo`qlikka yuz burdi. Zavod fabrikalar hududi bo`lgan Angren kabi shaharlar ham batamom tugatildi.

Umuman olganda, qurgan narsalarimizdan ko`ra buzganimiz ko`p bo`lgan ekan. “Yangisini qurmay turib eskisini buzma” degan maqol ham faqat mikrofonlar qarshisida aytiladigan “navbatchi” so`z bo`lib xizmat qilgan.

Sharof Rashidov kelajak avlodining boshiga mana shunday kunlar kelishini bilgan shekilli, barchasini muhayyo qilib ketdi. U barpo etgan imoratlar mustamlaka davrida 30 yil xizmat qilgan bo`lsa, mustaqillik davrida ham shuncha yil xalqning og`ir kunlariga yaradi.

Kelajak avlodni ham o`ylab mustahkam qurilgan binolarimiz hali yana ko`p xizmat qiladi. Ammo tan olishimiz kerakki, butun O`zbekistondagi yo`llar batamom yaroqsiz holga kelgan. Farzandlarimiz o`qiyotgan maktablarda bir zamonlar ota-bobolarimiz ham tahsil olgan. E`tibor bergan bo`lsangiz, o`sha maktablarning 99 foizi Sh.Rashidov davrida qurilgan. Ular qurilgan yillarni surishtirsangiz 60, 70, 80-yillar oralig`idagi davrga borib taqaladi.

Biz mustaqillik davrida ham Sharof Rashidov qoldirib ketgan zaxira bilan yashab keldik. Endi esa, eski imoratlarning asoratlari bilinayapti. Qishloqlarda bog`chalar allaqachon yo`q bo`lib, maktablar xaroba ahvolga kelib qolgan. (Mana, uch yildirki, ularni tuzatishga kirishildi.)

Mustaqillik davrida faqat viloyatlarni bog`lovchi asosiy yo`llar ta`mirlandi. Ammo boshqa umrini o`tab bo`lgan yo`llar ta`mirlanmadi.

Qaerdadir asfalt qilingandir, qaysidir qishloqlarda maktablar qurilgandir. Ammo ular real hayotda emas, virtual hayotda – qog`ozlarda qurilgan. Bu qog`ozlarni o`qish mumkin, ammo unda o`qib bo`lmaydi. Lekin bor haqiqat shuki, Sh.Rashidov qoldirgan zaxiralar tugab, qishloqlarda yashash uchun hech qanday sharoit qolmadi.

Hattoki, elektr simlari tortilgan ustunlarning yog`ochlari ham chirib bo`ldi. Yaqinda Toshkentda simyog`och ag`anab bir homilador ayolning ustiga tushgani ham Sh.Rashidov biz uchun qurib berib ketgan simyog`ochlarning muddati tugab bo`lganidan dalolat.

TURAR-JOYLAR MUAMMOSI

Bir haqiqatni anglab etishimiz kerakki, Sharof Rashidov o`z vaqtida Toshkentda keragidan ortiq ko`p qavatli turar joylarni qurdirgan edi. U vaqti kelib, turar joylar qurilmasligini bilgan ekanki, roppa-rosa 25 yil mustaqil O`zbekistonda ko`p qavatli uylar deyarli qurilmadi.

Natijada ikki xonali uyda ikki ovsin, uch xonali uyda uch ovsin o`nlab nafar farzandlari bilan tiqilib yashashga majbur bo`lishdi. Hattoki, mustaqillik davrida dunyoga kelgan farzandlar ham ulg`ayib turmushga chiqdi, uylandi, ammo uyli-joyli bo`lolmadi. Ro`zg`ordagi janjallarning 90 foizi turar-joylar muammosi oqibatida kelib chiqayotgani ham bor gap.

“Oilaviy ajrimlarni kamaytiramiz”, deb katta-katta majlislar, davra suhbatlari o`tkazishni qoyillatdik. Ammo bu muammoning tub mohiyatiga ko`z yumdik, aniqrog`i, e`tibor qaratishni istamadik.

Bugun esa odamlarning yashash sharoitini yaxshilash uchun ko`plab uy-joylar qurilishiga ruxsat berildi. Barchasini jadal boshlab yubordik. Ammo er ustiga e`tibor berib er ostini butunlay unutib qo`ymadikmi?

Issiq va sovuq suv quvurlari, kanalizasiyalar ham Sh.Rashidov qurib berganicha qolib ketgan. Quvurlarimizning yoshi ham 60 dan oshdi.

E`tibor bergan bo`lsangiz, uyda bir kun suv o`chib qolsa, jo`mrakdan zang suv kela boshlaydi. Bu erostidagi zaxiralar ham chirib bo`lganidan dalolat. Shahrimizning qoq markazida er ostidan suvlarning sizib chiqishi, qaerdadir issiq suvning otilib ketishi kabi muammolar yildan-yilga ko`payib bormoqda.

m_bydqvczNMfnWN5h0mhJSw8mHU0C9V3.jpg

Bu albatta erosti quvurlarini yangilash vaqti keldi, degani. Mashinalar serqatnov bo`lgan katta yo`lning o`rtasini o`yib, trubalar almashtirilishini har kuni har joyda kuzatamiz. Bu biz uchun oddiy holga aylangan. Quvurlarning hali u eri, hali bu erida muammo chiqadi. Ularni butunlay yangilamas ekanmiz, bari bir muammo bo`laveradi. 10-15 yildan keyin Markaziy Osiyoning megapolisiga aylanadigan Toshkentning faqat ustini emas, avvalo tagini yangilash lozim.

Biz chorak asr Sharof Rashidov qoldirib ketgan zaxiralar evaziga shu kungacha etib keldik. Sharof Rashidov nomi mustaqillik boshidagina qayta tiklandi. Hattoki, 1992 yil 75 yillik yubileyi ham nishonlandi. Lekin yana ma`lum muddat Sh.Rashidovning nomini tilga olishga ham botina olmadik.

Boshqa bir shaxs nomiga tasannolar aytaverdik. “Mustaqillik yillarida barcha sohalarda bo`lgani kabi...” so`zlar bilan o`zimizni aldab keldik. Oxir-oqibat... aytaversa gap ko`p.

XOLISONA NIGOH BILAN ORTGA NAZAR SOLSANGIZ...

Mustaqillik yillarida O`zbekiston aholisi 67,1 foizga (2019 yilgi statistika) o`sdi. Ammo ushbu raqamlarga monand ravishda aholi yashashi uchun turar-joylar qurilmadi, aholini ish bilan ta`minlash choralari ko`rilmadi. Aksincha, ishlab chiqarish yildan-yilga kamayib boraverdi.

Xolisona nigoh bilan ortga nazar solsangiz, 

hech qanday ishlab chiqarishsiz davlat nimaning hisobiga kun ko`rgan ekan

, degan savol tug`ilishi tabiiy. Albatta, xorijda ishlab, davlatga pul jo`natayotgan “dangasa” migrasiya hisobiga butun boshli bir davlat yashab keldi. Birgina “Asaka” zavodimiz esa o`z xalqiga mashinalarni ikki, uch barobar qimmatga sotish va xalqning olayotgan maoshidan-da katta bo`lgan jarimalar hisobiga zo`rg`a kun ko`rib kelgan edi.

Ishoning, Sharof Rashidov qoldirgan zaxiralarning muddati tugadi. Nafaqat u qurgan yo`llar, barpo etgan imoratlar, maktablar, hattoki, u tarbiyalagan etuk va halol kadrlar zaxirasi ham tugagan. (Aniqrog`i, tugatildi.)

“Harakatlar strategiyasi”ning asl mohiyati ham 25 yilda yig`ilgan muammolarni 5 yilda bartaraf etishni anglatadi. E`tibor bergan bo`lsangiz, O`zbekistondagi islohotlar aholi uchun ko`p qavatli turar-joylar qurish bilan boshlandi. Bu strategiya aslida chorak asr harakatsizlikda bo`lgan davlatni harakatlanishga zudlik bilan o`rgatish uchun ishlab chiqilgan, desak ayni haqiqatni aytgan bo`lamiz.

7181600.jpg

Endi rahbarlarni shirakayf uyqudan uyg`otib, davlatni boqimandalikdan chiqarish lozim. Buning uchun xalq dardi bilan yashaydigan yana bir Sharof Rashidov kerak edi. Yaratganning 34 million xalq sabr-matonatiga, bardoshiga rahmi keldi nazarimda. Yurtimizda Sharof Rashidov amalga oshirgan xayrli ishlarning muhiti ayni kunlarda ham sezilmoqda.

 

 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
6
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар