Shukrki, yurtimizda ehtiyojmand hech bir fuqaro e`tibordan chetda qolmaydi. Har bir yurtdoshlarimizning qalbida ota-bobolaridan qolgan, azaldan qon-qoniga singib ketgan o`lmas fazilatlari bor. Bu xalq farzandlari birdamlik, bir biriga yordam berishni, ehtiyojmandga ko`mak ko`rsatishni o`zining burchi deb hisoblaydi.
Saytimizda e`lon qilingan "O`rta asrlar sharoitida, olis bir qishloqda yashayotgan ayol hayotidan lavha" videoreportajimiz qahramoni hech kimdan yordam so`rayotgan bo`lmasa-da, ammo yurtdoshlarimizdan bu oilaga beminnat ko`mak qo`lini cho`zish istagida ekani haqida takliflar kelmoqda.
Bizga kelayotgan maktublarda, matonatli, sodda o`zbek ayollarining timsoli sifatida hayotidan nolimay yashayotgan, qanday og`ir sharoit bo`lsa-da, turmushidan rozi ayolga har qancha ko`mak bersak arziydi, deya yozilmoqda.
Ana shunday takliflardan biri talabalar tomonidan telegram manzilimizga keldi:
Assalomu aleykum.
Kechagina youtube kanalingizda Samarqanddagi poyariqlik ayol bilan tayyorlangan reportajni kòrdik. Òzim talabaman. Boshqa dòstlarim bilan birga pul yiģib, ularning farzandlariga kitoblar, òquv qurollari, imkoniyatimiz yetsa ayol uchun tikuv mashinasi olib berish niyyatida edik.Ular bilann boģlanish uchun telefon nòmer va aniq manzilni berish imkoni bormi?
Agar bòlsa berolasizlarni, oz bòlsa-da yordamimiz tegsin ularga...
Bu kabi takliflar ijtimoiy tarmoqlardagi manzillarimizga ko`plab kelmoqda. Plastik karta raqamini, yashash manzilini, aloqa raqamini so`rayotganlar, ahvolidan xabar olish istagidagi saxovatpesha yurtdoshlarimiz shukrki, oz emas ekan. Afsuski, bu oilada ayni paytda plastik karta ham aloqa uchun qo`l telefoni ham yo`q.
Rost24.uz tahririyati jamoasi 16 yildan buyon onasini ko`rish orzusidagi, umrida bir dona bo`lsa-da yangi ko`ylak kiymagan, ammo shu holidan-da rozi, hech nolimay faqat kelajakdan, bolalaridan umid qilayotgan qahramon ayol — Lobar Marqaevani Toshkentga taklif qildi. Jamoamiz unga onasini ko`rsatishda, saxovatpesha insonlar bilan uchratishga imkoniyat yaratib beradi.
P/S: Yurtdoshlarimizning yordam berish taklifi o`rinli, lekin bu o`rinda tuman, viloyat hokimligi, Mahalla va oilaning qo`llab-quvvatlash vazirligi e`tibor qaratsa, bir oilani jamiyatning faol qatlami qatoriga qo`shib yuborilishida xizmat qilgan bo`larmidi. Siz nima deb o`ylaysiz?