Mardikor bozorlarida odam ko`p, ammo davlat qurgan "mardikor bozori" bo`m-bo`sh. NEGA?

13.04.2021 09:44

Farg`onalik Zohira Tojimatova 15 yildan buyon Qo`yliq bozoridagi ko`prik tagida mardikorlik qiladi.

– Yosh vaqtimda onam vafot etgan. Ona mehriga zorman. Dadam ikkinchi guruh nogironi, – dedi Zohira Tojimatova.

– O`zingizga munosib ish deb o`ylaysizmi shu ishni?

– Yo`q. Nima qilaylik endi, o`g`irlik qilmasam nimasi yomon? Halollab bo`lsa ham lo`lining eshagini so`g`arib pulini ol deyishgan.

Zohira oxirgi marta 2018 yilda yangi kuylak sotib olgan ekan.

Tojixon Qoraboeva ham 56 yoshda. U ham mardikorlik qiladi.

– Bir kunda 50-150 ming so`mgacha topaman, dedi Tojixon Qoraboeva. – “Temir daftar”ga kiritilganman. Yordam berib turishadi. Xo`jaynim bilan oramizda gap-so`z o`tib qolgandan keyin ketib qoldi. Hayotimdan nolimayman, tirikchilik o`tib turibdi, kuch-quvvatimiz bor ekan ishlab yuribmiz.

Bugun yoshiga nomunosib ish bilan shug`ullanadigan Tojixon opaning 4 farzandi bo`lib, ikki nafari baxtsiz hodisa tufayli hayotdan ko`z yumgan ekan.

– Bir o`g`limni “elektroset”ga ishga bergandim. “Elektroset”da ishlab yurgandi, bo`lmay qoldi. Unga ham ko`nikib ketdim. Odamzod boshi toshdan yaralgan ekan, chidaymizda, iloji yo`q. Hammasiga ko`nikib yashab yuribmiz. Biz endi kelib ishlab ketganimiz ham etadi. Yoshlar ko`pi ishsiz. Yoshlar ishli bo`lsa, zora yomon yo`llarga yurishmasmidi?...

Bundan bir yil oldi Kunlik ishchilar markazi tashkil topganidan ko`pchilikning xabari bor. Bu erga borganimizda hech kimni uchratmadik. Balki ish qidirib kelganlarning barchasi banddir. Ammo Kunlik ishchilar markazining ko`magi bilan emas.

Biz yuqorida suhbatlashgan, kunlik mardikorlik ish bilan shug`ullanadigan ayollardan nega markazga bormasligining sababini so`radik:

Zohira Tojimatova:

“U erda birov qabul ham qilmaydi, sig`dirishmaydi ham. Bir-ikkitasi borgan ekan, bir bu erga “anaqa” qilamiz, ishlasang-ishlamasang pul berasan deb pul so`rashibdi.”

Tojixon Qoraboeva:

“Men bo`sh paytimda kam kelib ketaman. Yosh bo`lganimda borardim.”

Ma`lumotlarga ko`ra, o`tgan yili 300 ga yaqin, joriy yilning shu davrigacha bor-yo`g`i 70 nafardan ortiq fuqarolar Kunlik ishchilar markaziga ish so`rab kelgan. Hayhotdek markazning kutish zali va oshxonasidan bugun biror kishi foydalanmayotganga o`xshaydi.

– Ish beruvchilar asosan, ko`prikning tagida. Ish beruvchi kirmaydi bu erga, – dedi Yashnobod tumani Kunlik ishchilar markazi direktori Shoxida Nazarova. – Biz ish beruvchini topishimiz kerak. Masalan tadbirkorlar bilan gaplashishimiz kerak. Oddiy odamga ham “uborka”ga ayol kerak, yordamchi kerak. Qanday, oldin fuqarolar bilan gaplashimiz kerakmi? Oldin bazani tashkil qilishimiz kerak.

– Nechi o`ringa mo`ljallangan?

– Buni bilmayman...

– Bilmaysizmi, axir siz rahbarsizku?

– Esimdan chiqib qoldi to`g`risi.

Markaz direktori bu muammoni bartaraf etish uchun yuqori tashkilotlarga takliflarni bildirganini aytadi:

“Qo`l mehnatlari, tadbirkorlar bilan kelishilgan holda qo`l mehnatlari, shu erda bir kichkina ishlab chiqarishmi tashkil qilmoqchimiz, xudo xohlasa. Ayollarga o`tirib mehnat qiladigan ishni maqsad qilayapmiz.”

Bugun bu ikki qavatli markaz binosi bo`sh va samarasiz. Tez kunlarda bu erda yangilik qilsa bo`ladimi? Buni albatta vaqt ko`rsatadi.

Ruxsora G`ofurova,

Sirojiddin Xoshimjonov (video)

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар