Markaziy Osiyo davlatlarida prezident davlat boshqaruvi tizimining asosiy tayanchi hisoblanadi. Mintaqadagi har bir mamlakatda davlat rahbarlari turli davrlarda lavozimga kelgan bo`lsa, ularning aksariyati uzoq yillardan buyon siyosiy sahnada faoliyat yuritib kelmoqda. Rost24.uz Markaziy Osiyodagi eng keksa va eng yosh prezidentlarni tahlil qildi.
Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon 1951 yil 5 oktyabrda Ko`lob viloyatining Dang`ara tumani Dang`ara shaharchasida tug`ilgan. Tojikistonda 32 yildan buyon davlat etakchisi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan Emomali Rahmon shu paytgacha 5 marotaba lavozimga qayta saylangan. Hozir yoshi 73 da va Markaziy Osiyodagi eng keksa prezident hisoblanadi. U 1994 yilda Tojikiston Respublikasi Prezidenti sifatida saylanishidan oldin 1992 yildan 1994 yilgacha Tojikiston Oliy kengashida deputat lavozimida faoliyat yuritgan.
Emomali Rahmonning hokimiyatga kelishi Tojikiston tarixidagi eng og`ir davrlardan biriga – fuqarolik urushi yillariga to`g`ri keladi. U shu murakkab sharoitda siyosiy barqarorlik va davlat yaxlitligini saqlab qolishga harakat qilgan rahbar sifatida tanilgan.
Emomali Rahmonning oilasi serfarzand oilalardan bo`lib, bir o`g`li va etti qizi bor. Uning hayoti va faoliyati haqida o`nlab kitoblar yozilgan. Shuningdek, o`zi ham bir nechta asarlar muallifi hisobladi.
Emomali Rahmon shaxsiyati haqida turlicha qarashlar mavjud. Tanqidchilar uni ko`pincha nepotizmda, ya`ni yuqori lavozimlarga o`z vatandoshi bo`lgan ko`lobliklarni tayinlashda ayblashadi. Shuningdek, mamlakatda dabdabali to`y-marosimlarni cheklashga qaratilgan qonun chiqarilgan bo`lsa-da, prezidentning o`g`li Rustam Emomalining to`yi yoki qizlarining uzatilishi dabdabali tarzda o`tgani borasida keskin e`tirozlar bildirilgan. Undan tashqari, ayrim mustaqil kuzatuvchilarning fikricha, uning hukmronligi davomida Tojikistonda demokratik qadriyatlar sezilarli darajada susaygan.
Shunga qaramay, Emomali Rahmonni ko`pchilik fuqarolar urushi davrida falajlangan Tojikistonni og`ir tanazzuldan olib chiqqan rahbar sifatida e`tirof etadi. Uning boshqaruvi ostida mamlakat asta-sekinlik bilan barqarorlik sari yo`l oldi. Rahmon hayotida ikki marta suiqasdga duch kelgan. Ulardan birida u engil tan jarohati olgan bo`lsa, ikkinchisida zarar ko`rmagan.
Tojikiston mustaqillik yillarida og`ir sinovlardan o`tdi. Fuqarolar urushi oqibatida vayronagarchiliklar yuz berdi, iqtisodiyot butunlay izdan chiqdi. Urushdan keyingi yillarda esa mamlakat turli ekstremistik va jangari guruhlar isyonlariga duch keldi. Tog`li Badaxshon yoki Afg`oniston bilan chegara hududlarida boshlangan beqarorliklar yana bir bor Tojikiston xavfsizligini mo`rtlashtirdi. Biroq, Emomali Rahmon bu tahdidlar qarshisida sovuqqonlik bilan harakat qilgan va mintaqadagi xavfsizlikni saqlashga harakat qilgan rahbar sifatida tan olingan.
Bugungi kunda Emomali Rahmon Markaziy Osiyodagi eng keksa va tajribali prezidentdir.
Markaziy Osiyodagi eng keksa prezidentlar ro`yxatida keyingi o`rinni Qozog`iston prezidenti Qosim-Jomart Toqaev egallaydi.
Qasim-Jomart Kemelevich Toqaev Markaziy Osiyo mamlakatlari rahbarligiga saylangan eng keksa yoshda bo`lgan prezident hisoblanadi. U 66 yoshida Qozog`istonda prezidentligi lavozimiga saylangan. Ayni damda 72 yoshda va Markaziy Osiyodagi Emomali Rahmondan keyingi eng keksa prezidentdir.
Qozog`iston siyosatining yirik namoyandasi va tajribali diplomat 1953 yil 17 may kuni Olma-Ota shahrida tug`ilgan. Uning otasi Kemel Toqaevich Toqaev ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, mashhur yozuvchi va qozoq adabiyotida detektiv janr asoschilaridan biri sifatida tanilgan. Onasi Turar Shabarbaeva esa xorijiy tillar institutida faoliyat yuritgan tajribali pedagog bo`lgan.
Toqaevning siyosiy va diplomatik faoliyatidagi muvaffaqiyatlari uning puxta ta`lim bazasiga borib taqaladi. U 1975 yilda Moskva davlat xalqaro aloqalar institutini tamomlagan. Diplom oldi amaliyotini Xitoydagi sobiq Ittifoq elchixonasida o`tab, 1983–1984 yillarda Pekin lingvistika institutida malaka oshirgan. Keyinchalik, 1992 yilda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Diplomatiya akademiyasini ham muvaffaqiyatli yakunlagan.
Toqaev ish faoliyatini 1975 yilda Tashqi ishlar vazirligida boshlagan. U Singapurdagi sovet elchixonasida, keyinchalik esa Xitoyda turli diplomatik lavozimlarda ishlagan. U erda 1991 yilgacha ikkinchi kotib, birinchi kotib va maslahatchi lavozimlarida faoliyat yuritgan. 1992 yilda Qozog`iston TIV vaziri o`rinbosari, 1993 yilda birinchi o`rinbosar, 1994 yilda esa Tashqi ishlar vaziri etib tayinlangan. 1999 yil oktyabr oyida u mamlakat Bosh vaziri lavozimini egalladi.
Toqaev siyosiy faoliyat davomida xalqaro xavfsizlik masalalarida ham faol bo`lgan. 2003–2007 yillarda yana Tashqi ishlar vaziri lavozimida ishlab, yadroviy qurollarning tarqalishiga qarshi kurashda faol ishtirok etgan.
2019 yil 20 martda Qozog`iston Respublikasining Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboev iste`foga chiqqach, 2019 yil 9 iyun kuni o`tkazilgan navbatdan tashqari prezident saylovida Qasim-Jomart Toqaev 70,76 foiz ovoz bilan g`alaba qozongan va prezident sifatida faoliyat boshlagan.
Shuningdek, manbalarda uning xalqaro aloqalar, xavfsizlik va diplomatiyaga oid 10 dan ortiq kitob muallifi bo`lgani hamda badiiy va tarixiy adabiyotlarga qiziqishi haqida ma`lumotlar keltirilgan. Ayni damda 72 yoshli Qosim-Jomart Toqaev Markaziy Osiyodagi eng yoshi kata prezidentlar ro`yxatida 2-o`rindadir.
Markaziy Osiyodagi eng yosh prezident
Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov Markaziy Osiyodagi eng yosh prezident hisoblanadi. U 1981 yil 22 sentyabrda tug`ilgan bo`lib, 2022 yil 19 mart kuni, 40 yoshida Turkmaniston prezidenti lavozimini egallagan.
Serdar Berdimuhamedov 2022 yil 12 martda bo`lib o`tgan muddatidan oldingi prezidentlik saylovida ishtirok etib, 72,97 foiz ovoz bilan g`alaba qozongan. U sobiq prezident — Gurbanguli Berdimuhamedovning yagona o`g`li bo`lib, siyosiy faoliyatini hukumatdagi turli lavozimlardan boshlagan. Prezidentlikka saylanishidan oldin vazir, viloyat hokimi, parlament deputati va bosh vazir o`rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Hozirda Serdar Berdimuhamedov bir vaqtning o`zida Turkmaniston Milliy Olimpiya qo`mitasi prezidenti bo`lib, shuningdek "Turkman alabaylari" assosiasiyasiga va axalteka otchilik assosiasiyasiga boshchilik qiladi. U 2023 yilda armiya generali unvoniga ega bo`lgan, shuningdek Turkmaniston Qahramoni unvoni bilan ham taqdirlangan.
Shuningdek, u ingliz va rus tillarini biladi va bir nechta ilmiy hamda siyosiy kitoblar muallifi hisoblanadi.
Serdar Berdimuhamedov prezidentlik lavozimiga otasi o`rnini egallab kelgan bo`lsa-da, u hozirda o`zining mustaqil siyosiy faoliyati va tashqi diplomatik faoliyati bilan tanilmoqda.