Din ishlari bo`yicha qo`mita ruxsatnomasini olish xarajati kitoblar narxining yuqori bo`lishiga ta`sir ko`rsatmoqda(mi?)

05.04.2021 18:07

Din ishlari bo`yicha qo`mita tomonidan beriladigan ruxsatnomaning pullik bo`lishi qanchalik to`g`ri?

Aholisining asosiy qismi islom diniga e`tiqod qiladigan O`zbekistonda diniy-tarbiyaviy kitoblarga bo`lgan talabning yuqori bo`lishi tabiiy hol, albatta.

Ammo talabning yuqoriligi mana shu tur kitoblarning narxiga jiddiy ta`sir ko`rsatib, kitoblarning qimmat bo`lishiga sabab bo`lib qolmayaptimi?

Bu turdagi kitoblarning narxlari ehtiyojmand aholini qoniqtiradimi?

Kitoblar narxi bilan bog`liq vaziyatni o`rganish maqsadida poytaxtimizdagi bir nechta kitob do`konlaridagi narx-navo bilan qiziqdik.

O`rganishlarimiz natijasida ikki holat e`tiborimizni tortdi. Shulardan, birinchisi, diniy-tarbiyaviy kitoblar boshqa tur kitoblardan ko`ra qimmatroq ekanligi.

Xususan, sotuvda “Ming bir hadis” kitobi 45 mingdan 65 ming so`mgacha, xuddi shu hajmdagi kitob shaklidagi Tohir Malikning “Shaytanat” asari 35 ming so`m, Abdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon” asari 20 ming so`m. Abu Homid G`azzoliyning “Kimyoi saodat” asari 65 mingdan 75 ming so`mgacha xuddi shu kitob hajmidagi Evril Turonning “Oynur” asari 30 ming so`m, Oybekning “Navoiy” romani 25 ming so`m.

Ikkinchi holat esa, erkin savdodagi diniy-tarbiyaviy kitoblar narxi nashriyotlar qoshidagi do`konlardagi narxlarga qaraganda ancha yuqori.

Xususan, “Hilol” nashriyotining onlayn do`konida Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining “Baxtiyor oila” kitobi 47 ming so`m poytaxtimizdagi “Chorsu” bozori atrofidagi kitob do`konlarida esa aynan shu kitob 95-100 ming so`m, “Oltin silsila – Sahihi Muslim” 4-juz nashriyot do`konida 80 ming so`m savdo do`konlarida esa aynan shu kitob 95 ming so`m, “Ming bir hadis” “Hilol” nashriyotining do`konida 45 ming so`m erkin savdoda esa aynan ushbu kitob 65 ming so`m.

Bir turdagi kitoblar narxlari orasidagi bunday farqlarni ko`plab keltirish mumkin.

Diniy-tarbiyaviy kitoblarning narxi yuqoriligi masalasida kitob do`koni savdogarlarining munosabatlarini o`rgandik. Fikrlar xilma-xil.

Sotuvchilarning qayd etishicha, diniy-tarbiyaviy kitoblarni nashr qilish uchun Din ishlari bo`yicha qo`mita tomonidan beriladigan ruxsatnomani olish xarajati kitoblar narxining yuqori bo`lishiga ta`sir ko`rsatmoqda.

Ba`zi savdogarlar esa narxlarining yuqoriligiga kitob tayyorlanishi uchun sarflanadigan xom-ashyo va diniy tarbiyaviy kitoblar ustida ishlovchilar mehnati oson emasligini sabab qilib ko`rsatmoqda.

Yana bir holatga duch keldikki, kitob savdosi bilan shug`ullanadigan ayrim savdogarlar diniy ta`limning va dinning bebaho ekanligini kitoblar narxiga bog`ladi.

Albatta, dinning qadri bebaho, ammo, aholining diniy savodxonligini oshirishda, ularning diniy jihatdan ilmsiz bo`lib qolishini oldini olishda kitoblar narxini odamlarning daromadiga munosib bo`lishi muhimdir.

Shu o`rinda, diniy-ta`limiy kitoblarning boshqa tur kitoblarga nisbatan qimmatligi, nashriyot va savdo do`konlardagi kitob narxlarida uchrayotgan tafovut yuzasidan “Hilol nashr” nashriyotining marketing bo`limi mutaxassisi Bunyod Po`latovga murojaat qildik.

Mutaxassisning qayd etishicha, asosan diniy-ta`limiy kitoblar nashr etiladigan “Hilol nashr” nashriyotida kitoblarga u darajada qimmat narx qo`yilmaydi. Nashriyot qoshida tashkil etilgan sotuv do`konlarida kitoblarning asl narxlarini bilish mumkin. Kitoblarga savdogarlar tomonidan o`zboshimchalik bilan qo`yilayotgan narxlar, joriy yil boshlaridan kitoblar uchun QQSning oshirilganligi, diniy kitoblar nashr etilishi uchun Din ishlari bo`yicha qo`mita tomonidan beriladigan ruxsatnoma, shuningdek, diniy kitoblarni tayyorlanishida ishlatiladigan mahsulotlar uchun sarflanadigan xarajatlar ushbu turdagi kitoblarning boshqa tur kitoblarga nisbatan qimmat sotilishiga sabab bo`lmoqda. Shuningdek, diniy kitoblar chop etilishi uchun Din ishlari bo`yicha qo`mita tomonidan beriladigan ruxsatnomaning kitob adadiga qo`yilgan cheklovi (kitob chop etishda ruxsatnoma har 5 mingtagacha beriladi. Keyingilari uchun yana ruxsatnoma olish talab etiladi) ham diniy kitoblar narxining qimmatlashishiga sabab bo`lmoqda.

Shu o`rinda savol tug`iladi: Kitob chop etilish jarayonida 5 mingtadan keyin mazmuni o`zgarib ketadimi?

Diniy-tarbiyaviy kitoblarni aholi daromadiga munosib narxda sotilishini yo`lga qo`yish hamda narxlar barqarorligini ta`minlash bo`yicha takliflar bilan qiziqqanimizda, mutaxassis kitob savdosi soliq idoralari tomonidan tartibli nazoratga olinishi kerakligi taklifini bildirdi.

Shuningdek, Din ishlari bo`yicha qo`mita vakilining diniy-tarbiyaviy kitoblarning narxi qimmatligi borasidagi bildirgan munosabatida qo`mita tomonidan bu tur kitoblarga beriladigan ruxsatnoma xarajati kitob narxining sezilarli darajada oshirilishiga sabab bo`lmasligini, narxning yuqoriligiga asosiy sabab savdogarlar tomonidan o`zboshimchalik bilan qo`yilayotgan narxlar ekanligini ma`lum qildi.

Xo`sh, Diniy-tarbiyaviy kitoblar narxini arzonlashtirish va narxlardagi barqarorlikni ta`minlashda qanday choralarini amalga oshirish kerak?

Zuhra MIRZABOEVA

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
2
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
07.04.2021 14:00
Китоб чоп этилиш жараёнида 5 мингтадан кейин мазмуни ўзгариб кетадими?
06.04.2021 17:31
Келиб-келиб шуни уйлаб топтиларингми, рост24? Парвардигор Узи куриб турибди, хамма килайотган ишларингни...
06.04.2021 09:46
Биз билмаган мавзу бўлибди. 1.Ислом дининг таълимоти инсонларни жамиятдаги ўз ўрнини тўғри белгилашга хизмат қилади. 2. Оилани мустаҳкам бўлишини, эркак ўз маъсулятини қандай бўлишини бу Дин кўрсатиб қшйган. 3. Тижорат ишларида тўғрилик, инсофлилик бу Дин таълимотида атрофлича кшрсатилган. 4.Парохўрлик энг оғир Аллоҳ кечира олмайдиган иш эканлиги, ҳадисларда кўрсатилган. 5.Ота Она, фарзандлар ҳаққи бу Дин таълимотида, кўрсатиб ўтилган. 6.Қўни қўшничилик, етимлар ҳаққи ҳадисларда айтиб, йўл кўрсатилган. ХУЛОСА: А) Китобларга рухсат бериш учун олинаётган ПУЛлар, китобларни қимматлашувига, Диний китобларни, ахоли ўртасида кенг ёйилишига тўсқинлик қилади. Б) Диний саводсизоик, ахоли ўртасида, дин таъоимотини нотўғри талқин қилинигига, айрим чала мўллаларни пайдо бўлишига олиб келади. В.Вазироар Маҳкамасидаги Диний қўмита, асосан ДХХ, ИИВ ходимларидан таркиб топган ва уларни иш мазмунини нимадан иборат эканлигини таъсавур қилинг. Мана шунақа фикирлар. Соғ бўлинглар.