Toshkentda 29 soat suvsiz qoladigan hududlar – xizmat ko`rsatish standarti muammosi

16.09.2026 16:00

Toshkentda 16 sentyabr soat 09:00 dan 17 sentyabr soat 14:00 gacha bir qator tumanlar va ijtimoiy ob`ektlarda ichimlik suvi ta`minoti to`xtatilishi haqida xabar tarqaldi. Ko`rsatilgan vaqt oralig`i 29 soatni tashkil etadi. Ajoyib. Va bu ahyonda yuz beradigan «anomal» holat emas.

Xo`sh, suv ta`minoti vaqtincha to`xtaganida aholiga xizmatning o`rnini bosadigan mexanizm ishlaydimi?
Berilgan ro`yxatda oddiy turar-joy mahallalari bilan birga kasalxonalar, tug`uruq majmualari, poliklinikalar, aeroport, maktabgacha va ta`lim muassasalari, milisiya va favqulodda vaziyatlar xizmatlari kabi ob`ektlar ham bor.
 
Rasmiy tushuntirish kontekstida bu kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasidagi rejali profilaktika-ta`mirlash ishlarining bir qismi. Shu kabi ishlar Toshkentda avval ham o`tkazilgan: masalan, 2026 yil 14 sentyabrdan 22 oktyabrgacha shaharning turli hududlarida suv tarmoqlarida rejali profilaktika-ta`mirlash ishlari olib borilishi ma`lum qilingan.
 
Suv ichishdan tashqari ovqat tayyorlash; qo`l yuvish; hojatxona va kanalizasiya tizimi; tibbiy sanitariya; binolarni tozalash; bemorlar parvarishi; epidemiologik xavflarni cheklash uchun zarur.
 
BMTning Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar qo`mitasi suvni inson hayoti va sog`lig`i uchun fundamental resurs sifatida baholaydi. Uning talqiniga ko`ra, inson suvga etarli, xavfsiz, maqbul, jismonan etib borish mumkin bo`lgan va hamyonbop tarzda ega bo`lishi kerak. Suv ta`minoti «uzluksiz» bo`lishi shaxsiy va maishiy ehtiyojlar nuqtai nazaridan muhim mezon hisoblanadi.

Ha, bu har qanday rejali ta`mirlash paytida suvni bir daqiqa ham o`chirish mumkin emas, degani emas. Infratuzilmani ta`mirlash zarur. Ammo, rejali uzilishni xizmat ko`rsatuvchi tashkilot qanday boshqaradi va shu vaqtda aholi o`zining eng zarur ehtiyojlari uchun suvni qaerdan oladi?
 
Jahon amaliyotida suv tarmog`ida avariya yoki rejali uzilish mutlaqo g`ayrioddiy holat emas. Muhimi, uzilishning o`zi emas, uni boshqarish standartida.
Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti suv ta`minoti favqulodda buzilganda aholiga muqobil suv etkazib berishni alohida ko`rsatadi. Bunday holatlarda avtosisternalar, ko`chma suv rezervuarlari, vaqtinchalik tarqatish nuqtalari va boshqa muqobil ta`minot usullaridan foydalanish mumkin.

WHOning Evropa mintaqasi uchun tayyorlangan chek-listlarida ham muhim savol bor: odatdagi suv manbasi butunlay ishdan chiqsa, jamoa miqyosida muqobil ta`minot mavjudmi?
Unda muqobil suv manbalari oldindan aniqlanganmi; suvni tozalash vositalari tayyor holatdami; tasdiqlangan suv tashuvchi mashinalar bormi; vaqtinchalik suv tarqatish punktlari tashkil etish rejasi mavjudmi degan masalalar tekshiriladi.
 
Ya`ni, xalqaro yondashuvda «Suvni o`chirdik, aholi o`zini o`zi eplasin» degan model asosiy standart emas.
 
Masalan, yuqumli kasalliklar shifoxonasida suv ta`minoti to`xtasa, kanalizasiya va sanitariya jarayonlari qanday davom etadi?
Tug`uruqxonada chaqaloqlar, onalar va tibbiy personal uchun suv zaxirasi qancha?
Shifoxonada operasiya, sterilizasiya, laboratoriya va sanitariya jarayonlari qanday tashkil qilinadi?
Suv ta`minoti tiklangandan keyin tarmoqdagi suv sifati qanday nazorat qilinadi?
 
Ro`yxatda Toshkent xalqaro aeroporti ham bor.
Aeroportda suv sanitariya uzellari, ovqatlanish ob`ektlari, tozalash, xodimlar gigienasi va ayrim texnologik jarayonlar uchun kerak.

Shuning uchun aeroport kabi ob`ektlar uchun oddiy aholi bilan bir xil ssenariy qo`llash emas, alohida uzluksizlik rejasi bo`lishi mantiqan zarur.
 
Aytish lozimki, xabarda «nima qilish kerak?» degan qism etishmayapti. Berilgan xabarda qaerda, qachon suv bo`lmaydi degan savolga javob bor xolos. Ammo, qaerdan suv olish mumkin?
Suv tashuvchi mashinalar qaerda turadi?
Ular qaysi vaqtda ishlaydi?
Suv bepulmi?
Keksa va nogiron aholiga suv qanday etkaziladi?
Kasalxonalar uchun alohida rezerv manbasi bormi?
Ishlar belgilangan muddatdan uzaysa, aholiga qanday xabar beriladi?
Suv qayta berilgach, uni darhol ichish mumkinmi yoki tarmoqni yuvish/dezinfeksiya qilish talab etiladimi?
Nega bu kabi ma`lumotlar xabarda ko`rsatilmagan?
 
29 soatlik uzilishni normal xizmat sifati deb qabul qilish uchun uning ortida jiddiy kompensasion mexanizmlar bo`lishi kerak.
Xalqaro huquqiy va sog`liqni saqlash yondashuvlarida suvga erishish faqat «quvurdan suv kelyaptimi-yo`qmi» bilan o`lchanmaydi. Etarlilik, xavfsizlik va jismoniy etib borish imkoniyati ham muhim.
Xabar faqat «suv bo`lmaydi» degan ogohlantirishdan iborat bo`lib, muqobil ta`minot mexanizmi tushuntirilmagan ekan, demak tizim risoladagidek ishlamayapti. Ayniqsa, ro`yxatda tibbiyot muassasalari borligi bu erda shaharning kritik infratuzilmasini boshqarish sifatini alohida muhokama qilishni talab qiladi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар