Endi tibbiyot va farmasevtika sohasiga o`qishga kirish qiyinlashadi

16.09.2026 14:03

O`zbekistonda tibbiyot va farmasevtika sohasi uchun kadrlar tayyorlash tizimida qator o`zgarishlar joriy etiladi. Xususan, tibbiyot yo`nalishlariga qabul qilish va talabalarning o`qish jarayonidagi o`zlashtirish ko`rsatkichlariga nisbatan minimal talablar oshiriladi. Bu “Tibbiyot va farmasevtika sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmonda belgilangan.

Tibbiyotga kirishda minimal ball oshiriladi

2027–2028 o`quv yilidan boshlab tibbiyot va farmasevtika oliy ta`lim muassasalarining bakalavriat yo`nalishlariga, jumladan, maqsadli qabul doirasida ham talabalikka qabul qilishning minimal chegarasi belgilanadi.

Unga ko`ra, abiturient kirish imtihonida to`plashi mumkin bo`lgan maksimal ballning kamida 60 foizini olishi kerak bo`ladi.

2026–2027 o`quv yilidan e`tiboran esa bakalavriat, magistratura va rezidentura dasturlarida har bir o`quv modulini o`zlashtirish hamda davlat imtihonlaridan o`tish uchun minimal ball belgilanadi.

Shifokor mutaxassisliklari uchun bu ko`rsatkich eng yuqori ballning 70 foizini, o`rta tibbiyot xodimi mutaxassisliklari uchun esa 60 foizini tashkil etadi.

Shuningdek, joriy o`quv yilidan boshlab qisqa muddatli qayta tayyorlash kurslari orqali tor soha mutaxassisliklari bo`yicha qo`shimcha ixtisoslashtirish va birlamchi maqsadli ixtisoslashtirish kurslariga qabul qilish amaliyoti to`xtatiladi.

“5+1” tizimi joriy etiladi

Davolash ishi bakalavriat yo`nalishi negizida “5+1” shaklidagi olti yillik umumiy tibbiyot bakalavriat ta`lim yo`nalishi tashkil etiladi.

Bunda talabalar besh yillik nazariy va amaliy ta`limdan so`ng bitiruvchi kursda bir yil davomida to`liq amaliyot o`taydi.

Umumiy tibbiyot bakalavriat ta`lim yo`nalishini tamomlaganlarga umumiy amaliyot shifokori kvalifikasiyasi beriladi. Ular belgilangan tartibda oilaviy shifokor lavozimida faoliyat yuritishi mumkin bo`ladi.

Shu bilan birga, tibbiyot sohasidagi barcha bakalavriat ta`lim yo`nalishlarida bitiruvchi kurs talabalari uchun to`liq o`quv yili davomida amaliyot o`tash tizimi joriy etiladi.

Stomatologiya yo`nalishida talabalarning amaliy ko`nikmalarini oshirish maqsadida tibbiyot oliy ta`lim muassasalariga stomatologiya poliklinikalari biriktirib beriladi.

Yangi tibbiy yo`nalishlar paydo bo`ladi

O`zbekistonda oliy tibbiy hamrohlik ishi bakalavriat ta`lim yo`nalishi joriy etiladi.

2027–2028 o`quv yilidan boshlab hamshiralik ishi kasbiy ta`lim mutaxassisligi negizida tibbiy hamrohlik ishi mutaxassisligi tashkil etiladi.

Ushbu yo`nalishlarni tamomlagan bitiruvchilarga ta`lim darajasiga qarab xotin-qizlarga “hamshira”, erkaklarga esa “tibbiyot og`asi” kvalifikasiyasi beriladi.

Oliy tibbiy hamrohlik ishi bakalavriat ta`lim yo`nalishi bo`yicha davlat buyurtmasi asosidagi qabul parametrlari 2030–2031 o`quv yiliga qadar har yili kamida 20 foizga oshirib boriladi.

Tibbiyotga davlat buyurtmasi ehtiyojdan kelib chiqib belgilanadi

2027–2028 o`quv yilidan boshlab bakalavriat ta`lim yo`nalishlari bo`yicha tibbiyot ta`limiga ajratiladigan davlat buyurtmasi parametrlari Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

Aholi salomatligini tahlil qilish ilmiy-tadqiqot markazi kadrlarga bo`lgan joriy va istiqbolli ehtiyojni o`rganuvchi asosiy ishchi organ etib belgilanadi.

Qabul ko`rsatkichlari hududlar, tibbiyot tashkilotlarining ehtiyojlari hamda muayyan mutaxassisliklar bo`yicha kadrlarga bo`lgan talabdan kelib chiqib shakllantiriladi.

Tor soha mutaxassislari rezidentura orqali tayyorlanadi

Tor soha mutaxassislarini tayyorlashda klinik ordinatura negizida xalqaro standartlarga muvofiq davomiyligi tabaqalashtirilgan rezidentura dasturlari bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Rezidenturada tor soha mutaxassislarini tayyorlash davlat tibbiyot ta`lim tashkilotlari va muassasalarida davlat granti asosida amalga oshiriladi.

2026–2027 o`quv yilidan oilaviy tibbiyot yo`nalishi bo`yicha rezidentura tashkil etiladi. Ushbu dasturni tamomlaganlarga oilaviy shifokor mutaxassisligi beriladi.

2027–2028 o`quv yilidan tor soha mutaxassislarini tayyorlash to`liq rezidentura orqali amalga oshiriladi va klinik ordinaturaga qabul to`xtatiladi.

Magistraturaga umumiy davlat buyurtmasi asosida qabul parametrlarini qisqartirish natijasida bo`shaydigan mablag`lar rezidenturani moliyalashtirishga yo`naltiriladi.

Davlat granti asosida rezidenturaga qabul qilingan talabalarga davlat byudjeti hisobidan mehnatga haq to`lashning eng kam miqdoriga nisbatan 2,15 koeffisient miqdorida stipendiya to`lanadi.

Rezidentura dasturini muvaffaqiyatli tamomlaganlarga xalqaro standart tasniflagichi hamda Milliy malakalar ramkasining 7-darajasiga mos keluvchi davlat namunasidagi diplom beriladi.

Magistraturada ham o`zgarishlar bo`ladi

2027–2028 o`quv yilidan boshlab tor soha mutaxassisliklari bo`yicha birlamchi va qo`shimcha ixtisoslashtirish faqat rezidentura orqali amalga oshiriladi.

Shu munosabat bilan tibbiyot sohasida magistratura dasturi orqali tor soha mutaxassislarini tayyorlash amaliyoti bekor qilinadi. Magistratura dasturlari asosan ilmiy-pedagogik va boshqaruv kadrlarini tayyorlashga yo`naltiriladi.

Biroq magistratura o`rinlarining 20 foizgacha bo`lgan qismi amaldagi yo`nalishlar uchun saqlab qolinadi.

Shuningdek, magistratura dasturlariga oliy ma`lumotga ega, ammo turdosh sohalarda ta`lim olgan nomutaxassislarni ham qabul qilishga ruxsat beriladi.

Oilaviy tibbiyot yo`nalishidagi rezidentura talabalari Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan tibbiyot oliygohlariga biriktiriladigan oilaviy poliklinikalarda tayyorlanadi. Bunda aholiga tibbiy xizmatlar OTM professor-o`qituvchilari va rezidentlar tomonidan birgalikda ko`rsatiladi. Ya`ni rezidentlar bir vaqtning o`zida ta`lim olib, amaliyot ham o`taydi.

Nodavlat tibbiyot va ta`lim tashkilotlariga esa tor soha mutaxassislariga bo`lgan ehtiyojdan kelib chiqib, o`z mablag`lari hisobidan rezidentura dasturlarini tashkil etishga ruxsat beriladi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар