Qolaversa, avval shartnoma tuzilib, keyin xarid e`lon qilingan
Yoshlar ishlari agentligi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi 25 may kuni Olimpiya shaharchasida o`tkazilgan «Bitiruvchi-2026» tadbiriga 2 mlrd 164 mln 748 ming so`mlik uskunalar ijaraga olgan.
Qizig`i shundaki, mazkur xaridda nafaqat mablag`ning o`zi, balki xarid jarayonidagi sanalar ketma-ketligi savol uyg`otadi.
Avval shartnoma tuzilgan, keyin esa xarid jarayoni e`lon qilingan
Hujjatlardagi ma`lumotlarga ko`ra, shartnoma 2026 yil 20 may kuni «BAYRAM NAVO» MChJ bilan tuzilgan. Shartnomaning o`zida buyurtmachi sifatida Yoshlar ishlari agentligining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi, ijrochi sifatida esa «BAYRAM NAVO» MChJ ko`rsatilgan. Shartnoma qiymati 2 mlrd 164 mln 748 ming so`m deb belgilangan.
Shartnoma predmeti esa 25 may kuni Olimpiya shaharchasi markaziy maydonida o`tkazilgan «Bitiruvchi-2026» tantanali konsertiga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish xizmatlaridan iborat.
Bu erda yana bir jihat bor: shartnoma tadbirdan besh kun oldin — 20 mayda tuzilgan. Biroq davlat xaridlari elektron tizimida mazkur xarid bo`yicha «taklif so`rovi»ga oid e`lon 21 may kuni joylashtirilgan. Ya`ni hujjatlarda ko`rinayotgan xronologiya shunday: avval shartnoma tuzilgan, keyin esa xarid jarayoni e`lon qilingan.
Bu oddiy texnik tafsilot emas. Chunki xarid jarayonining mantig`i bo`yicha takliflar ko`rib chiqilishi, g`olib aniqlanishi va shundan keyin shartnoma rasmiylashtirilishi kerak. Bu holatda esa hujjatlar ketma-ketligi aksincha ko`rinish olgan.
Yana bir savolni xarid natijalari bo`yicha «Bayonnoma» paydo bo`lgan sana tug`diradi. Hujjatda bayonnoma 1 iyun kuni tasdiqlangani ko`rsatilgan.
Demak, hujjatlardagi sanalarni bir qatorga tizsak:
20 may — shartnoma tuzilgan.
21 may — davlat xaridlari portalida taklif so`rovi e`lon qilingan.
25 may — tadbir o`tkazilgan.
1 iyun — xarid natijalari bo`yicha bayonnoma tasdiqlangan.
2,1 milliard so`mga nimalar ijaraga olingan?
Hujjatlarga ko`ra, 2 mlrd 164 mln 748 ming so`m olti turdagi xizmat va uskunalar ijarasiga sarflangan.
Jumladan:
🔴ovoz kuchaytiruvchi uskunalar — 461 mln 440 ming so`m;
🔴 markaziy ekran va sahna maydoni uchun dekorasiyalar — 352 mln 184 ming so`m;
🔴tasdiqlangan eskizlar bo`yicha 962 kv. metr sahna podiumlari — 288 mln 600 ming so`m;
🔴 480 kv. metr alyuminiy ferma konstruksiyalari — 145 mln 956 ming so`m;
🔴 chiroq texnikalari, maxsus effektlar, uchqun va tutunlar bilan birga — 832 mln 768 ming so`m;
🔴40 dona biotualet — 83 mln 800 ming so`m.
Eng katta summa — 832 mln 768 ming so`m yoritish uskunalari ijarasiga to`g`ri kelgan. Uning tarkibida chiroq texnikalari, maxsus effektlar, uchqun va tutunlar ham ko`rsatilgan.
Yana bir e`tiborli raqam — 40 ta biotualet uchun 83,8 mln so`m, ya`ni bir donasi uchun 2 mln 95 ming so`mdan ijara haqi belgilangan.
Tadbirlarni tashkil etish bilan muntazam shug`ullanadigan davlat tashkiloti uchun ovoz, yoritish, sahna konstruksiyalarining bir qismini sotib olish keyingi tadbirlarda ham ulardan qayta foydalanish imkonini bergan bo`lar edi. Nega shunday qilinmadi?
«Taklif so`rovi»da esa bitta ishtirokchi
Hujjatlardagi yana bir qiziq holat xaridda faqat bitta ishtirokchi qatnashgani ko`rsatilgan. Ya`ni 2 mlrd 164 mln 748 ming so`mlik xarid bo`yicha taklif so`rovida «BAYRAM NAVO» MChJ yagona ishtirokchi sifatida qayd etilgan.
Buning o`zi qonunbuzilish degani emas. Agar qonunchilikda belgilangan shartlar bajarilgan bo`lsa, bitta ishtirokchi bilan ham xarid yakunlanishi mumkin. Lekin davlat mablag`i miqdori katta bo`lgan xaridda raqobat darajasi past bo`lgani, tabiiyki, jamoatchilik uchun qiziq savol tug`diradi: boshqa kompaniyalar nega ishtirok etmagan?
Ayniqsa, bu savol xarid e`loni tadbirdan bir necha kun oldin, shartnoma esa e`londan avval tuzilgani ko`rinayotgan vaziyatda yanada muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, hujjatlarda yana bir raqamiy tafovut ham ko`zga tashlanadi: taklif so`rovi natijalari aks etgan jadvalda «BAYRAM NAVO» MChJ taklifi 2 mlrd 164 mln 686 ming 800 so`m sifatida ko`rsatilgan, shartnoma va xarajatlar spesifikasiyasida esa umumiy summa 2 mlrd 164 mln 748 ming so`m deb qayd etilgan. Farq 61 ming 200 so`mni tashkil etadi. Bu ham texnik xatomi yoki boshqa asosga ega raqammi?