«Biznesni rivojlantirish banki» aksiyadorlik tijorat banki dunyo moliya sohasidagi eng nufuzli xalqaro tanlovlardan biri — Euromoney Awards for Excellence 2026 mukofotining «Markaziy Osiyodagi eng yaxshi bank transformasiyasi – 2026» (Central Asia's Best Bank Transformation 2026) nominasiyasi g`olibi bo`ldi.
Mazkur xalqaro e`tirof bank tomonidan amalga oshirilgan keng ko`lamli transformasiya dasturining natijasi sifatida baholanmoqda. Xususan, bank davlat moliya institutidan zamonaviy universal tijorat bankiga aylanib, tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash, kichik va o`rta biznesni moliyalashtirish, raqamli xizmatlarni kengaytirish hamda korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish yo`nalishlarida salmoqli natijalarga erishgan.
Euromoney ekspertlari qayd etishicha, rebrending va biznes modelining yangilanishi natijasida bank zamonaviy moliyaviy institut sifatida shakllanib, tadbirkorlar va aholi uchun keng qamrovli bank xizmatlarini taqdim etayotgan universal bankka aylangan.
Transformasiyaning muhim bosqichlaridan biri sifatida Biznes 24/7 raqamli platformasi ishga tushirildi. Ushbu platforma orqali mijozlar masofadan turib hisobvaraqlarni boshqarish, bank xizmatlari va moliyaviy mahsulotlardan tezkor hamda qulay foydalanish imkoniyatiga ega bo`ldi.
Bank Boshqaruvi raisi Saxi Annaklichevning ta`kidlashicha, ushbu mukofot bankda amalga oshirilayotgan islohotlarning xalqaro darajada e`tirof etilganini va tanlangan taraqqiyot strategiyasi to`g`ri ekanini tasdiqlaydi.
Shuningdek, bankda korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish, inson kapitali salohiyatini oshirish, risklarni boshqarishning zamonaviy yondashuvlarini joriy etish hamda innovasiyalarga asoslangan korporativ madaniyatni rivojlantirishga ham alohida e`tibor qaratilgan.
Ma`lumot uchun, Euromoney Awards for Excellence mukofoti 1992 yildan buyon Buyuk Britaniyadagi Euromoney jurnali tomonidan har yili o`tkaziladi. Unda strategiya, innovasiyalar, korporativ boshqaruv, barqaror rivojlanish va institusional transformasiya sohalarida yuqori natijalarga erishgan moliya institutlari xalqaro ekspertlar tomonidan taqdirlanadi.