Parkovka qirolining manfaatlarini kim himoya qilmoqda?

16.07.2026 20:42

Toshkentda pulli yo`l bo`yi parkovkalari atrofidagi bahslar yangi bosqichga chiqdi. Davlat xususiy kompaniya manfaatini himoya qilish uchun ma`muriy jazo mexanizmlarini ishga solishi mumkinmi?
Toshkent shahar hokimligi muhokamaga qo`ygan loyihada pulli avtomobil to`xtash joylari uchun haq to`lamagan haydovchilarga 2 BHM miqdorida ma`muriy jarima joriy etish taklif qilingan. Qiziq, hokimlik qonunchilik tashabbusi bilan chiqishi qanchalik mantiqli?
 
O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga ko`ra, qonunchilik tashabbusi huquqi qat`iy belgilangan sub`ektlarga tegishli. Ular qatoriga Prezident, Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat, Vazirlar Mahkamasi, Konstitusiyaviy sud, Oliy sud va Bosh prokuror kabi sub`ektlar kiradi.
Toshkent shahar hokimligi esa ushbu ro`yxatda yo`q.
 
Shunday ekan, Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksga o`zgartish kiritish tashabbusi mahalliy ijro hokimiyati tomonidan ilgari surilishi huquqshunoslarda ham, jamoatchilikda ham asosli savollarni tug`dirmoqda.
 
Parkovka xizmati – davlat xizmati emas. Haydovchi mashinasini qo`yadi, operator esa xizmat ko`rsatadi. Bu ikki tomon o`rtasidagi munosabat fuqarolik-huquqiy munosabat hisoblanadi.
Masalan, do`kondan mahsulot olsangiz-u pul to`lamasangiz, sizga darhol ma`muriy jarima yozilmaydi. Yoki xususiy klinika xizmat haqini undirolmasa, davlat buning uchun yangi jarima joriy etmaydi. Bunday holatlarda da`vo sud orqali ko`rib chiqiladi.

Parkovka ham aynan shunday munosabat hisoblanadi. Ya`ni, bu fuqarolik munosabati. Fuqarolik munosabati uchun nega ma`muriy jazo, bo`lganda ham nega Ma`muriy kodeksga o`zgartirish kiritish kerak?

Agar operator xizmat haqini undira olmayotgan bo`lsa, qonun unga sudga murojaat qilish huquqini beradi. Davlat esa, xususiy shirkatning qarzdorlarini jazolash uchun ma`muriy resurslarini ishga solishi huquqiy davlat tamoyillariga qanchalik mos keladi?
Toshkent shahar hokimligiga ko`ra, poytaxtda kuniga taxminan 15 ming haydovchi pulli parkovkalardan foydalanadi.

Ammo ularning atigi 2–3 foizi xizmat haqini to`layotgani aytilmoqda.
Agar bu raqamlar haqiqat bo`lsa, avvalo nega bunday operator haligacha ishlamoqda?
Axir 97 foiz to`lovni yig`olmayotgan kompaniya o`z vazifasini bajara olmayotganini anglatmaydimi?
Demak, muammo haydovchilardagina emas, balki tizimning o`zida bo`lishi mumkinmi?
Keling operator tomonidan, tizimni o`ta ham deb hisoblagan holda ko`rib chiqamiz.
To`lov tizimi ishlamayaptimi? Nazorat etarlimi? Ilova nosozmi? Belgilar tushunarlimi? Yoki operatorning texnik imkoniyatlari etarli emasmi?

Shunday ekan, operator samaradorligini baholash o`rniga aholini jarima bilan intizomga chaqirish juda bir mantiqqa to`g`ri kelmaydigan echim emasmi?
 
Pulli parkovkalar tizimini boshqarish huquqini bergan auksion o`tkazilishi paytida ham ko`plab e`tirozlar bildirilgan edi.
Juda ko`plab iddaolarga ko`ra, butun Toshkent ko`chalarida yo`l bo`yi parkovkalarini tashkil etish huquqi katta raqobatsiz, yaqinda tashkil etilgan xususiy kompaniyaga berilgan. Kompaniyaning moliyaviy, texnik va tashkiliy imkoniyatlari haqida etarlicha ochiq ma`lumotlar taqdim etilmagan.
Bundan tashqari, auksion natijalari bo`yicha shahar byudjetiga qancha mablag` tushgani, investisiya majburiyatlari qanday bajarilayotgani haqida ham jamoatchilik uchun to`liq hisobotlar e`lon qilinmagan. Shaffoflik masalalsi esa, qaerlardadir qog`oz ichida yotibdi.
 
Loyihaga Xalq demokratik partiyasi ham keskin munosabat bildirdi.
Partiya xususiy operatorning xizmat haqini undirish uchun davlat ma`muriy jazo mexanizmlarini qo`llashi huquqiy davlat tamoyillariga zidligini ta`kidlagan.

Shuningdek, partiya hokimlik keltirayotgan "2–3 foiz haydovchi to`layapti" degan ma`lumotlarni ham shubha ostiga oldi. Chunki bugunga qadar parkovkalardan tushgan tushumlar, davlat byudjetiga o`tkazilgan mablag`lar, investisiyalar va operator faoliyati yuzasidan jamoatchilikka to`liq hisobot taqdim etilmagan. Shunchaki ular aytganiga ishonishimiz kerak, tamom.
 
Jarima davlatning eng qattiq ta`sir choralaridan biri, u faqat qonuniy asoslar mustahkam bo`lganida, jamoat manfaati haqiqatdan ham himoya qilinayotganida va boshqa barcha vositalar samara bermaganida qo`llanilishi kerak.
Parkovka tizimi esa hali juda ko`p savollarga javob bermagan.

Operator qanday tanlangan? Qancha investisiya kiritilgan? Davlat byudjeti qancha daromad olmoqda? Nega to`lov tizimi samarasiz ishlamoqda? Nega bu ma`lumotlar ochiq emas?
Bu savollarga javob berilmasdan turib, haydovchilarga ma`muriy jarima qo`llash haqida gapirish, buning ustida davlatning eng oliy hujjatlaridan bo`lmish Kodeksga «qo`l uzatish» uchun tashkilot qanday mavqega ega bo`lishi kerak, tasavvur qilish qiyin.

Huquqiy davlatda xususiy biznesning iqtisodiy muammosini hal qilish uchun davlatning jazolash vakolati emas, qonun ustuvorligi, ochiqlik va raqobat ishlashi kerak. Aks holda, hatto jarimalar ham qonun uchun emas, kimningdir manfaati uchun joriy etila boshlashi mumkin.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар