Bir xil zilzila, ikki xil taqdir: Yaponiya nega omon qoldi, Venesuela nega vayron bo`ldi?

06.07.2026 22:07

Ikki davlat. Ikki zilzila. Magnitudasi ham deyarli bir xil.
Ammo oqibatlar o`rtasidagi farq nihoyatda katta.
24 iyun kuni Venesuelada Karakas shahridan g`arbda atigi 39 soniya farq bilan 7,2 va 7,5 magnitudali ikkita kuchli zilzila sodir bo`ldi. Bu hodisani «seysmik duplet» deb atashmoqda. Bu mamlakatda so`nggi 125 yil ichida kuzatilgan eng kuchli er silkinishlari bo`ldi.
Tabiiy ofatning ko`lami kun sayin aniqlashib bormoqda. So`nggi rasmiy ma`lumotlarga ko`ra, halok bo`lganlar soni 2954 nafarga etgan. 16 592 kishi jarohatlangan, 13 mingdan ortiq aholi boshpanasiz qolgan. BMT hisob-kitoblariga ko`ra, o`n minglab odamlar hali ham bedarak yo`qolganlar ro`yxatida qolmoqda. Eng og`ir talafot xalqaro aeroport va mamlakatning eng yirik dengiz porti joylashgan La-Guayra shtatida qayd etilgan. Mamlakatda favqulodda holat va etti kunlik milliy motam e`lon qilindi.
Qutqaruv ishlari o`n kundan ortiq davom etdi. Ma`lumot uchun, tabiiy ofatlarda insonni tirik topish uchun dastlabki 72 soat hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shunga qaramay, Venesuelada haqiqiy mo``jizalar ham kuzatildi. Zilziladan uch kun o`tib ayol va uning 18 kunlik chaqalog`i tirik qutqarildi, olti kundan keyin uch yoshli bola, sakkiz kun o`tib esa 44 yoshli erkak vayronalar ostidan sog`-omon olib chiqildi.

Oradan ko`p o`tmay Yaponiyada ham deyarli shunday kuchdagi — 6,9–7,2 magnituda atrofidagi kuchli zilzila qayd etildi. Yaponiyada bu zilzila oqibatida hech kim halok bo`lmadi. Faqat bir nechta kishi, yanayam aniqrog`i 11 kishi engil tan jarohati olgan, transport harakati qisqa muddatga cheklangan, binolarning aksariyati esa zilzilaga bardosh bergan.

Qiziq, nega deyarli bir xil kuchdagi zilzila ikki mamlakatda mutlaqo boshqacha oqibatlarga olib keldi?
Albatta, bunda episentrning joylashuvi, er silkinishining chuqurligi, aholi zichligi va geologik sharoit kabi omillar ham muhim. Ammo, ma`lumki, odamlarni ko`p hollarda zilzilaning o`zi emas, balki qulagan binolar o`ldiradi.

Ana shu nuqtada davlat boshqaruvi sifati, qurilish sohasidagi nazorat va korrupsiya darajasi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Transparency International'ning 2025 yilgi Korrupsiyani qabul qilish indeksiga ko`ra, Yaponiya 71 ball bilan dunyodagi eng shaffof davlatlar qatorida 18-o`rinni egallagan. Venesuela esa atigi 10 ball bilan 180-o`rinni qayd etgan bo`lib, dunyodagi eng korrupsiyalashgan uch davlatdan biri hisoblanadi.
Bu raqamlar shunchaki reyting emas.
Yaponiyada qurilish sohasi eng qattiq nazorat qilinadigan tarmoqlardan biri hisoblanadi. Loyihalashdan tortib betonning sifati, armatura, seysmik hisob-kitoblar va ob`ektni qabul qilishgacha bo`lgan har bir bosqich mustaqil ekspertizadan o`tadi. Qurilish qoidalarini buzish og`ir huquqbuzarlik sanaladi va katta jarimalar, lisenziyadan mahrum qilish, ozodlikdan mahrum etishgacha bo`lgan jazolar qo`llanadi.
Venesuelada esa, yillar davomidagi iqtisodiy inqiroz, davlat institutlarining zaiflashuvi va yuqori korrupsiya qurilish sohasiga ham jiddiy ta`sir ko`rsatgan. Nazorat susayganda sifatsiz materiallardan foydalanish, qurilish me`yorlarini chetlab o`tish va qabul jarayonlarining rasmiyatchilikka aylanishi tabiiy holga aylanadi. Oqibatda, tabiat zarbasi ulkan insoniy fojiaga aylanadi.
Yaponiya har yili minglab er silkinishlarini boshdan kechiradi. Shuning uchun mamlakatda nafaqat binolar, balki aholi ham zilzilaga tayyorlanadi. Bolalar maktabdanoq evakuasiya mashqlarida qatnashadi, aholi muntazam o`qitiladi, favqulodda vaziyatlar xizmati esa, doimiy shay holatda bo`ladi. Shuning uchun kuchli zilzilalar ham aksariyat hollarda ommaviy fojiaga aylanmaydi.

Bu voqealar biz uchun ham jiddiy saboq bo`lishi kerak.

O`zbekiston seysmik faol hududda joylashgan. Mamlakatimizda keyingi yillarda qurilish hajmi keskin ortdi, yuzlab ko`p qavatli uylar va yangi turarjoy majmualari barpo etilmoqda.
Shunday ekan, eng muhim narsa qancha uy qurilayotganida emas, ular qanday qurilayotganida.

Qurilish materiallarining sifati, laboratoriya sinovlari, texnik nazorat, loyihadan chetga chiqmaslik va ob`ektlarni qabul qilish jarayonlarining haqiqatan ham shaffof bo`lishi — bularning barchasi inson hayoti bilan bog`liq.

Zilzilani to`xtatib bo`lmaydi.

Ammo uning fojiaga aylanishining oldini olish mumkin.
Bu esa, eng avvalo, qurilishdagi halollik, sifat va murosasiz nazoratdan boshlanadi. Chunki bugun qurilishda yo`l qo`yilgan bitta xato yoki ko`z yumilgan bitta korrupsiya holati ertaga minglab insonlar taqdiriga ta`sir qilishi mumkinligini Venesuela misolida ham ko`rmoqdamiz. Zilzila albatta, tabiat hodisasi, inson irodasiga bo`ysunmaydi. Fojia esa ko`pincha insonlarning qarorlari va tizimning sifatiga bog`liq.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар