Agrobank Chiroqchi filiali odamlarni sarson-sargardon qilmoqda.
Aholi Agrobankning Chiroqchi filialiga qatnayverib kalishlari eyilib ketgan.
Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani aholisining dardiga quloq tutsangiz ko`pchiligi kredit olish masalasida qiynalayotganini bayon qilishadi.
Ularning dardiga quloq tutamiz:
“Hokimiyatdan, prokraturadan mutasaddilar kelib tadbirkorlik qilish uchun kredit olishimizni maslahat berishadi. Daftarlariga bir nimalarni yozib ketishadi. “temir dafta”lar tuzishadi, hisobot uchun uzundan-uzun ro`yxatlar tuzishadi. Ammo Agrobankka borsak, sarson-sargardon qilishadi.
So`ragan hujjatlarini taxlab papka qilib topshiramiz. Erta keling, indin keling limit yo`q, ruxsat yo`q, zaxira tugadi degan navbatchi so`zlar boshlanadi.
Agrobankning Chiroqchi bo`limi rahbarining oshqozoniga yo`l topa olmasangiz qancha elib yugurmang bari bir befoyda.” – dedi tunu kun kredit dardida yurgan odamlar.
Nahotki, Agrobank rahbarlari shu darajada “O`zi xon, ko`lankasi maydon” bo`lganmikin degan qiziqish bilan bankning Chiroqchi filialiga bordik. Ichkariga kirishingiz bilan “Xalq farovonligi faoliyatimiz mezoni” degan balandparvoz gapga ko`zingiz tushadi. Biroq negadir har tarafga “Tasvirga va suratga olish ta`qiqlanadi” belgisi osib tashlangan.
Bu belgi aslida ikki toifali obe`ktlarga qo`yiladi: birinchisi – strategik toifadagi obe`ktlar bo`lsa, ikkinchisi – korrupsiya avj olgan joylardir. Biz bilganimiz shuki, aholiga xizmat ko`rsatuvchi bank strategik obe`kt emasligi aniq.
Aslida har tarafga qo`yib tashlangan bu belginining o`zi Agrobankning qanday faoliyat olib borishidan va bank xodimlarining saviyasidan tilsiz so`zlaydi.
Ichkarida esa tillarda doston Agrobankning haqiqiy ko`rinishi namoyon bo`ladi. Ko`mak va madad istab kelgan odamlarning dod-voyi, ohu-faryodiga guvoh bo`lasiz.
Odamlar bankka ishonib issiqxona qurdirgan, quduq qazdirgan. Ammo puldan esa darak yo`q. Uch-to`rt martalab hujjat yig`ib topshirgan. Ammo hujjatlar yo`qolib ketavergan. Yo`qolmaganlari ham bor. Ularning esa oylab kutish natijasida muddati ham o`tib ketgan.
Bizda yig`ilgan ko`plab savollarga javob olish niyatida Agrobankning Chiroqchi filiali rahbari bilan gaplashmoqchi bo`ldik. Ammo rahbar joyida yo`q. Rahbar esa har doimgidek, aholining savollariga beradigan javoblari yo`qligi bois xonasining eshigini ochiq holda qoldirar ekan.
Chiroqchi aholsi asosan chorvachilikka ixtisoslashgan. Shu bois aksariyat odamlar chorvachilik bilan shug`ullanmoqchi bo`lib ta`minotchiga borsa, ta`minotchi bankdan pul o`tkazish bo`yicha kafolat so`ramoqda, bank esa “kafolat xatini Respublikadan beradi, ular esa bermayapti” degan bahonalar bilan odamlarni oylab aldab kelmoqda.
Yana bir oddiygina lek tushunib bo`lmaydigan paradoks: Ta`minotchi bankdan kafolat so`raydi, bank esa olgan molini monitoring qilishi kerak emish. Kafolat bo`lmasa, mol yo`q... Qisqasi, odamlar bank bilan ta`minotchi o`rtasidagi yo`lda umr o`tkazmoqda. Ruslarda bir maqol bor: U kolsa net konsa.
Bank pul bermaslik uchun mollarni faqat ta`minotchidan olish kerak degan shartni qo`ymoqda. Bunga chidasa bo`lar balki. Ammo ta`minotchi beradigan shoxli mollar xorijniki bo`lishi shart degan talab odamlarni kredit olishdan umid uzishga majbur qilyapti. Iqtisodiy tarafdan olib qaraydigan bo`lsak, bankning bu talabi qanchadan-qancha valyutaning chetga chiqib ketishiga xizmat qilishdan o`zgasiga yaramaydi.
Umuman olganda bank pul bermaslik uchun bahonalarni qalashtirib tashlayveradi. Pul esa puli borlarga berilmoqda. Chunki ulardan qaytarib olish oson. Mablag`i yo`q esa aldovlarga ishonib yana o`sha “temir daftar”larda yashashga mahkum.
Prezidentimiz odamlar o`zini-o`zi band qilishi uchun imkoniyat yarataylik deb jon kuydirmoqda. Chiroqchida esa Agrobank 20-30 million so`m olib o`zini-o`zi band qilmoqchi bo`lganlarni 20-30 km masofaga har kuni qatnashga majbur qilib ularning qimmatli vaqtini band qilmoqda. 20-30 million so`m kredit odamlarni boy qilib yubormasligi mumkindir. Ammo odamlar yashashi uchun kurashga etadigan shu mablag`ni ham ulardan darig` tutmasligimiz kerak.
Kredit masalasida qiynalayotgan Chiroqchi aholisining muammosini engil qilish uchun hali bu mavzuga yana qaytamiz. Keyingi safar alohida maxsus ko`rsatuv tayyorlashni maqsad qildik.