Ijtimoiy tarmoqlarda talabalar turarjoylari ommaviy savdoga chiqarilayotgani haqidagi xabarlar fonida Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligi rasmiy munosabat bildirib, talabalar yashaydigan xonalar emas, balki erto`la, oshxona, bufet, hovli va boshqa yordamchi maydonlar ijaraga berilayotganini ma`lum qildi. Shuningdek, O`zbekiston milliy pedagogika universitetining mavjud binolari ham faqat Yangi Toshkentdagi zamonaviy kampus to`liq qurilib, foydalanishga topshirilgandan keyingina bo`shatilishi sharti bilan xususiylashtirish dasturiga kiritilgani ta`kidlandi.
Vazirlikning izohi mantiqiymi? Darhaqiqat, bu erda talabalar yashab turgan xonalar bugunning o`zida sotilayotgani haqida gap ketmayapti. Biroq, yotoqxona tanqisligi saqlanib turgan bir paytda nega mavjud infratuzilma savdoga chiqarilmoqda va vazirlik keltirayotgan raqamlar haqiqatan ham real holatni aks ettiryaptimi?
Vazirlik ma`lumotiga ko`ra, 2022–2025 yillarda respublika bo`yicha jami 74,1 ming o`rinli talabalar turarjoylari yaratilgan. Natijada, davlat OTMlaridagi yotoqxonalarning umumiy sig`imi 159,1 ming o`ringa etkazilib, ta`minlanganlik darajasi 58 foizni tashkil etgan.
Ammo, hukumat qarorlariga qaralsa, aynan shu davrda talabalar turarjoylari uchun ajratilgan 72,4 gektar er maydonida 109,7 ming yangi yotoq o`rni yaratilishi belgilangan edi. Demak, vazirlik aytayotgan 74,1 ming o`rin bu rejaning atigi 67,5 foiziga to`g`ri keladi. Erishilgan natija rejaning to`liq bajarilmaganini ko`rsatyapti.
Vazirlik aytayotgan «yaratilgan o`rinlar»ning barchasi yangi qurilgan yotoqxonalarmi? Bu haqda ham ochiq ma`lumot yo`q. Talabalar yaxshi biladiki, so`nggi yillarda ko`plab yotoqxonalarda ikki kishilik xonalar to`rt kishilikka, to`rt kishilik xonalar olti yoki sakkiz kishilikka aylantirildi. Ikki qavatli karavotlar o`rnatilib, mavjud maydon hisobidan qo`shimcha «o`rinlar» yaratildi.
Demak, 74,1 ming o`rinning qanchasi haqiqatan yangi qurilish, qanchasi esa shunchaki zichlashtirish hisobiga hosil qilinganini vazirlik ochiq aytishi kerak. Chunki, bu ikkisi mutlaqo boshqa-boshqa narsa.
Raqamlarni hisob-kitob qilib chiqqan Otabek Bakirov undagi yana bir nomutanosiblik ta`minlanganlik ko`rsatkichlarini solishtirganda namoyon bo`lishini ko`rsatgan. 2021 yilda rasmiy ma`lumotlarga ko`ra, mavjud yotoq o`rinlari soni 103,5 ming bo`lib, bu umumiy ehtiyojning 41 foizini qoplagan. Demak, o`sha vaqtda respublika bo`yicha umumiy ehtiyoj 252,5 ming o`rinni tashkil etgan.
Bugungi raqamlarga ko`ra esa, mavjud yotoq o`rinlari 159,1 mingga etgan va bu 58 foiz ta`minlanganlik degani. Bu hisobdan umumiy ehtiyoj 274,3 ming o`rin atrofida bo`lishi kerak.
Oddiy arifmetika shuni ko`rsatadiki, 2021 yildan buyon amaldagi yotoq o`rinlari soni 55,5 mingtaga ko`paygan. Vazirlik esa, aynan shu davrda 74,1 ming o`rin yaratilganini aytmoqda. Agar ikki raqam ham to`g`ri bo`lsa, kamida 18,6 ming o`rinning taqdiri noaniq bo`lib qolyapti. Ular qaerga ketdi? Eski yotoqxonalar yopildimi? Boshqa maqsadlarga o`tkazildimi? Bu savollarga javob yo`q.
Qolaversa, rasmiy statistikaga ko`ra, 2021/2022 o`quv yilida OTM talabalari soni 808,4 ming nafar bo`lgan bo`lsa, 2025/2026 o`quv yiliga kelib, 1 million 535 ming nafarga etgan, ya`ni qariyb ikki barobar oshgan. Shunday ekan, talabalar soni 90 foizga ko`paygan bir paytda, yotoqxonaga umumiy ehtiyoj atigi 8–9 foizga oshgan, degan hisob-kitoblar mantiqan ham, amaliyot nuqtai nazaridan ham ishonch uyg`otmaydi.
Agar yangi o`rinlarning salmoqli qismi mavjud xonalarni zichlashtirish hisobiga yaratilgan bo`lsa, bir talabaga to`g`ri keladigan yashash maydoni amaldagi sanitariya talablariga javob beradimi? 12 kvadrat metrli xonada to`rt nafar talabani joylashtirish mumkinmi? Bitta hojatxona, dush va oshxona nechta talabaga xizmat qilmoqda? Bu savollarga ham hozircha ochiq javob berilmagan.
Talabalar turarjoyi kazarma ham emas, izolyator ham emas, demoqda bakiroo. U erda yoshlar nafaqat tunab chiqadi, balki o`qiydi, dam oladi va yashaydi. Aniqrog`i, shunday qilishi kerak. Zamonaviy yotoqxona inson qadrini ta`minlaydigan minimal standartlarga javob berishi shart.
Shu sababli ham, yotoqxonalar sotilyaptimi yoki yo`qmi degan savolga javob topilgani bilan, u bugungi muammolarni hal qilib berolmaydi. Vazirlik jamoatchilik ishonchini qozonishni istasa, umumiy foizlar bilan cheklanmasdan, har bir hudud, har bir universitet va har bir loyiha kesimida to`liq ma`lumotlarni e`lon qilishi lozim. Qancha yangi bino qurildi? Qancha o`rin rekonstruksiya yoki zichlashtirish hisobiga yaratildi? Qancha yotoqxona yopildi yoki boshqa maqsadlarga o`tkazildi? Sanitariya me`yorlari qay darajada ta`minlangan?
Shundagina talabalar ham, ota-onalar ham tizimdagi haqiqiy holatni baholay oladi. Aks holda, raqamlar atrofidagi bahslar davom etaveradi, talabalar esa, har yili qimmatlashayotgan ijara bozorida boshpana izlashda davom etadi.