Soliq qo`mitasining navbatdagi «ishtahasi»: Hukumat aholining cho`ntagini ham nazorat qilmoqchim

24.06.2026 17:40

O`zbekistonda bank kartalari, omonatlar va pul o`tkazmalari ustidan nazoratni kuchaytirish haqidagi bahslar yana kun tartibiga chiqdi. Soliq qo`mitasi muhokamaga qo`ygan yangi qaror loyihasiga ko`ra, banklar jismoniy va yuridik shaxslarning hisobvaraqlari, omonatlari hamda ayrim moliyaviy operasiyalari haqidagi ma`lumotlarni soliq organlariga taqdim etishi mumkin bo`ladi.

Rasmiy izohlarga ko`ra, tashabbusning asosiy maqsadi — yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish va soliq ma`muriyatchiligini takomillashtirish. Biroq loyiha jamoatchilik va ekspertlar orasida jiddiy xavotirlarga sabab bo`lyapti. Chunki bu masala faqatgina soliq yig`imlari yoki bank kartalari haqida emas. Gap davlat va fuqaro o`rtasidagi ishonch, bank sirining daxlsizligi va Konstitusiya kafolatlagan huquqlarning chegarasi haqida ketmoqda.

206 million so`m masalaning mohiyati emas

Loyihadagi eng ko`p muhokama qilinayotgan normalardan biri — agar fuqaroning bank kartasiga bir oy davomida boshqa jismoniy shaxslardan jami 500 BHM, ya`ni hozirgi hisobda qariyb 206 million so`m yoki undan ortiq mablag` kelib tushsa, bu haqdagi ma`lumotlarning soliq organlariga taqdim etilishidir.

Bir qarashda bu raqam oddiy aholining katta qismiga daxl qilmaydigandek ko`rinadi. Ammo bahs limit miqdori haqida emas. Asosiy masala — fuqarolarning shaxsiy moliyaviy operasiyalarini soliq tizimi bilan to`g`ridan-to`g`ri bog`laydigan mexanizmning yaratilayotganida.

Ekspertlar fikricha, bugun yuqori qilib belgilangan chegara ertaga pasaytirilmasligiga hech qanday kafolat yo`q. Eng muhimi esa, presedent yaratilayotganida. Chunki bir marta tizim ishga tushgach, uning qamrovini kengaytirish texnik jihatdan ham, ma`muriy jihatdan ham ancha osonlashadi.

Konstitusiya kafolati qaerda qolmoqda?

Mazkur tashabbusning eng bahsli tomoni huquqiy jihat bilan bog`liq. O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 41-moddasida bank operasiyalari, omonatlar va hisobvaraqlar sir tutilishi qonun bilan kafolatlanishi aniq belgilab qo`yilgan. Shu nuqtai nazardan qaraganda, fuqarolarda tabiiy savol paydo bo`lmoqda: Konstitusiya himoya qilgan huquqlar qonunosti hujjati bilan qay darajada cheklanishi mumkin?

Bundan bir necha yil avval ham P2P o`tkazmalari bo`yicha ma`lumotlarni yig`ishga qaratilgan tashabbuslar jamoatchilik muhokamalari markazida bo`lgan va ayrim normalar qayta ko`rib chiqilgan edi. Bugun esa o`sha bahs boshqa shaklda yana qaytmoqda. Bu holat qonun ustuvorligi va huquqiy aniqlik masalalarini yana bir bor kun tartibiga chiqaryapti.

Bank siridan bank nazoratigacha

Loyihadagi yana bir muhim jihat — banklar nafaqat hisobvaraqlar, balki omonatlar haqidagi ma`lumotlarni ham taqdim etishi mumkinligi haqidagi normalardir. Aslida depozit yoki omonat ko`pchilik uchun biznes faoliyati emas.

Bu — yillar davomida yig`ilgan jamg`arma. Bu — farzand ta`limi uchun ajratilgan mablag`. Bu — kelajak uchun saqlanayotgan zaxira.

Shu sababli omonatlar haqidagi ma`lumotlarning davlat organlari bilan almashilishi haqidagi xabarlar odamlarda alohida xavotir uyg`otmoqda. Chunki bank tizimining eng muhim kapitali pul emas, ishonchdir. Agar fuqaro o`z mablag`larining daxlsizligiga ishonmay qo`ysa, bank tizimiga bo`lgan munosabat ham o`zgaradi.

Iqtisodiy oqibatlar qanday bo`lishi mumkin?

Soliq intizomini kuchaytirish har qanday davlatning qonuniy maqsadi hisoblanadi. Biroq iqtisodiyot faqat nazorat orqali emas, ishonch orqali ham boshqariladi.

Agar aholi o`z moliyaviy operasiyalari doimiy kuzatuv ostida deb hisoblay boshlasa, bu kutilmagan iqtisodiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Avvalo, naqd pul aylanmasi ortishi ehtimoli paydo bo`ladi. Odamlar mablag`larini bank tizimi orqali emas, qo`lma-qo`l shaklda aylantirishga harakat qiladi.

Kichik biznes va xizmat ko`rsatish sohasida norasmiy hisob-kitoblar ko`payishi mumkin. Bu esa yashirin iqtisodiyotni qisqartirish emas, aksincha, uning yanada kengayishiga xizmat qilishi xavfini tug`diradi.
Yana bir muhim masala — raqamlashtirish siyosati.
E So`nggi yillarda davlat aholini naqd pulsiz to`lovlarga o`tkazish uchun katta resurslar sarfladi. Onlayn to`lovlar, bank xizmatlari va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan keng ko`lamli dasturlar amalga oshirildi.

Agar fuqarolarda bank tizimiga nisbatan ishonchsizlik kuchaysa, bu yillar davomida erishilgan natijalarga salbiy ta`sir ko`rsatishi mumkin.

Mas`ul idoralar javob berishi kerak bo`lgan savollar

Ushbu loyiha qabul qilinishidan oldin bir qator muhim savollarga javob berilmog`i lozim. 

— Nima uchun aynan shunday mexanizm tanlanmoqda?
— Bu tashabbus natijasida qancha qo`shimcha soliq tushumi kutilayapti?
— Bank sirini himoya qilish bo`yicha qanday kafolatlar mavjud?
— To`plangan ma`lumotlar xavfsizligi kim tomonidan ta`minlanadi?
— Eng muhimi, Konstitusiyada belgilangan huquqlar bilan ushbu tashabbus o`rtasidagi muvozanat qanday saqlanadi?

Markaziy bank, Adliya vazirligi va Iqtisodiyot hamda moliya vazirligi kabi idoralar aynan shu savollarga aniq va ochiq javob berishi kerak.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар