Qo`shni Qozog`iston navbatdagi dadil qadamni tashladi: endilikda iqtisodiy jinoyat sodir etganlar, moliyaviy piramida asoschilari va poraxo`rlar maxsus “ochiq reestr”ga kiritiladi. Xalq tili bilan aytganda bu – “sharmandalar ro`yxati”.
18 maydan kuchga kiradigan ushbu tizim nafaqat jinoyatchilarni jazolash, balki jamiyatni tozalashning o`ziga xos mexanizmidir.
Bunday amaliyot O`zbekiston uchun ham zarurmi?
Bizda korrupsiya yoki iqtisodiy jinoyat sodir etgan shaxslar haqida xabar berilganda, ko`pincha “Falon tashkilot mansabdori” deb yoki ismi-shariflarining bosh harflari bilan umumiy ma`lumot beriladi. Sud hukmi chiqqanidan keyin ham ularning ismi-sharifi ommaga ochiqlanmaydi. Bu esa jinoyatchiga ma`lum vaqtdan keyin boshqa bir idorada yoki sohada “yangi hayot” boshlashiga imkon berishi mumkin. Jinoyatchining ismi sir qolishi — uning qayta jinoyat sodir etishi uchun yaratilgan bilvosita sharoit emasmi?
Qozog`iston joriy etayotgan tizimda nafaqat shaxslar, balki yuridik shaxslar ham ro`yxatga olinadi. Bu tadbirkorlar va oddiy fuqarolar uchun juda muhim. Tasavvur qiling, siz katta investisiya kiritmoqchisiz yoki moliyaviy tashkilot bilan shartnoma tuzyapsiz. Agar sizda “qora ro`yxat” bo`lsa, sherigingiz ilgari moliyaviy piramidaga aloqador bo`lgan-bo`lmaganini bir necha soniyada tekshirib olasiz.
O`zbekistonda esa firibgarlar bir korxonani “bankrot” qilib, ikkinchisini ochib, xalqni chuv tushirishda davom etmoqda. Ochiq reestr bunday “tadbirkorlar”ning yo`lini to`sadigan eng samarali to`siq bo`lishi mumkin.
Bizning jamiyatimizda “or-nomus” tushunchasi juda kuchli. Ko`p hollarda poraxo`r uchun qamoq jazosidan ko`ra, uning qilmishi mahalla-ko`y, qarindosh-urug` va butun mamlakat oldida fosh bo`lishi og`irroq ta`sir qiladi.
Agar mansabdor shaxs o`z ismi “sharmandalar ro`yxati”ga tushishini va bu ma`lumot umrbod internetda qolishini bilsa, pora olishdan oldin kamida o`n marta o`ylab ko`rarmidi balki?
O`zbekiston Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va boshqa tegishli idoralar Qozog`iston tajribasini chuqur o`rganishi lozim. Bizga shunchaki hisobotlar emas, balki quyidagilarni o`z ichiga olgan “Milliy ochiq reestr”
kerak:
1. Mansabdorlarning korrupsion reytingi — pora bilan qo`lga tushganlarning ismi, lavozimi va surati.
2. Firibgar kompaniyalar bazasi — moliyaviy jinoyatlarga aralashgan yuridik shaxslarning “biznes-tarixi”.
3. Jamoatchilik uchun ochiqlik — har bir fuqaro IIV yoki Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi sayti orqali ma`lumotlarni ko`ra oladi.
Qozog`istonning bu qadami Markaziy Osiyoda shaffoflik sari tashlangan jiddiy signaldir. O`zbekistonda ham korrupsiyaga qarshi kurash ayovsiz bo`lishi aytilayotgan ayni paytda, jinoyatchilarning yuzidan pardani olib tashlash" vaqti kelmadimi?
Xalq o`z “qahramonlarini” tanishi kerakku axir.