Toshkent shahri dunyodagi eng xavfli poytaxtlardan bo`lsa ajab emas. Chunki, bugun kuzatuv kameralari va boshqa vositalar bilan qo`riqlash imkoniyati yuqori bo`lgan bir davrda O`zbekiston poytaxti Toshkent 17 ta YPX va PPX postlari bilan qo`riqlanib kelinmoqda.
2017 yil prezident Shavkat Mirziyoev parlamentga qilgan murojaatida YPX va PPX postlarini «poraxo`rlar maskani», «tamagirlik manbai» deya tariflagan edi.
Bugungi kunda Toshkent shahri atrofidagi postlarda avvalgidek qattiq tekshiruvlar mavjud emas. Biroq, ertalabki ish, o`qishga ketish va aholining ishdan qaytish vaqtida mazkur postlarda katta tirbandliklar yuzaga keladi. Yaqinlashib kelayotgan ramazon oyida ham iftor mahal bu postlarda avtomobillarning tiqilinch bo`lishini bir ko`ring. Bu YPX va PPX postlarining aholiga noqulaylik tug`dirib, asabbuzarlik manbai bo`layotganidan dalolatdir.
Mazkur postlarda avvalgidek har bir mashina tekshirilmasa, xodimlar ishini kuzatuv kameralari bajarayotgan bo`lsa, yana qo`shimcha xodimlar shtatini saqlashdan nima naf? YPX xodimlari davlat byudjeti ya`ni aholi to`lagan soliqlari hisobiga kun ko`rar ekan mablag`ni bu tarzda sarflanishi isrof emasmi? Biz o`z soliqlarimiz evaziga asabbuzarlikni sotib olyapmizmi? Nima uchun YPX, PPX xizmatlari o`z ishini yuqori texnologiyalarga ishonib topshira olmaydi.
Toshkent shahri atrofidagi har bir post o`sha erda joylashgan aholi uchun katta bir muammo. Xususan, Toshkent Toshkent shahar, Uchtepa tumani, Uyg`ur ko`chasidagi «Nazarbek» PPX blok posti ko`prik yaqinida joylashgan bo`lib, post sababli ko`prik ustida doimiy ravishda mashinalar tirbandligi yuzaga keladi. “Nazarbek” postidan ko`pincha yirik yuk tashuvchi avtomobillar o`tadi. Oqibatda ko`prik ustida tez-tez og`ir yuk mashinalarining to`xtab o`tishi ko`prikka ekspulatasiya me`yoridan oshiq og`irlik tushishiga sabab bo`ladi. Ko`prikning qurilganiga 40 - 45 yildan ortiq vaqt bo`lganini hisobga olsak, u vaqtda hozirgi davrdagi kabi yirik yuk tashuvchi mashinalar bo`lmagan va tabiiyki ko`prik bu darajadagi og`irlikka mo`ljallanmagan.
Mavzudan uzoqlashmay yana YPX, PPX postlariga qaytsak 334,8 km² maydonga ega shaharga 17 ta tekshiruv, qo`riqlash nuqtalari ko`p emasmi? Evropa davlatlarida mamlakatlar orasidagi chegaralarda YPX, PPX xizmatlari bo`lmagan bir vaqtda biz mamlakat ichidagi shaharni 20 ga yaqin punktlar bilan qo`riqlab kelmoqdamiz. Toshkent shunchalar xavfli, qo`rqinchli shaharmi? Uni qo`riqlash uchun byudjetdan mablag` sarflab shuncha xodimlarni yollash shartmi?
Mamlakat prezidenti mazkur YPX, PPX postlarini tanqid qilib “tamagirlik manbai”, deb ataganiga 4 yildan oshdi. Toshkent esa hamon YPX xodimlari postlarining qurshovida qolmoqda.