Bizga kelgan murojaatlarga ko`ra, o`tgan yilning dekabridan buyon rasman faoliyat ko`rsatayotgan DMED tizimi atrofida bir qancha muammolar yuzaga kelmoqda. Bemorga dori yozib, uni o`zi sotib olgan shifokorni ko`rganmisiz? O`zbekistonda bemorga yozgan dorisini bosh shifokor tazyiqi ostida o`zi sotib olib yurgan shifokorlar bor ekan. Yana buni ochiq manzil bilan aytishga ham qo`rqishadi, ishsiz qolishni istashmaydi. Bu erda bir tushunmovchilik bor, aks holda insonlarning hayot tarzini yaxshilash, ularga qulaylik yaratish maqsadida yaratilgan tizim, aksincha vazifani bajarmagan bo`lar edi.
Toshkent shahridagi, viloyatlardagi bir nechta klinikalardan holatni qayta surishtirgach, bu tushunmovchilikni aniqlash maqsadida, SSV matbuot kotibi Furqat Sanaevga murojaat qildik. Sanaev vaziyatni eshitgach, yig`ilishda ekanligini aytib, bizga murojaatlar bo`limining raqamini berdi. Berilgan raqam Rashid Kurganov ismli xodimga tegishli bo`lib, bu raqam qayta-qayta o`chirib qo`yildi. Xullas, SSVdan bu haqda ma`lumot olishning imkoni bo`lmadi.
Xo`sh, elektron resept tizimi nima o`zi?
Elektron resept tizimi rasman 2025 yil 10 dekabrdan boshlab Toshkent shahri va 15 ta hududda pilot tarzda ishga tushirildi. Bu tizim Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori asosida joriy etilgan bo`lib, 2026 yil oxirigacha barcha tibbiyot muassasalari va dorixonalarni qamrab olishi, 2027 yildan esa to`liq ishga tushishi rejalashtirilgan.
Tizimning rasmiy maqsadi dorilar aylanmasini shaffoflashtirish, asossiz reseptlarni kamaytirish va shifokorlar faoliyatini nazorat qilish. Hatto shifokorga yozgan dorisining bemor tomonidan olingan-olinmaganini onlayn kuzatish imkoniyati ham berilgan.
Qog`ozda ideal. Amalda-chi?
Muammo shundaki, tizim hali to`liq ishlamasidan turib, javobgarlik mexanizmi ishlab ketgan. Rasmiy raqamlarga qaraganda ham, hatto pilot hududlarning o`zida barcha xususiy klinikalar tizimga ulanmagan: masalan, Toshkentda xususiy muassasalarning atigi 41 foizi integrasiya qilingan. Bu degani, tizim hali yarim yo`lda, to`lig`icha ishga tushmagan.
Muammo nimada?
Tizim mantig`iga ko`ra, shifokor resept yozadi va keyin uning “taqdiri”ni kuzatadi. Lekin dorini sotib olish yoki olmaslik bemorning qarori. Dorixona esa, uni shu tizimga kiritishi yoki kiritmasligi mumkin. Tizim esa, doim ham barqaror ishlamaydi. Oddiy aytganda, «qotib qoladi», ishlashida muammolar yuzaga keladi, dorixonachilar uchun qulay qilinmagan.
Bu erda, agar bemor dorini olmasa, shifokor aybdor.
Agar dorixona ma`lumot kiritmasa, shifokor aybdor.
Agar tizim ishlamasa, yana shifokor aybdor bo`lib qolmoqda.
Bu erda tizim emas, jazo mexanizmi shakllanib qolmoqda.
Yana bir muhim jihati shundaki, elektron resept orqali 13 mingga yaqin dori vositalari faqat shu tizim orqali berilishi belgilangan. Bu esa, tizim ishlamasa, butun zanjir uzilishini anglatadi – bemor dori ololmaydi, shifokor esa bosim ostida qoladi.
Aytish mumkinki, tizim shifokor va bemor o`rtasidagi ishonchni buzmoqda. Ayrim holatlarda shifokorlar “dorini shu zahotiyoq olmasang, yozmayman” degan shart qo`yishga majbur bo`layotgani aytilmoqda.
Bunday tizimlar boshqa davlatlarda qanday ishlagan?
Qozog`iston tajribasida ham elektron resept va dori aylanmasini nazorat qilish tizimlari joriy qilingan. Lekin amaliyotda texnik muammolar, infratuzilmaning tayyor emasligi va ishtirokchilar o`rtasidagi nomuvofiqliklar sabab, tizim bir necha bor qayta ko`rib chiqilgan, ayrim elementlari yumshatilgan. Ya`ni, bizda ham yozib belgilab qo`yilganidek, bunday tizimlar bosqichma-bosqich, infratuzilma to`liq tayyor bo`lgandan keyin joriy etiladi. Aks holda, u kutilgan maqsadlar uchun ishlamaydi.
[07.04.2026 11:18] Malak opa: Hozir esa aksincha, avval majburiyat, keyin imkoniyat bo`lib qolyaptimi?
Raqamlashtirishdan maqsad, shifokor ishini engillashtirish edi. Agar murojaatda aytilganlarida biror tushunmovchilik bo`lmasa, demak, amalda bu tizim qo`shimcha xavf va stress manbaiga aylanyapti.
Xulosa shuki, muammo tizimning o`zida emas, uni qanday joriy qilishda. Sog`liqni saqlashda raqamlashtirish zamon talabi. U qulayliklar, aholi uchun engilliklar yaratishi kerak. Lekin har qanday islohotni uning g`oyasiga qarab emas, amalda qanday ishlayotganiga qarab baholash lozim. O`zbekistonda joriy etilgan DMED elektron resept tizimi aynan shu nuqtada jiddiy savollar tug`dirmoqda.
Agar barcha dorixonalar tizimga to`liq ulanmasa, tizim barqaror ishlamasa, javobgarlik adolatli taqsimlanmasa, unda har qanday “aqlli platforma” ham oddiy byurokratik bosim quroliga aylanadi.
Mazkur holat yuzasidan Sog`liqni saqlash vazirligi va boshqa mutasaddi tashkilotlardan javob va echim kutib qolamiz.