O`zbekistonda asossiz sabablar bilan sudga kelmagan mansabdor shaxslarga nisbatan sud jarimalari qo`llanilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Qonunchilik palatasida 20 yanvar kuni o`tkazilgan yig`ilishda so`z bordi.
Majlisda fuqarolar va tadbirkorlik sub`ektlarining huquqlarini sud orqali himoya qilishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o`qishda ko`rib chiqildi.
Loyiha bilan ma`muriy sud ishlarini yuritish tizimini tubdan takomillashtirish, ya`ni fuqarolar va tadbirkorlik sub`ektlarining huquqlarini sud orqali himoya qilishning zamonaviy, xalqaro standartlarga mos mexanizmlarini joriy etish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi, Ma`muriy sud ishlarini yuritish to`g`risidagi kodekslarga hamda “Davlat boji to`g`risida”gi qonunga qator o`zgartirish va qo`shimchalar kiritilmoqda. Ushbu yangiliklar ma`muriy sud ishlarini yuritish samaradorligini oshirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan yangi institut va tartiblarni joriy etishni nazarda tutadi.
Qonun loyihasiga ko`ra, davlat organining qaror yoki hujjatiga ishonib, vijdonan harakat qilgan fuqaro yoki tadbirkorning huquqlari qat`iy himoya qilinadi. Davlat organi xatosi uchun halol faoliyat yuritgan shaxs javobgar bo`lmasligi qonun darajasida mustahkamlanadi.
Shu bilan birga, ma`muriy sud ishlarini yuritishda dastlabki eshituv instituti joriy etilyapti. Ushbu bosqich sud muhokamasigacha dalillarni to`plash, da`vo talablarini aniqlashtirish va taraflarni kelishtirish imkonini beradi. Bu esa ishlarni ko`rish muddatlarini qisqartirish, ortiqcha xarajatlarni kamaytirishga xizmat qiladi.
“Loyihadagi yana bir muhim yangilik — davlat organlari mansabdor shaxslarining sud majlislarida majburiy ishtiroki belgilanayotganidir. Asossiz sabablar bilan sudga kelmagan mansabdor shaxslarga nisbatan sud jarimalari qo`llanilishi nazarda tutilmoqda. Bu davlat organlari mas`uliyatini oshirish, sud jarayonlarida haqiqiy tortishuv va ochiqlikni ta`minlashga xizmat qiladi”, deyiladi axborotda.
Bundan tashqari, sudga hurmasizlik qilganlik yoki sudning xususiy ajrimlarini ijro etmaganlik uchun ma`muriy javobgarlikka tortish vakolati bevosita ma`muriy sudlarning o`ziga berilayotgani sud hokimiyatining nufuzi va ta`sirchanligini yanada mustahkamlashi qayd etildi.
Tashabbuskorlarning ma`lum qilishicha, qonun loyihasini ishlab chiqishda Germaniya, Yaponiya, Estoniya va Fransiya kabi rivojlangan davlatlarning ma`muriy adliya sohasidagi ilg`or tajribasi chuqur o`rganilgan, shuningdek, korrupsiyaga qarshi va gender ekspertizalaridan o`tkazilgan hamda jamoatchilik muhokamasida qo`llab-quvvatlangan.
Majlisda yangi tartiblarning joriy etilishi davlat organlari faoliyati ustidan samarali sud nazoratini ta`minlash, tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash, fuqarolarning sud tizimiga bo`lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qilishi ta`kidlandi. Qonun loyihasi birinchi o`qishda qabul qilindi.