O`zbekiston tashqi qarzlarni qaerga sarflayapti?

13.01.2026 16:23



Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligi yangi tashqi qarzlarni jalb etishdan ko`zlangan asosiy maqsad aholi turmush darajasini oshirish ekanini ma`lum qildi. 

Bu jarayon yangi ish o`rinlari yaratish, infratuzilmani rivojlantirish, toza ichimlik suvi, energiya, transport hamda ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishni o`z ichiga oladi.

Vazirlik bayonotida qayd etilishicha, tashqi moliyalashtirishning iqtisodiy mantig`i aniq: iqtisodiy o`sishni tezlashtirish uchun kapital, zamonaviy texnologiyalar, uskunalar va yangi bozorlar zarur. Resurslar jalb etilishi to`xtatilsa, iqtisodiy rivojlanish sur`atlari sekinlashadi.

Qo`shimcha moliyalashtirishsiz aholining bandligini ta`minlash, yo`l va ijtimoiy ob`ektlarni modernizasiya qilish, suv ta`minoti va energetika infratuzilmasini kengaytirishda jiddiy qiyinchiliklar yuzaga kelishi mumkin. Shu bois O`zbekiston iqtisodiy o`sishni jadallashtirish va aholi farovonligini oshirish maqsadida investisiyalarni jalb qilish ustida izchil ish olib bormoqda.

2025 yilning 9 oyi yakunlariga ko`ra, O`zbekistonning jami tashqi qarzi 75,4 mlrd dollarni tashkil qilmoqda. 

Vazirlik hukumat nomidan olingan majburiyatlar tarkibiga ham aniqlik kiritdi. 75,4 mlrd dollarlik jami tashqi qarzning 37,4 mlrd dollari davlat tashqi qarziga to`g`ri keladi, bu umumiy summaning yarmidan sal kamroqdir. Qolgan 38 mlrd dollar esa davlat kafolatisiz jalb qilingan korporativ qarzlardir.

Hozirgi davlat tashqi qarzi yalpi ichki mahsulotning qariyb 26 foizini tashkil etadi. Vazirlikka ko`ra, bu ko`rsatkich makroiqtisodiy barqarorlik uchun xavfsiz darajada bo`lib, Xalqaro valyuta jamg`armasi tavsiya etgan 60 foizlik chegaradan ancha past.

Ta`kidlanishicha, 2017 yildan buyon O`zbekiston tashqi qarzlar hisobiga infratuzilmani keng ko`lamda modernizasiya qildi. Jumladan, transport sohasida 4 ta Boeing 787–8 samolyoti, 2 ta Talgo 250 tezyurar poezdi, 30 ta elektrovoz, 29 ta metro tarkibi va 1900 ta avtobus xarid qilindi. 1564 km avtomobil yo`llari rekonstruksiya qilinib, 470 km temir yo`l liniyalari elektrlashtirildi.

Kommunal xizmatlar sohasida 6,8 ming km suv quvurlari, 664 km kanalizasiya tarmoqlari, 96 km issiqlik quvurlari barpo etildi, 166 ta suv taqsimlash inshooti va 1286 ta issiqlik punktlari qurildi. Shuningdek, 541 ta axlat tashish texnikasi xarid qilindi.

Energetika yo`nalishida 2,7 GVt qo`shimcha quvvatlar ishga tushirilib, 1,1 ming km elektr uzatish liniyalari qurildi. Natijada elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 16,4 mlrd kVt· soatga, issiqlik energiyasi esa 551,8 ming Gkalga oshdi.

Qishloq xo`jaligida 1,59 ming km kanallar tiklandi, 423 ta vertikal quduq qurildi va 3396 ta gidrotexnik inshoot modernizasiya qilindi. 2,2 ming gektarda issiqxonalar, 12 ming gektarda intensiv bog`lar barpo etildi. Shuningdek, 335 ming tonna mahsulot sig`imiga ega sovitish omborlari va 258 ming tonna quvvatli oziq-ovqat sanoati loyihalari ishga tushirildi.

Mazkur chora-tadbirlar natijasida 2017–2025 yillarda 2 milliondan ortiq yangi ish o`rinlari yaratildi, eksport hajmi 270 foizga oshdi, jon boshiga YaIM esa 4 barobardan ko`proqqa ko`paydi. Shu bilan birga, umr ko`rish davomiyligi izchil o`sib, 75,1 yoshga etdi.

Vazirlik O`zbekiston tashqi resurslarni qat`iy qoidalar, shaffoflik va kuchli nazorat asosida jalb qilayotganini alohida ta`kidladi. Prezident Shavkat Mirziyoevning dekabr oyidagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida tashqi qarz hisobidan amalga oshiriladigan loyihalar tanlovidan tortib to ijrosigacha parlament tomonidan doimiy monitoring qilinishi e`lon qilingani eslatib o`tildi.

“Loyihalarning holati va bajarilish bosqichlari real vaqt rejimida e`lon qilib boriladi. Bu tanlov va tenderlar jarayoni, shuningdek, majburiyatlarning bajarilishi ustidan ochiq nazoratni ta`minlaydi”, deyiladi vazirlik bayonotida.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар