Butun O`zbekiston bo`ylab yo`llardagi qoidabuzarliklarini aniqlaydigan yuqori aniqlikdagi kameralar internetda ochiq qolgan. Bu haqda AQShning “TechCrunch” nashri maqola e`lon qildi.
Ushbu tizim uzluksiz ravishda avtomobillarning davlat raqamlari va ularning ichidagi odamlarni skanerlab boradi va ehtimoliy yo`l harakati qoidabuzarliklarini aniqlaydi. Masalan, qizil chiroqda o`tish, haydovchining xavfsizlik kamarini taqmagani yoki lisenziyasiz transport vositasining tunda harakatlanishi va hokazo.
Nashrning yozishicha, ushbu tizimda eng ko`p kuzatilgan avtomobillardan birining haydovchisi olti oy davomida Chirchiq shahridan poytaxt Toshkent orqali, shuningdek, yaqinidagi Eshonguzar aholi punktigacha bo`lgan yo`nalishlarda harakatlangani qayd etilgan – ko`pincha haftasiga bir necha bor.
“Buni bilishimizning sababi shundaki, mamlakat bo`ylab yoyilgan davlat raqamlarini kuzatish tizimi internetda ochiq holda qolib ketgan”, deb yozadi nashr.
Ushbu jiddiy kamchilikni xavfsizlik bo`yicha tadqiqotchi Anurag Sen aniqlagan. Unga ko`ra, davlat raqamlarini kuzatish tizimi parolsiz holda internetga ulangan bo`lib, istalgan kishi undagi ma`lumotlarga kirish imkoniga ega. Tizim qancha vaqt davomida ommaga ochiq bo`lib turgani aniq emas, biroq tizimdagi ayrim ma`lumotlar bazasi 2024 yil sentyabr oyida yaratilganini, yo`l harakatini monitoring qilish esa 2025 yil o`rtalarida boshlanganini ko`rsatadi.
Mazkur ochiqlik milliy miqyosdagi davlat raqamlarini kuzatish tizimlari qanday ishlashi, ular qanday ma`lumotlarni yig`ishi va millionlab odamlarning mamlakat bo`ylab harakatini qanday qilib kuzatish mumkinligini kamdan-kam uchraydigan darajada yaqqol ko`rsatib beradi.
Senning aytishicha, u O`zbekistondagi ushbu ochiq kuzatuv tizimini shu oy boshida aniqlagan va xavfsizlikdagi kamchilik tafsilotlarini “TechCrunch” bilan bo`lishgan. Uning so`zlariga ko`ra, tizim ma`lumotlar bazasida kameralar joylashgan real manzillar, shuningdek, millionlab fotosuratlar va yo`ldan o`tayotgan avtomobillarning videoyozuvlari mavjud.
Tizim o`zini Xitoyning Shenchjen shahrida joylashgan, internetga ulangan yo`l harakati texnologiyalari, chegara nazorati tizimlari va kuzatuv mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi Maxvision kompaniyasining “aqlli transport boshqaruvi tizimi” sifatida ta`riflaydi. Kompaniyaning LinkedIn’dagi videosida kameralar “qoidabuzarlikning butun jarayonini qayd etishi” va “noqonuniy hamda o`tib ketayotgan transport haqidagi ma`lumotlarni real vaqt rejimida ko`rsatishi” mumkinligi aytiladi.
Maxvision’ning broshyurasiga ko`ra, kompaniya o`zining xavfsizlik va kuzatuv texnologiyalarini Burkina-Faso, Quvayt, Ummon, Meksika, Saudiya Arabistoni va O`zbekiston kabi davlatlarga eksport qiladi.
“TechCrunch” tomonidan ochiq qolgan tizim ichidagi ma`lumotlar tahlil qilinganda, O`zbekistonning yirik shaharlarida, shuningdek, muhim chorrahalar va asosiy transport yo`nalishlarida joylashgan kamida yuzta kamera aniqlangan.
Kameralarning GPS koordinatalari xaritaga tushirilganda Toshkentda, Jizzax va Qarshi shaharlarida, shuningdek, Namanganda davlat raqamlarini o`qiydigan kameralar majmualari mavjudligi ma`lum bo`lgan. Ayrim kameralar qishloq hududlarida ham joylashgan bo`lib, masalan, O`zbekiston va Tojikiston o`rtasidagi ilgari bahsli bo`lgan chegara hududlari yaqinidagi yo`llarda o`rnatilgan.
Mamlakatning eng yirik shahri Toshkentda bunday kameralar o`ndan ortiq joylarda uchraydi. Ularning ayrimlarini hatto Google Street View xizmatida ham ko`rish mumkin.
Internetga ochiq qolgan tizimning veb-interfeysi orqali operatorlar yo`l qoidabuzarliklari tasvirlarini ko`rib chiqishi mumkin bo`lgan boshqaruv paneliga kirish imkoniga ega. Ushbu panelda qoidabuzarliklarning yaqinlashtirilgan suratlari, “xom” videoyozuvlar hamda atrofdagi boshqa avtomobillar aks etgan tasvirlar mavjud.
Tizim Toshkentdagi O`zbekiston Ichki ishlar vazirligining Jamoat xavfsizligi departamenti tomonidan boshqariladi. Ushbu idora dekabr oyida xavfsizlikdagi kamchilik yuzasidan yuborilgan so`rovlarga javob bermagan.
Shuningdek, O`zbekiston hukumatining Vashington va Nyu-Yorkdagi vakillari ham “TechCrunch”ning mazkur ochiqlik haqidagi elektron xatlariga javob bermagan. O`zbekistondagi Kiberxavfsizlik hodisalariga chora ko`rish markazi – UZCERT esa tizim bo`yicha yuborilgan ogohlantirishga faqat avtomatik javob qaytarib, xat qabul qilinganini tasdiqlagan, xolos.
“Mazkur kuzatuv tizimi ushbu material yozilayotgan paytda hamon internetga ochiq holda qolmoqda”, deyiladi maqolada.