Prezident qarorini teskari talqin qilish qancha xodimning ishdan bo`shatilishiga sabab bo`ldi?

17.12.2025 05:39

2025 yil 14, 15 va 16 dekabrda butun O`zbekiston bo`ylab «Barkamol avlod» markazlari barcha viloyatlar va tumanlardagi direktorlari ommaviy ravishda ishdan bo`shatilgan. Bunga sabab va asos nima edi? Umuman, bunga biror asos bormi?

Gap shundaki, 2025 yil 8 sentyabr sanasida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabdan tashqari ta`lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to`g`risida”gi 277-sonli qarori qabul qilingan. 2025 yil 10 dekabr sanasida esa, mazkur 277-sonli qarorni ijro etish maqsadida, Vazirlar Mahkamasining “Kelajak markazlari” faoliyatini tartibga solishga qaratilgan ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to`g`risidagi 776-sonli qarori qabul qilindi.

Mazkur qarorga muvofiq, 776-sonli qarorning birinchi ilovasi bilan “Kelajak markazlari to`g`risida”gi nizom tasdiqlangan. Ushbu nizom kelajak markazlarining maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquq va majburiyatlari hamda faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi. Bunga ko`ra, Barkamol avlod tashkiloti tugatilib, uning negizida Kelajak markazlari tashkil etilmoqda.

Mazkur qarorning ijrosini ta`minlovchi idoralar, har doimgidek salla desa kallani olib, O`zbekistondagi barcha “Barkamol avlod” respublika bolalar maktabi va Respublika o`quvchi-yoshlar markazi rahbarlariga ariza yozdirib, aynan – “o`z ixtiyoriga ko`ra” ariza yozdirib, ishdan bo`shatib chiqishgan. Kecha, 16 dekabr sanasida butun respublikadagi tashkilot direktorlari ishdan bo`shashgan. Bunga esa, Prezident qarori asos qilib ko`rsatilgan.

Xo`sh, mazkur qaror direktorlarni ommaviy ishdan bo`shatishga asos bo`ladi oladimi?

8 sentyabrdagi Prezidentning 277-sonli qarorining ikkinchi bandida:
Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligi tizimida “Barkamol avlod” Respublika bolalar maktabi hamda Respublika o`quvchi-yoshlar markazi negizida Respublika kelajak markazi tashkil etilishi, bundan tashqari Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida ham shunday markazlar tashkil etilishi haqida aniq qilib yozib qo`yilgan. Ya`ni, bu erda tashkilot tugatilib, yangidan tuzilishi haqida gapirilmagan, tashkilot negizida markazlar tashkil etilishi aytilgan, demak, nomi o`zgargani va vazifalariga o`zgartirishlar kiritilgani uchun xodimlar yoppasiga ishdan ketishiga hech qanday sabab yo`q.

Mehnat kodeksining 156-moddasiga ko`ra, tashkilot mulkdori almashganda, tashkilot qayta tashkil etilganda, uning idoraviy bo`ysunishi o`zgarganda mehnat shartnomasining amal qilishi davom etadi. Tashkilot qayta tashkil etilganda mehnat munosabatlari avtomatik ravishda bekor qilinmaydi. Bunday holda hech kimga majburlab ariza yozdirish mumkin emas. Bu qonunchilikka zid.

Shuningdek, Oliy sud Plenumining 2021 yilda qabul qilingan 26-sonli qarorida mehnat shartnomasini bekor qilish tartibi belgilangan. Unga ko`ra, xodimning tashabbusi bilan shartnomani bekor qilish uchun xodimning o`zi ariza yozishi kerak. Plenum qarorining 21-bandida mehnat shartnomasini bekor qilish xodimning ishni haqiqatda tashlab ketishi yoki yozma arizasi asosida amalga oshirilishi, xodimga nisbatan bosim o`tkazib, majburlab ariza yozdirish mumkin emasligi belgilab qo`yilgan.

Mehnat kodeksining 89-moddasiga ko`ra, mehnat shartnomasini bekor qilish uchun mulkdor o`zgarishi asos bo`lishi mumkin, ammo bu faqat rahbar, o`rinbosar, bosh buxgalter va filial rahbarlariga nisbatan qo`llaniladi. Lekin hozirgi holatda, Prezidentning 277-sonli qarori va 776-sonli qarorda mulkdor almashishi belgilanmagan. Demak, mehnat munosabatlari xodimning roziligisiz davom etadi. Agar xodim mehnat munosabatlarini davom ettirishni istamasa, u holda shartnoma 156-modda asosida bekor qilinishi mumkin.
Prezident qarorida rahbar kadrlarni tanlashda strategik fikrlash, zamonaviy bilim va ko`nikmalar, raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish kabi talablar qo`yilgan, ammo amaldagi rahbarlarni majburiy ravishda ishdan olish haqida hech qanday norma mavjud emas.

Vazir nega qonunni buzmoqda?

Ammo, Maktabgacha va maktab ta`limi vaziri E`zozxon Gapirjanovna Karimovaning 2025 yil 30 sentyabrda qabul qilgan 368-sonli buyrug`i asosida, joylardagi xodimlarga majburan yoppasiga arizalar yozdirilib, ular ishdan bo`shatilmoqda. Ya`ni, direktorlar “o`z tashabbuslari bilan” ishdan ketishlari tashkil qilingan. Ma`lum bo`lishicha, respublika bo`yicha 200 nafardan ortiq «Barkamol avlod» markazlari direktorlaridan majburiy tarzda ishdan bo`shash haqida ariza yozdirib olingan. Hozirda barcha direktorlar ishdan ommaviy bo`shatilgan. Eng qizig`i, bugun Kelajak markazlari direktorlari lavozimlari uchun vakantlar ko`rsatilib, tanlov e`lon qilingan. Bu ko`zbo`yamachilikning sababi esa, hozircha noma`lum.

Bu holat nimani anglatishi, bundan kim manfaatdor ekanligi, Prezident qarorlarini noto`g`ri talqin qilish kimga kerakligi haqidagi savollar hozircha ochiq qolmoqda, haqiqat shuki, butun respublika bo`ylab 200 dan oshiq rahbar xodimlar ommaviy ravishda “o`z arizalariga ko`ra” ishdan bo`shatilgan. Bu haqda vazirning matbuot kotibi Dilfuza Sobirovaga bog`langanimizda, u barcha savollarimizni ochiq qoldirdi va javob berishni istamadi. Aslida matbuot kotiblarining vazifasi nima ekanligi haqidagi savol esa, alohida mavzu.
Nima bo`lganda ham, bu holat mehnat qonunchiligi va inson huquqlarining qo`pol ravishda, ochiq-oydin buzilishi va bu shu holda qolishi mumkin emas.

Holat yuzasidan Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, Kambag`allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili hamda O`zbekiston kasaba uyushmalari federasiyasiga murojaatlar yo`llangani aytilmoqda. Hozircha murojaatlarga biror jo`yali javob berilmagan va bu haqda rasmiy idoralar tomonidan biror munosabat ham bildirilmadi. Bu vaziyatda albatta rasmiy munosabat bildirilishi va fuqarolarning qonuniy huquqlari tiklanishi shart deb hisoblaymiz va mutasaddi idoralardan ma`lumot kutamiz.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
11
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар