Poytaxtdan ko`rsatilayotgan muammolar

23.03.2021 11:54

Prezidentimizning viloyatlarga so`nggi ikki tashrifi davomida kutilmaganda protokol yo`nalishlarini o`zgartirib, viloyat kazo-kazolari u yoqda tursin, etti uxlab tushiga kirmagan mahallalar oralab aholi ichiga bevosita kirib borishi avvaldan tadorik ko`rib, kamchiligini yashirib, yaxshisini oshirib yurgan viloyatu tumanlarning to`ralarini anchayin dovdiratib qo`ydi.

Davlat rahbarining Namanganga safari davomida shahardan 8 kilometr uzoqlikdagi “Bunyodkor” MFY binosidagi xarobalik, mahallaga eltuvchi infratuzilmalarning yomonligi Prezidentning jiddiy e`tiroziga sabab bo`ldi.

Muammoni joyida hal etishga bel bog`lagan viloyatning yangi hokimi Shavkat Abdurazzoqov shu mahallaning o`zida konteyner uy qurib, eski “Bunyodkor”ni qisqa muddat ichida yangicha qilib yuborishga va`da berdi.

Ammo oxirgi kunlarda e`lon qilinayotgan ma`lumotlar va rasmlar “konteyner” degan matohning oddiy mehnatkashlar yotib ishlaydigan kamtargina vagoncha emas, balki yaxshigina xarajat talab etadigan “komfort” dala-hovlini ko`rsatib turibdi.

Namangan viloyat hokimligi tarqatgan axborotga ko`ra, “Viloyat hokimi uyi” deb nom berilgan go`sha bir necha konteynerdan iborat bo`ladi va unda yashash uchun barcha sharoit muhayyo qilinadi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi tanqidlar sababi shuki, hokim mahalladagi muammolarni echish o`rniga katta mablag` sarflab o`ziga sharoit yaratish bilan band bo`lib qolmoqda, degan haqli e`tirozlar bo`lmoqda.

Aslida bu erdagi ahvolni yaxshilash uchun konteyner qo`yib yotib olish ham shart emas. Mas`ul o`rinbosar yoki tuman mutasaddisini qo`yib, ishni tashkil qilish kifoya. Aks holda viloyat hokimi yuzlab mahallalarga shu zaylda yashab chiqishiga to`g`ri keladi. Go`yoki, faqatgina Bunyodkor mahallasida vaziyat og`irdek shu mahallaga jon-jahdi bilan yopishgan.

Qolaversa, aholining asl muammosi faqat mahalla idorasini qurib qo`yish, katta yo`l bo`yini obod qilish yoki ko`cha devorini oqlash, ariq chetiga gul ekish, o`nqir-cho`nqir ko`chani tekislab, shag`al yotqizish bilan hal bo`lmaydi. Muhim infratuzilmalarni yaratish, uzluksiz sharoitlarni muhayyo etish kerak. Ularga ish o`rinlari zarur, daromad topadigan manbalar kerak.

Hokimdan qo`rqib tomorqasiga ko`chat qadagan mardum rahbar ketgach unga suv ham qo`ymay qo`yishi, eski hammom eski tosligicha qolaverishi mumkin. Yap-yangi elektr “stolba” elektri doimiy uzilib tursa, millionlarga o`tkazilgan quvurlar ham zanglab yotsa, undan ne naf?

O`z aravasini tortib tirikchiligi iziga tushib ketgan odamlarga majlisbozligu aql o`rgatishlar ortiqcha, eshigini taqillatib nimani qanday ekishni ham o`rgatish ma`nisiz va foydasizdir.

“Konteyner uy shaharning birin-ketin obod qilinadigan mahallalarida hokim bilan birga ko`chib yurishga moslanayotgani” esa o`xshamagan piardir.

Agar hokimlar haqiqatdan bu muammolarni bilmaganu mamlakat rahbari borib ko`rsatib bergachgina sezib qolgan bo`lsa, bu katta fojia. Unda shu zayl poytaxtdan borib yana qancha muammolarni ko`rsatib berish kerak degan savol tug`iladi.

Agar buni bilgan bo`lishsayu, Prezident kelishi arafasida ham chorasini ko`rishmagan bo`lishsa, unda oddiy aholi bilan ham hech kim hisoblashmagan bo`ladi.

Endi shu joyda savol tug`iladi: Namangan viloyat hokimining oldiga ish bilan kelgan amaldorlar va aholi uni qaerdan topadi. Hokimiyatdan bir necha chaqirim yo`l bosib mahallaga kelishadimi? Viloyat rahbarining vaqti qanday reglamentlashtiriladi?

Bir paytlar nomi boru o`zi yo`q matbuot kotiblari instituti oxirgi yillarda tizimli yaratilgani nisbatan bo`lsada, mahalliy hokimliklarni ham axborot siyosati borasida ochilishga majbur qilgani rost. Ammo piar imijini matbuot kotiblari to`liq ta`minlab bera olmayotgani ham haqiqat.

Imijmeykerlar kerak...

Barcha hokimlar o`z obro` va e`tiborini o`ylasa, albatta imijmeyker shtatini ochishi kerak.

Imijmeykerlar bo`lganda selektorni bir soatdan ortiq cho`zmaslik, paxta dalasiga yangi kostyum-shim bilan kirmaslik, qabul vaqtida so`kinmaslik, bekorchi va tantiq o`g`il tugul o`zi ham qimmatbaho mashinalarda yurmaslik, qarindosh-urug`iga tenderda qurilish loyihalarini tasdiqlashga topshiriq bermaslik kabi jinoyatga boshlaydigan harakatlardan tiyib qolgan bo`larmidi...

Investorni ko`chada qabul qilmay, kunlab kuttirish foyda emas, zarar ekanligi, hokimiyat binosining atrofini temir to`siqlar bilan o`rab olish va odamlarni qachon qabul qilish vaqtini belgilab qo`yish noto`g`ri ekanligini, fermerning erini tortib olish, tadbirkorning mulkini buzib tashlash jinoyatligini, tanqidga bosh berolmay mahalliy blogerni qamab qo`yish global darajada so`z erkinligiga tahdid ekanligini tushuntirib beradigan imijmeykerlarga albatta quloq tutish kerak.

Tuman hokimi bir hafta-o`n kunga davolanishga ketsa, o`rniga o`roqda yo`q, mashoqda yo`q maktabni endi tugatgan tajribasiz yoshni hokim qilib qo`yishning huquqiy asosi ishlab chiqilmagan, qonunga zid harakatligi, hokimlik lavozimi tajriba o`tkazadigan laboratoriya emasligi haqida ochiq aytadigan maslahatchilar kerak.

Yaxshiroq imij yaratishni istagan hokimlar albatta bu kabi mutaxassislar tavsiya va fikriga quloq tutishi, o`zini mutlaqo jahon tutib, bilganim bilgan, aytganim aytgan, degan eskicha qarashdan voz kechish lozim.

Haligacha kasb sifatida ro`yxatdan o`tmagan imijmeykerlar nafaqat obraz, balki rahbar qiyofasini yaratishga xizmat qiladi. Ochig`i, oxirgi yillarda hokimlarning faqat tashqi sifatlarini ko`klarga ko`tarib, yo`q narsalarni borday ko`rsatayotgan matbuot xizmatlari xodimlari qiynalib ketishdi, jurnalistlarni ham ezib yuborishdi.

Ularning ichki namunali fazilatlarini (agar bo`lsa) yaqqol ko`rsatish, xalqning chinakam fidoyi rahbarlari, ularni ko`rganda simpatiya uyg`onadigan, ijobiy shaxslar sifatida shakllantirishda bu kasb vakillari xizmatlaridan juda unumli foydalanishni davrning o`zi talab qilmoqda. Bu orqali viloyatlar yig`ilib butun O`zbekistonning umumiy imiji ham yaratiladi va xalqaro maydondagi nufuzi ham shakllanadi.

Mahalla raislari sobiq harbiylardan tanlanishi mantiqqan to`g`rimi?

2021 yilda 2951 ta mahalla binolari qurilishi uchun 1,7 trillion so`m ajratilishi ham anchagina bahsli. U davlat-xususiy sheriklik asosida quriladimi, mahalliy byudjetlarning qo`shimcha daromadlaridan quriladimi, mahalla binosi odamlarni ish bilan ta`minlamaydi, aksincha mahalliy byudjetlarga qo`shimcha yuk bo`ladi.

Aholiga xizmat ko`rsatuvchi mahalla raisiga muhtasham koshona qurish shart emas, balki istalgan birorta korxona, maktab, bog`cha va ijtimoiy obe`ktni yoki o`z uyining ko`cha tomonidan biror xonani moslashtirib berilsa ham bo`laveradi. Chunki mahalla raisining kuni ko`chada o`tadi, ishi esa xalqqa xizmat.

Buncha mablag`ni foizsiz kreditlarga, iqtisodiyotning real sektoriga ajratish nihoyatda katta samara berishi aniqroq ekanini iqtisodchi bo`lmagan oddiy odam ham yaxshi anglaydi.

Ko`pgina muammolarimiz ilmsizlikdan, prinsipsizlikdan kelib chiqmoqda. Hech bo`lmaganda, so`nggi 25 yilda yo`qolib ketgan mahalla kutubxonalari tizimini qayta tiklash va uning ichini adabiyotlar, qo`llanmalar, gazeta jurnallar, elektron kitoblar bilan to`ldirish tizimini yo`lga qo`ysak mamlakat ma`naviy-ijtimoiy iqlimiga ko`proq foydali bo`lardi.

Mahalla raisi o`zi ham o`qib o`rgansin, bola puli so`rab kelgan va turmush o`rtog`i Rossiyaga ketgan ayolga shilqimlik qilmasin. Mahallalar raisi 50 yoshdan oshgan bo`lishi shart emas. Innovasion yondashuvi va g`ayratu shijoati bo`lsa 30 yoshda ham gullatib ishlasa bo`ladi.

Albatta mahalla binosi go`zal va ko`rkam bo`lishi yaxshi. Ammo shaklbozlik ketidan quvib, mazmunni boy berib qo`yapmiz. Yangi binolarni mebel, maishiy texnika va boshqa jihozlar bilan ta`minlash xarajatlarini “Mahalla” xayriya jamoat fondi, hokimiyatlarning grantlari, kreditlari va qo`shimcha mablag`lari hisobidan qoplanishi tabiiyki, shubhali savollar uyg`otadi.

“Mahalla” kabi xalqqa moliyaviy holati to`g`risida shu paytgacha ochiq hisobotlar taqdim etmagan jamg`armaga milliardlarni o`tkazish, hamma mahalla binosini bir xildagi “namunaviy bino qiyofasi”da qurish beo`xshov monolitlikni kuchaytiradi, eski sovetlar davrini eslatadi. Har bir mahalla alohida organizm bo`lsa, uning qiyofasi ham o`ziga xos bo`lishi kerak emasmi?

Qolaversa mahalla institutini qanchalik “davlatlashtirgani” sari u o`zining asl ildizu mohiyatidan, ijtimoiy tuzilma – jamoatchilik tashkiloti, o`zini-o`zi boshqarish organi sifatidagi mavkiedan tobora uzoqlashib bormoqda. Ularning ishiga joylardagi ijroiya hokimiyati rahbarlarining bevosita aralashuvi xalqaro andozalardagi jamoatchilik tuzilmasiga nisbatan qaror topgan tushuncha yondashuvlardan ancha farq qiladi.

Jamoat tashkilotlariga mas`ul bo`lgan, o`zining ochiqligi va demokratik prinsiplari bilan tanilayotgan Adliya vazirligi albatta mahallalarni yagona vazirlik orqali boshqaruvi nechog`li huquqiy asosga ega ekanligiga o`zining huquqiy bahosini berish kerak.

Mahallalarning Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligiga biriktirilishi va bu tizim xodimlarining ichki ishlar organlari xodimlaridan tanlanishi esa tizimni polisiyalashtiridi va albatta inson huquqlarining umume`tirof etilgan tamoyillariga ziddir.

Toshkentdan qancha-qancha sarf-xarajat qilib, bloknot ko`tarib, har bir uyning darvozasini taqillatib, “Nima muammo bor”, deb hal qilib bo`lmaydigan ishlarni qog`ozga quruq yozib ketishni ham bas qilish kerak.

O`zi muammosi bilan idoraga kelgan, xat bilan murojaat etgan, ommaviy axborot vositalarida chiqayotgan odamning mushkuli oson qilinsa ham kifoya, olam guliston. Bu o`rinda avvalroq Farg`onada “Shodiyona” mahallasida aholi raisning ishlaridan norozi bo`lib yozg`irganini ham unutib bo`lmaydi.

Hokim albatta uddaburon, xalqparvar, fidoyi va mehnatkash bo`lishi mumkin. Ammo ishni tizimli va intellektual darajada tashkil qilmasa, qilayotgan xayrli amallari teskari aks-sado berishi mumkin.

Namangan viloyati yangi hokimi Shavkat Abdurazzoqov ham ish boshlash arafasida shunday ziddiyatli vaziyat bilan to`qnash kelayotgani sir emas...

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
2
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
24.03.2021 10:04
Ёзганниям, эълон қилганниям ота онасига раҳмат. Аллоҳ барака берсин. Давлат раҳбарига етиб бориб тўғри хулоса чиқарсин.