O`zbekistonda to`y-hashamlarni tartibga solishga yana bir bor urinib ko`riladi. Ammo natija bo`ladimi?

23.09.2025 11:00

O`zbekistonda to`y va ma`raka har doim xalqning yuragiga yaqin, milliy madaniyatning ajralmas qismi bo`lib kelgan. Biroq keyingi yillarda bu an`ana ko`pincha ortiqcha shukuh, isrof va turli xo`jako`rsinlar bilan o`tishi jamiyatda katta bahslarga sabab bo`lmoqda. To`g`ri, to`yni ortiqcha sarf-xarajatsiz o`tkazib namuna bo`layotgan oilalar ham yo`q emas.

2019 yilda qabul qilingan Vazirlar Mahkamasi qarorida to`ylar belgilangan me`yorlarda – mehmonlar soni cheklangan, marosim vaqti aniq va isrofgarchilikka yo`l qo`yilmasligi shart etib belgilangandi. Biroq, baribir bu bilan ham to`ylarni nazoratga olishning imkoni bo`lmadi. Qimmat kelin-kuyov avtokarvonlari, tartibsiz harakatlar va orada bu holat oqibatida YTH qurbonlari ham bo`lgani hech kimga sir emas.

Aslida, bu masala bundan avval ham qonunchilik darajasiga ko`tarilgan. 2018 yil mart oyida to`y va ma`rakalarni cheklash bo`yicha hujjat muhokamaga qo`yilgan, ammo qabul qilinmagan. 2020 yilda esa parlament maxsus qonun qabul qilib, to`y va oilaviy tadbirlarni soat 06:00 dan 23:00 gacha o`tkazish, mehmonlar sonini 200–250 kishidan oshirmaslik, avtokarvonni uchta engil avtomobil bilan cheklash, san`atkor va to`yxona egalari bilan shartnoma tuzish kabi talablarni belgilagan. Shu bilan birga, Ma`muriy javobgarlik kodeksiga 192-1-modda kiritilib, talablar buzilganda 3,75 mln so`mdan 18,75 mln so`mgacha jarima belgilangan. Ammo amaliyotda bu modda deyarli ishlamagani — 2020–2024 yillarda sudlarda juda kam ish ko`rilgani — qonun bor-u, nazorat etarli emasligini ko`rsatib turibdi.

Shu bilan birga, yaqinda, 2025 yil 16 sentyabrdagi Vazirlar Mahkamasining 589-son qarori bilan “Oqilona iste`mol” (Save food) dasturi amalga kiritilib, uning doirasida to`ylar, oilaviy tantanalar, ma`raka va marosimlar belgilangan tartibda o`tkazilishi qat`iy nazoratga olinishi belgilandi. Xo`sh, endi bu bilan to`ylarimiz ixchamlashib qoladimi? Odamlar bir kunlik tantana uchun falon miqdordagi kreditlar olishdan, katta qarz ko`tarishdan voz kechadimi? Qator amaldorlarning o`zi o`tkazgan to`ylarni ko`rgan odam, bular qonunlarga atay qarshi chiqmoqdami deb o`ylashi ham tabiiy. Axir to`ydagi isrofgarchilik va dabdabani ko`rganlar bu erda qancha xarajat ketganini bir qarashda anglab oladi.

Biroq, amaliyotda ko`p hollarda bu talablarga amal qilinmayapti. Restoranlardagi qimmat dasturxonlar, san`atkorlarga katta haq to`lab bazmni qizdirishga chaqiruv, to`ydan oldin va keyin o`tkaziladigan qo`shimcha tadbirlar – bularning barchasi oilaviy byudjetga og`ir yuk bo`lmoqda.

“Yoshim ancha ulg`ayib qolgani uchun uydagilar qistovi bilan kelin topib tezroq to`yni o`tkazish payiga tushdik. Kelin topildi, tez orada to`y ham o`tdi. Tanish-bilishlarim ko`p, kichik to`y qilsak uyat bo`ladi. Kredit olib, bazmni eldan kam qilmagan holda o`tkazdik. O`zim ijarada yashardim. Keyin ijara uyda kelin bilan yashay boshladik. Bo`ynimda katta qarz. Ko`p o`tmasdan oilaviy nizolar sabab ajrashishga to`g`ri keldi. Havaslar ortidan bo`ynimga ilingan kredit yukidan hali qutilmay turib, ikki karra baxtsizman. Endi yana uylanishim kerak, ammo uylanishga pulni qaerdan olaman degan o`ylov bor”, deydi internet tarmog`i foydalanuvchilaridan biri.

Mutaxassislar fikriga ko`ra, ortiqcha xarajatli to`ylar jamiyatga ikki tomonlama salbiy ta`sir ko`rsatadi. Birinchidan, iqtisodiy jihatdan – qarzdorlik ortib, yosh oilalarning hayoti qarz bilan boshlanmoqda. Ikkinchidan, ma`naviy jihatdan – “qo`shnidan orqada qolmaslik” uchun sun`iy raqobat kuchaymoqda. Bu esa, to`yning asl mohiyati – samimiyat va oilaviy baxt tantanasini yo`qotmoqda.

Fuqarolarning ham fikri ikki xil: bir qismi katta to`yni obro`-e`tibor belgisi deb hisoblasa, boshqalari to`yning bunday dabdaba bilan o`tishiga qarshi.

“Mening ukam yaqinda uylanishi kerak, ikki oydan beri uydagilarga tushuntirishga harakat qilaman, biroq imkoni bo`lmayapti. Otam boshqalarni to`yini eganman, elga ham edirishim kerak deb qo`ymayaptilar”, deb yozadi yana bir fuqaro.

Shunday ekan, savol tug`iladi: nega qonun bor-u, nazorat etarli emas? Nega mahalla va mas`ul komissiyalar ko`p hollarda faqat “nomiga” ishlaydi? Agar bu tizim amaliy kuchga ega bo`lmasa, to`ylardan keyingi qarzdorlik va ijtimoiy tengsizlik yana davom etaveradi.

Shuning uchun masalaga jiddiy yondashish vaqti keldi. To`y – xalqning shodlik kuni, ammo u xalqning elkasidagi og`ir yukka aylanmasligi shart. Qonun bor, qarorlar bor, lekin nazorat sust. Agar mas`ul idoralar talabni qat`iy qo`llamasa, ma`naviy-ma`rifiy ishlar kuchaytirilmasa, ertaga minglab yoshlar qarzdorlikda, minglab oilalar baxtsizlikda qolishi muqarrar.

To`y orqali obro` orttirish mumkin emas, faqat baxtli oila qurish mumkin. Shuni anglab etsakgina, “oqilona iste`mol” haqiqiy ma`noda amalga oshadi, to`ylarimiz isrofsiz, samimiyatga to`la va haqiqiy bayramga aylanadi.

 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар