O`zbekistonga besoqolbozlikni singdirish signallari kelmoqda

18.03.2021 15:03

Bachchabozlik madaniyati olib kirilyapti, biz ikkinchi va uchinchi bosqich o`rtasida turibmiz...

Besoqolbozlik – qo`poruvchilik boshlangani haqidagi dahshatli signaldir...

OITSga qarshi kurash niqobi ostida onglar yovuzlikka ishlatilmoqda...

Maqsad insonni shaxs emas, maxluq sifatida rivojlantirish...

E`tibor berilsa, keyingi paytlarda bir qator OAV va ijtimoiy tarmoqlarda Jinoyat kodeksining 120-moddasi (besoqolbozlik) masalasida fikrlar baralla yangray boshladi.

Dastlab feysbukdagi ayrim sahifalarda go`yoki, gomoseksualizm to`g`risida odamlarning fikrini o`rganish maqsadida turli so`rovnomalar joylashtira boshlandi.

Ulardan biri “Farzandingiz uyga kelib, o`zini noan`anaviy orientasiya vakili ekanini aytsa, sizning reaksiyangiz qanday bo`ladi?” degan savol edi.

Albatta, ushbu muhokamalarda besoqolbozlik to`g`risida aksar salbiy fikrlar aytiladi, qoralanadi va la`natlanadi. Lekin... bahslar oqlash yo qoralash uchun emas, shu mavzu haqida ko`proq o`ylash va gapirish uchun tashkil etilyapti-da. Bu respublikamizga qarshi dahshatli ma`naviy qo`poruvchilik boshlangani haqida signaldir.

Azaldan boshqa mamlakatni tobe qilish uchun uning xalqini ma`naviyatini emirish, ma`naviy qullikka solish, umuman begona xalq ongi, shuuri, qalbini zabt etish muhimligi haqidagi nazariyalar haqida eshitganmiz. Jafokash xalqimiz ma`naviyatimizga tajovuzlarni ko`p bora boshidan kechirgan va ularning asoratlari hali bitgani, unutilgani yo`q.

Zamonaviy psixologiya, sosiologiya yutuqlari, imkoniyatlari bugungi kunda nafaqat ezgulik yo`lida, balki yovuzlik yo`lida ham ishlatilmoqda. Bugun asosiy urush onglarda, tafakkurda kechyapti.

Endi mamlakatlarning hududini emas, ular aholisining ongini zabt etish bosh maqsadga aylangan. Bunda avvalo, ma`naviy qadriyatlarga zarba berish maqsad qilib olingan.

Bunda ularga “Overton darchasi” yordam beryapti.

“OVERTON DARChASI” NIMA?

Muayyan bir jamiyatga uning axloqiga butunlay yot, jirkanch g`oyani olib kirib, jamiyat tomonidan unga nisbatan xotirjam munosabatni shakllantirish, jamoatchilikning shu narsani me`yoriy hol sifatida qabul qilinishiga erishish uchun siyosiy texnologiyalardan biri – “Overton darchasi” nazariyasidan foydalanadilar.

Bu nazariyani amerikalik sosiolog Jozef P. Overton bayon qilgan, olim vafot etgach, nazariyaning nomi ham uning sharafiga “Overton” nazariyasi deya nomlangan.

Overton o`z nazariyasida begona g`oyalarning jamiyatga qanday qilib etkazib berilishi va jamoatchilik nuqtai nazaridagi “og`ish burchagiga” qanday erishilishi haqida so`zlab beradi.

Overtonga ko`ra, yangi g`oyalarni singdirish va qabul qildirish quyidagi bosqichlarda kechadi:

· G`oya hatto o`ylab bo`lmaydigan darajada tabu.

· Radikal ravishda rad etiladi.

· O`ylab ko`rsa bo`ladi.

· Asosi bor, bekor gap emas.

· Odatiy narsa.

· Rostdan ham shunday.

Sinchkovlik bilan e`tibor berilsa, bu jarayon shunchaki sodir bo`layotgani yo`qdek, uning ortida ijtimoiy fikrga ta`sir qilishga yo`naltirilgan ma`lum bir boshqariladigan, muvofiqlashtirilayotgan kuchlar turgandek.

Bugungi kunda xuddi shu tarzda bachchabozlik madaniyati bizga olib kirilyapti. Biz hozir ikkinchi va uchinchi bosqich o`rtasida turibmiz. Ya`ni bir guruh odamlar bachchabozlikni qattiq qoralaydi, boshqa guruh esa “nega shunday bo`ladi?”, “sababi nima?”, “tagini surishtiraylik”, “bular ham bilmasa gapirmas”, deya ikkilana boshlagan. Bu hol ijtimoiy tarmoqdagi muhokamalar va bahslarda yaqqol ko`rinib turibdi. Demak, O`zbekistonda bachchabozlik g`oyasi uchun allaqachon “Overton tuynugi” ochilgan, deyishga asos bor.

NIMA QILMOQ KERAK?

Overton o`z nazariyasida bu tuynukka qarshi qanday choralar bilan kurashishni ham aytib o`tgan.

Birinchi chora – bu hammaga o`xshash, o`rtacha bo`lishga intilmay (ya`ni taqlid qilmay), o`z individualligini saqlab qolish. Bizning vaziyatda bu milliy va diniy qadriyatlarimizga sodiqlikni anglatadi.

Olaylik, maktablarda jinsiy tarbiya ma`ruzalarini o`tish bahonasida go`yoki, ma`rifat darslarini tashkil etib, turli saqlanish vositalarini tushuntirish orqali faol va betartib jinsiy hayot targ`ib qilinadi.

Aslida o`zbeklarda jinsiy tarbiya maktabi bor, faqat bu o`ziga xos, pinhona tarzda olib boriladi. Bu erda mavzuni hadeb muhokama qilaverish emas, ma`lumotni chiroyli va iboli tarzda onalardan qizlarga, opalardan singillarga, jo`ralar orqali bo`z yigitlarga etkazish an`anasi mavjud.

Bu bizning qadriyatimiz, individualligimizdir. Nega buni g`arbona ochiq jinsiy tarbiya darslariga aylantirib, o`g`il va qiz bolalarni yonma-yon o`tqazib qo`yib, bu haqida og`iz ochishdek surbetlikka yo`l qo`yishimiz kerak?

O`z vaqtida Adliya vazirligi tomonidan vakolatli tashkilotlar bilan birgalikda LGBTni legalizasiya qilishga bo`lgan har qanday harakat ustalik va tezkorlik bilan bostirilgan edi.

Shuni ta`kidlash kerakki, vazirlikning jamoat boshqarmasi ayrim xalqaro va xorijiy tashkilotlardan moliyalashtiriladigan nohukumat tashkilotlar tomonidan OITSga qarshi kurash niqobi ostida LGBT g`oyasini himoya qilish, targ`ib etish va qonuniylashtirish harakatlarining har qanday ko`rinishlarini o`z vaqtida aniqlar va ularni yo`q qilishga qaratilgan barcha choralarni ochiq va zimdan tezkorlik bilan ishga solardi.

Biz mamlakatning oddiy fuqarosi sifatida adliya organlari bugun ham “ko`zga ko`rinmas” front chiziqlarida urushni davom ettirayotganini his qilib turibmiz.

Biroq bu nafaqat mazkur tashkilotning ishi, balki har bir yurtdoshimiz bong uradigan, qarshi kurashadigan masaladir. Buning uchun zamonaviy ijtimoiy texnologiyalar, psixologik nazariyalardan xabardor bo`lgan tuzilmalarga ehtiyoj mavjuddek ko`rinadi.

Endilikda ham yot g`oyalarga qarshi kurashdan to`xtamaslik, uni yangi bosqichga olib chiqish lozim. Chunki u g`oyalarni shunday yashirin, maftunkor va zimdan ishlab chiqilgan usullar bilan singdirilyaptiki, hushyorlikni oshirmasak bo`lmaydi.

Keyingi chora – evfemizm va tushunarsiz imo-ishoralardan voz kechib, haqiqatni boricha aytish. Masalan, kimdir bir besoqolbozning o`limi mavzusi bilan spekulyasiya qilib, 120-moddani JKdan chiqarib tashlashni tavsiya qiladi. Diqqat: Overton darchasi ochildi!

Shunday vaziyatda savolni ochiq qoldirish yoki turlicha talqin qilish mumkin bo`lgan (evfemizm) ishoralar bilan passiv qarshilik qilish bu taklifga yashash huquqini berishdir. O`sha joyidayoq “Siz demokratiyani bahona qilib, besoqolbozlik mavzusida Overton tuynugini ochmoqchisiz. Aslida, demokratiya ko`pchilik fikrining ozchilikdan ustunligi emasmi? Shunday ekan, besoqolbozlikka millatimizning ko`pchilik qismi qarshi bo`lgani holda demokratik asoslarga ko`ra u bizning milliy qadriyatlarimizning bir qismiga aylana olmaydi”, deya gapni ochiq aytib, mavzuni o`sha erda uzil-kesil yopish lozim.

XULOSALAR VA TAVSIYaLAR

Yuqoridagilardan quyidagi xulosalarni chiqarish mumkin:

1. Bizda allaqachon turli zararli ijtimoiy manipulyasion texnologiyalar amalda qo`llana boshlagan. Shulardan biri “Overton darchasi” nazariyasi bo`lib, undan bachchabozlik g`oyasini keng yoyish va qabul qildirish uchun foydalanilayotganiga ko`plab aniq dalillar bor. Ahvol shunday davom etaversa, biz yurtimizda ilk bor muvaffaqiyatli amalga oshirilgan “Overton darchasi” amaliyotiga guvoh bo`lishimiz mumkin.

Birinchi tavsiya har bir insonga – ogoh bo`ling!

2. Ushbu nazariyani amalga oshirishda millatimizning ojiz tomonlaridan foydalanishyapti, ya`ni birovlarning aybini gapirishda juda o`zimizga erk berishimiz, muhokamada faol bo`lishimiz, g`iybatni yaxshi ko`rishimizdan.

Albatta, bachchabozlik tariximizda bo`lgan, lekin bu mavzu hech qachon bozorda jar solinmagan, matbuotda muhokama qilinmagan, televidenieda bunday holatlar ko`rsatilmagan, filmlar va badiiy asarlarga qahramon qilib olinmagan. Endi bo`lsa, salbiy bo`yoqda bo`lsa ham, bu mavzu ko`p yoritilyapti. Bachchabozlikka qo`yilgan tabu olib tashlandi! Aslida tabu tabuligicha qolishi kerak. Bu haqida gapirilgani sayin “Overton darchasi” kengroq ochilaveradi.

Ikkinchi tavsiya OAV va blogerlarga – ushbu mavzuni qat`iy tabu ostiga qo`yaylik!

3. Bu shunchaki ma`naviy qo`poruvchilik emas, balki siyosiy diversiya hamdir. Masalan, bir paytlar tamaki va spirtli ichimliklarni yashirin yo oshkora targ`ib qilish, fohishalikka ko`z yumish, hatto uni oqlash orqali ommaning ongini falajlashga harakatlar bo`lgan, hatto bu harakatlar ma`lum o`rinlarda muvaffaqiyat qozongan ham. Maqsad insonni shaxs emas, jonzot, maxluq sifatida rivojlantirish, instinktlariga ko`proq bo`ysunishga o`rgatish, uni ma`nan cho`ktirish, jismga qul qilish edi. Bu ish endi gomoseksualizmni singdirish orqali amalga oshirilmoqchi. Chunki inson bu illatlarga ruju qo`ygandan keyin, unda davlatchilik, vatanparvarlik, o`zligini saqlashga, sha`nini himoya qilishga intilish kabi ma`naviy fazilatlar yo`qoladi. O`ziga jismoniy lazzat olib kelayotgan narsalarga oson ruxsat beradigan siyosat va mafkuraga ergashish uchun hamma narsaga tayyor bo`lib qoladi. Bunday fikrlaydigan xalqni har tomonga etaklash oson bo`ladi.

Uchinchi tavsiya hammaga – ongingizni, o`zligingizni muhofaza qiling!

O`zbek xalqi o`z tabiati va milliy an`analariga qarshi bora olmaydi. Besoqolbozlik insoniyat naslining, hayotning bardavomligiga barham berish uchun da`vatdir. Inson fitratiga qarshi isyondir. Biz bu da`vatni qabul qilmaymiz va unga yo`q deymiz. Biz umuminsoniy va milliy qadriyatlar tomonidamiz.

Mirkomil SOBITOV,
tahlilchi

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
6
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
20.03.2021 15:56
Maqola muallifiga "Mehrobdan chayon"ni o'qib chiqishni maslahat berardim.
18.03.2021 21:31
Dunyo Dajjol chiqishiga tayyorlanyapti