O`zbekistonda maishiy chiqindilarning atigi 5 foizi qayta ishlanadi

15.08.2025 15:57

Prezident Shavkat Mirziyoev chiqindilarni qayta ishlashni kengaytirish chora-tadbirlari bo`yicha taqdimot bilan tanishdi.

Aytilishicha, oxirgi uch yilda chiqindilarni qayta ishlashni kengaytirishga ikki trillion so`mdan ziyod mablag` yo`naltirilgan. O`tgan yili Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tashkil etilgan.

“Chiqindi korxonalari uchun 1 ming 200 ta yangi texnika olib berildi. Mahallalarda chiqindi maydonchalari qurildi. To`plash va tashib ketish yaxshilangani natijasida bu tarmoq ikkilamchi xom ashyo manbaiga aylandi.

Avvallari davlat monopoliyasida bo`lgan sohada tadbirkorlikka yo`l ochilib, qulay biznes muhiti yaratildi. Jumladan, sanitar-tozalash hamda chiqindini qayta ishlash korxonalari uchun foyda solig`i va ijtimoiy soliq stavkalari bir foiz etib belgilandi. Chetdan olib kelinadigan texnika va uskunalar import bojidan ozod qilindi. Natijada 200 ga yaqin sanitar-tozalash va 290 ta chiqindini qayta ishlash korxonalari ochildi”, deyiladi manbada.

Taqdimotda mutasaddilar sohadagi loyihalarning borishi va galdagi rejalar haqida axborot bergan.

Qayd etilishicha, O`zbekistonda yiliga 14 million tonna maishiy chiqindi hosil bo`ladi. Lekin ularni qayta ishlash darajasi past. So`nggi yillardagi loyihalar natijasida bu endi besh foizga etgan.

Chiqindini yoqish orqali energiya ishlab chiqarish loyihalari qo`llab-quvvatlanmoqda. Xitoylik investorlar oltita viloyatda shunday zavodlar qurayapti. Davlat chiqindi utilizasiyasi uchun ularga to`lov qilish bilan birga, hosil bo`lgan energiyani sotib olish bo`yicha ham majburiyat olayapti.

Yaqinda Toshkent shahrida tibbiyot chiqindisini yoqib, issiqlik oladigan ikkita korxona ishga tushirildi. Yana Samarqandda ikkita, qolgan hududlarda bittadan shunday zavodlar qurilishi mo`ljallangan.

Yig`ilishda maishiy chiqindilarning to`rtdan biri qog`oz, plastik, rezina, shisha, to`qimachilik qoldiqlariga to`g`ri kelishi aytilgan. Ularni qayta ishlab, 1 trillion so`mlik mahsulot olish mumkinligi aytilgan. Bundan tashqari, mamlkatda qayta ishlanmaydigan qurilish, kimyo, elektron, texnik va sanoat moylari bo`yicha katta zaxira borligi ta`kidlangan.

Chiqindini tashib ketish xizmatlari aholini rozi qiladigan darajada bo`lishi kerakligi qayd etilgan. Shu bois mahallaga chiqindi texnikasining kelish vaqti va harakatini onlayn ko`rish imkoniyatini yaratish vazifasi qo`yilgan.

Ijtimoiy muassasalar va mahallalarni chiqindi konteynerlari bilan to`liq ta`minlash bo`yicha ikki yillik dastur ishlab chiqilishi belgilangan. Taqdimotda vholida ekologik madaniyatni bog`cha va maktabdan boshlab shakllantirish muhimligi ta`kidlangan.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар