So`nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda 2021 yilgi Haj mavsumining tashkil etilishi bilan bog`liq masalalar muhokama bo`lmoqda.
Din ishlari bo`yicha qo`mitaning ma`lum qilishicha, Saudiya Arabistoni rasmiylari hamda Haj va Umra ishlari bo`yicha Attashe bilan mazkur masalada muntazam aloqa o`rnatilgan. Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish bo`yicha Saudiya Arabistoni hukumati tomonidan hozirga qadar hech qanday rasmiy qaror e`lon qilinmagan.
Darhaqiqat, islom dinining farzlaridan biri bo`lgan Haj ziyorati muddati hijriy taqvimga ko`ra belgilanadi va aniq sanalar yildan-yilga o`zgarib turadi.
Xorijiy ommaviy axborot vositalarida esa joriy yildagi Haj ziyorati iyul oyining ikkinchi yarmiga to`g`ri kelishi haqida xabarlar keng tarqaldi.
«Saudiya Arabistoni hukumati qaroriga ko`ra musulmon ziyoratchilar koronavirusga qarshi emlanganidan keyingina Makka va Madinadagi muqaddas joylarga boradigan Haj va umra marosimlarida ishtirok etishlari mumkin. Bu yilgi Haj iyul oyining ikkinchi yarmiga to`g`ri keladi» deyiladi «TASS» xabarida.
2020 yilda pandemiya tufayli Saudiya Arabistoni hukumati chet davlatdan kelgan ziyoratchilar uchun mamlakatga kirishni vaqtincha to`xtatilishini e`lon qilgan edi.
Aholisining 90 foizi Islom diniga e`tiqod qiladigan O`zbekistondan yiliga 5-6 mingga yaqin fuqaro Haj safariga yuborilgan.
So`nggi yillarda Haj safariga borish istagida bo`lganlar sonining ortgani sababli 2017 yilda Arabiston tomonidan o`zbekistonliklar uchun ajratiladigan kvotalar soni 40 foizga oshirilib, kvotalar miqdori 5 000 tadan 7200 taga etkazildi.
2020 yil 1 iyuldan boshlab Saudiya hukumati xorijiy davlatlar uchun qo`shimcha qiymat solig`ini 15 foizga oshirdi. Shu munosabat bilan barcha xizmatlar va tovarlar, shu jumladan, Haj va Umra ziyoratlarini tashkil etish narxlari sezilarli darajada ko`tarilishi kutilmoqda.
O`ZBEKISTON XALQI UChUN HAJ ZIYoRATI NARXI QANChA?
So`nggi Haj mavsumi – 2019 yilda O`zbekistondan qariyb 7 000 kishi Haj safarida bo`lib, islom dinining beshinchi arkonini ado etib qaytdilar. Ularga ishchi guruhining 200 dan ziyod a`zolari hamrohlik qilgan.
2018 yilda O`zbekiston fuqarolari uchun haj ziyoratini amalga oshirish xarajatlari 38 million so`mni tashkil etgan bo`lsa, 2019 yildan Saudiya Arabistonida barcha xizmatlarga 5 foizlik qo`shilgan qiymat solig`i va mehmonxonalarga 2,5 foizlik soliq kiritildi. Shunga ko`ra 2019 yilda haj ziyorati sarf-xarajatlari taxminan 42−43 million so`m bo`lishi kutilgan edi.
O`zbekiston hukumati tomonidan olib borilgan tadbirlar natijasida 2019 yildagi Haj safari xarajatlari 10 million so`mga arzonlashtirilib, 3 946 dollarga tushirildi.
O`TGAN MAVSUMLARDA QO`ShNI DAVLATLARDA HAJ ZIYoRATI QANChAGA TUShGAN?
Qozog`istonda rasmiy ravishda aholini Hajga yuborish bilan shug`ullanadigan 18 turoperator faoliyat yuritadi.
2019 yilda Saudiya Arabistoni tomonidan Qozog`iston aholisi Haj ziyorati uchun 3200 ta kvota ajratilgan bo`lsa, har bir qozog`istonlik safar uchun 3800 dollar sarflagan.
Qirg`iziston musulmonlari diniy idorasi matbuot xizmati xabarida qayd etilishicha, 2019 yilda Saudiya Arabistoni Haj safarini amalga oshirish uchun Qirg`izistonga 5510 ta kvota ajratgan. 6 mingdan ortiq kishi safarga borgan. Mazkur yilda qirg`izistonliklar uchun Haj 3000 dollarni tashkil qilgan.
Tojikiston diniy ishlar, xalq an`analari, tantanalari va marosimlarini tartibga solish qo`mitasi ma`lumotlariga ko`ra, Tojikistondan tashrif buyuradigan ziyoratchi uchun 2019 yilda 3 500 dollardan ortiq deb belgilangan.
Haj ziyorati xarajatlariga ikki tomonlama aviachipta, Makka va Madinada qolish, ovqatlanish, gid xizmatlari uchun to`lov, Mino, Muzdalifa va Arofatda qolish narxi kiradi.
2018 yilda Turkmaniston Prezidenti buyrug`iga ko`ra Haj safarini amalga oshirishi uchun 150 nafar turkmanistonlikning aviaparvoz xizmatini bepul tashkil etish «Turkmenxovayollar» kompaniyasi zimmasiga yuklatilgan.
So`nggi Haj ziyorati narxi 3 946 dollar bo`lgan O`zbekistonda Saudiya hukumati xorijiy davlatlar uchun qo`shimcha qiymat solig`ini 15 foizga oshirilgandan keyin ziyorat narxi necha pulga tushishi kutilmoqda?
Zuhra MIRZABOEVA