Samarqand shahrida Furqat Xalilov tomonidan qurilgan 12 qavatli imoratni buzish boshlandi: bu haqdagi sud qarorini ijro etishga kirishilgan. Xalilov ijtimoiy tarmoqlarda ko`zyoshi bilan chiqish qildi. Ushbu voqea jamoatchilik orasida ko`plab bahs va munozaralarga sabab bo`lmoqda.
Bino qurilish tarixi
Bino qurilishi 2012 yilda, hech qanday arxitektura ruxsatnomasi, seysmik va geologiya xulosalarisiz, xususiy tartibda qurilishi boshlangan. 2015 yilga kelib beton ishlari to`liq tugatilgan. 2015-2017 yillarda bezak ishlari amalga oshirilgan. Bino to`liq qora suvoqdan chiqarilgan. Binoni qurish uchun hokimning qarori yoki boshqa tegishli davlat organlarining ruxsatlari olinmagan. Shunchaki, uy atrofida istiqomat qiluvchi 5 ta qo`shnining rozilik xati olingan.
2022 yil may oyida o`tkazilgan texnik ekspertiza natijasida binoni ta`mirlash ilojsiz, uni to`liq buzish lozimligi haqida xulosa berilgan. Shundan so`ng, o`sha yil iyul oyida sud qarori bilan inshootni o`z hisobidan buzish Furqat Xalilovning zimmasiga yuklatilgan.
Ammo sud qarori uzoq vaqt ijro qilinmay qolgan. 2023 yilda esa binoning birinchi qavatida noqonuniy qahvaxona ochilib, bu holat jamoatchilikda yana muhokamalarga sabab bo`lgandi.
2025 yilda davlat ijro organlari sud qarorini bajarishga kirishdi. Ayni paytda maxsus texnikalar jalb etilgan, bino qismlarining buzilishi boshlangan.
Bino egasi nima deydi?
Avvalroq mehmonxona egasi Furqat Halilov 12 qavatli binoning dastlabki 4 qavati suvenir do`konlari, eng yuqori ikki qavat restoran va oradagi qavatlar mehmonxona qilishga mo`ljallanganini aytgan edi. Pastida ikki qavatli muzlatkich vazifasini bajaruvchi erto`la ham bor. Qurilish 2012 yilda boshlangan va tadbirkor unga 3 million dollar pul sarflaganini aytdi. Loyiha arxitektori yaponiyalik bo`lgan va qurilishni bitta korxona boshidan oxirigacha amalga oshirgan. Mehmonxona egasi 10 yildan buyon davom etayotgan qurilishga ruxsat olishga ko`p marta harakat qilgani, ammo doim mujmal javob olganini aytdi.
Bino sohibi Furqat Xalilov so`nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda yana murojaat bilan chiqdi. U 10 yildan ortiq mehnati va kiritgan sarmoyasi yo`qqa chiqmoqda, deb hisoblaydi.
Qurilish vazirligi holat yuzasidan ma`lumot berdi
Samarqand tumani “Jo`yisoy” mahallasida fuqaro F.Xalilov tomonidan o`z uyining bir qismini buzib, o`rniga mehmonxona qurilishi hech qanday shaharsozlik hujjatlari rasmiylashtirilmasdan amalga oshirilgan.
Quyidagi kamchiliklar aniqlangan:
— qurilishga ruxsat beruvchi Samarqand tumani hokimining qarori yoki tuman qurilish bo`limining ruxsatnomasi mavjud emas;
—arxitektura rejalashtirish topshirig`i (APZ) mavjud emas;
— muhandislik geologiyasi, loyiha-smeta hujjatlari to`liq ishlab chiqilmagan hamda tasdiqlanmagan;
— belgilangan tartibda shaharsozlik kengashidan o`tmagan;
— mehmonxona majmuasi ob`ekti bosh rejasini naturaga ko`chirish dalolatnomasi rasmiylashtirilmagan (ShNQ 3.01.01-03 ning 2.4 bandi bajarilmagan);
— qurilish ob`ektida foydalanilgan qurilish materiallarining talablarga muvofiqligi to`g`risidagi pasport va sertifikatlari taqdim etilmagan;
— 01.01-03 ning 7.8, 9.9 bandlariga asosan yopiq ishlarni guvohlash dalolatnomalari taqdim etilmagan;
— mutaxassislar tomonidan binoning seysmologik jihatdan talablarga javob bermasligi ham aniqlangan.
Jamoatchilik faollari fikrlari
Bir necha kunlardan buyon ijtimoiy tarmoqlarda ushbu masala keng muhokama qilinmoqda. Bir toifa bino buzilishini qonunlarga bo`ysunmaslik, boylikka o`chlik va kalta o`ylashning oqibati desa, boshqa bir guruh esa tadbirkorning shuncha mehnati zoe ketadimi, bino xavfsizlik talabalariga javob bersa, buzilmasin, degan fikrda.
Abror Zohidov, jurnalist:
“Samarqanddagi qo`ziqorin” deb atalgan bino bo`yicha fikr:
1. Bu binoga 3 mln dollar sarflagan, degan gap – lof. Ayniqsa 15-20 yil oldingi xarajat ancha arzon edi, quruq ustun bilan tomga buncha pul ishlatib bo`lmaydi. Garantiya!;
2. Yaponlar proekt chizgan, qurgan degan gap ham – mubolag`a. Yaponlar jinni emaski tagini kichkina qilib, tepasini kaaaatta quradigan. Chizgan va tasdiqlab bergan proektini ko`rsatsin, tanishaylik;
3. Qo`shnilarning noroziligi bor gap. Bu “delovoy sentr” emaski qancha baland bino qurib, shuncha qoyil qiladigan. Mahalla bu! Binoni ko`rgan odam borki “bu qulab ketmaydimi?” degan savolni beradi. Qizig`i, bino tarafdorlarining o`zi shu uyda yashagan bo`lisharmidi?;
4. O`zi yoniga borib ko`rmaganlar “Tepadan tomosha qilsa hech narsa qilmaydi” deya fikr bildirishyapti. O`zingiz o`ylangchi: hovlingizda qizingiz, xotiningiz va yoki keliningiz bemalol yura oladimi?;
5. Uyni kamida 15 yil qurdi. Nahot hujjatlashtirmagan, loyihani tasdiqlatib olmagan? To`g`ri, qaysidir mavhum amaldorlarni aybdor qilar. Lekin binoni qurishdan faqat u manfaatdor-ku. Qanday qilib hujjatsiz shuncha pul tikib, tavakkal qilishi mumkin?
Rassom Tuz, bloger:
“Samarqandning Jo`ysoyidagi "Qo`ziqorin" binoni Bosh vazir Abdulla Aripov "buzib tashlanglar" debdi. Bino Samarqand tarixiy markazidan uzoqda joylashgan. Ayni paytda dekadent me`morlik namunasi o`laroq turistlarni o`ziga jalb qilmoqda.
Buzilsinmi ëki yo`q? Menimcha buzilmasin va uy egasi mana bu ishlarni bajarsin.
1. Bino podvali xolodilnik bo`lmasligi kerak. Chunki xolodilnik bu binoni qulatadigan taym bomba.
2 . Uy egasi atrofdagi uylarni sotib olib atrofini ochsin.
3. Binoni seysmik testdan o`tkazib xujjat olsin.
4. Binoning bir qavatida samarqand qog`ozi tarixi muzeyi ochilsin.
Bo`ldi shularni amalga oshirsa bino "didsizlik va xavaskorlik" shedevri bo`lib qaqqayib turaversin”.
Abdusalom Normatov, ijtimoiy tarmoq faoli:
Saqlab qolish kerak. Piza shaxridagi mashhur qiyshiq minorani ham dastlab buzib tashlamoqchi bo`lishgan. Fransiyadagi Eyfel minorasini ham. Biroq ularning har ikkisi shahar simvoliga aylandi. Samarqanddagi bu uy ham vaqti kelib turizm ob`ekti bo`lib qolishi mumkin.
Dilobar Asliddin qizi, jurnalist
“Bino Samarqand shahrining bir burchagida edi… Aytishlaricha odamlar uni atay ko`rish uchun markazdan vaqt ajratib, mashina gaplashib kelar ekan. Men ham alohida vaqt ajratib borgan edim. Pastdan qaraganda juda mustahkamligi seziladi. Gruziyada bo`lganimda Batumida shunga o`xshash noodatiy binolarga ko`p ko`zim tushgandi. Ularning aksariyati ichki yo`llarda emas markaziy yo`llarda edi. Uni hech kim buzinglar demagan bo`lsa kerakki, ko`rk bo`lib turibdi!
Bizda-chi?! Sal boshqacharoq bo`lmoqchi bo`lsang, “chopishadi”!