O`zbekistonda kambag`allik darajasi 6,8 foizni tashkil qilmoqda

26.07.2025 10:19

Joriy yil yanvar iyun oylarida respublikada kambag`allik darajasi 2,1 foizga qisqarib, 1 iyul holatiga 6,8 foizni tashkil etdi. Bu haqda 25 iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoev ishtirokidagi aholi bandligiga oid taqdimotda ma`lum qilindi.

Taqdimotda davlat rahbariga O`zbekistonda aholi bandligini ta`minlash bo`yicha bajarilayotgan ishlar haqida axborot berilgan.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko`ra, muloqotda banklar mahallalarga bog`lanib, aholi bandligini ta`minlashga hissa qo`shayotgani ta`kidlangan. Xususan, 2025 yil yanvar iyun oylarida 3 milliondan ziyod aholi daromadli mehnatga jalb qilingani qayd etilgan.

Taqdimotda kasbiy ta`lim mehnat bozori ehtiyojlariga mos emasligi sabab kadrlar tayyorlashda muammolar yuzaga kelayotgani aytilgan. Mehnat munosabatlaridagi ayrim me`yorlar tadbirkorlik sub`ektlari, ayniqsa, kichik korxonalar uchun murakkablik tug`dirayotgani ham ta`kidlangan. Ishga qabul qilishda axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan to`liq foydalanilmayotgani bildirilgan.

Qayd etilishicha, amaldagi talablar ish beruvchilarni haqiqiy vakansiyalarni ochiq e`lon qilishga rag`batlantirmaydi. Oqibatda bu ma`lumotlarni yashirishga olib kelib, mehnat bozorini to`g`ri tahlil qilish hamda kasbiy ta`lim yo`nalishlarini aniqlash imkonini cheklamoqda.

“Taqdimotda mazkur muammolarni hal etishga qaratilgan yangi reja va tashabbuslar haqida ma`lumot berildi. Unga muvofiq, mehnat organlari ish beruvchilarga nisbatan jazo qo`llovchi emas, balki hamkor sifatida faoliyat yurituvchi, ularga xizmat ko`rsatuvchi tuzilmaga aylanishi ko`zda tutilmoqda. Xususan, ish beruvchilar tomonidan bo`sh ish o`rinlari to`g`risidagi majburiy ma`lumotlarni taqdim etmaslik va jo`natilgan nomzodlarni ishga olmaslik uchun jazo choralarini bekor qilish taklif etilmoqda.

Bu orqali bandlik organlari ish beruvchilardan to`g`ri va haqqoniy ma`lumotlarni to`plab, ularga ish izlayotgan fuqarolarni yo`naltiradi. Ish beruvchi esa nomzodni qabul qilish yoki qilmaslikni o`zi hal etadi. Ushbu tizimni joriy etish uchun maxsus elektron platforma yaratilib, dastlab Toshkent shahrida tajriba tariqasida boshlanadi va keyinchalik butun mamlakat bo`yicha tatbiq etiladi”, deb yozadi prezident matbuot xizmati.

Kasbiy ta`lim sifatini yanada oshirish maqsadida xususiy sektor vakillarini Kasbiy ko`nikmalar markazlari faoliyatiga jalb etish, ayrim markazlarni esa aniq sohalar bo`yicha ixtisoslashtirilgan ta`lim maskanlariga aylantirish rejalashtirilgan.

“Mutasaddilarga kasbiy ta`limni uch bosqichli tizimga o`tkazish vazifasi qo`yildi. Jumladan, internet orqali bepul videodarslarni joriy etish, ishlovchi fuqarolarga qayta tayyorgarlik yoki malaka oshirish uchun “kasb vaucheri” orqali imkoniyat yaratish yuzasidan ko`rsatmalar berildi”, deya qayd etgan manba.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар