O`zbekistonda yoz fasli bilan birga jazirama issiq ham kirib keldi. Iqlimshunos Erkin Abdulahatov fikricha, O`zbekistonda 2030 yilga borib havo harorati doimgidan 2–2,5 daraja, 2040 yillarda 4 daraja, 2080 yillarda 6 darajagacha ko`tarilishi mumkin.
Havo haroratining oshib borayotganiga nima sabab bo`lmoqda?
"Sanoat davrida yashayotganimiz, energiya ishlab chiqarayotganimiz tufayli atmosferaga haddan tashqari ko`p gazlar chiqmoqda. Iqlim o`zgarishida inson omili asosiy rol o`ynayapti. Dunyo mutaxassislarining 90 foizi hozirgi iqlim isishiga antropogen (inson ta`sirida) omil sabab sodir bo`lyapti, degan fikrda. Qolgan 10 foiz olimlar iqlim er ostidagi o`zgarishlar, astronomik sabablar, quyoshning o`zidan haddan tashqari ko`p issiqlik chiqarishi fonida o`zgaryapti, degan qarashda", — deydi mutaxassis Erkin Abdulahatov.
Jazirama issiqning qanday salbiy ta`sirlari bor?
Issiq havo ta`sirida yurak tez urishi, nafas qisishi, tananing turli qismlarida ko`karishlar paydo bo`lishi va tirnoq shakli o`zgarishi mumkin. Hatto, miyaga qon yaxshi etib bormasa, bosh aylanishi, hushdan ketish ehtimoli ham mavjud. Bu salbiy holatlar esa tomirlarda qon aylanishining buzilishi va trombozlar hosil bo`lganidan darak beradi. Oqibatda insult va infarkt xavfi ortadi. Shuningdek, surunkali kasalliklar zo`rayishi yoki issiqlik bilan bog`liq xastaliklar, xususan, organizmning umumiy holsizlanishi va hayot uchun xavfli bo`lgan oftob urishiga sabab bo`lishi mumkin. Oftob urush alomatlari: bosh aylanishi, holsizlik, bosh og`rig`i, ko`ngil aylanishi va badan qaqshashi.
Qanday tavsiyalarga amal qilish lozim?
Sog`liqni saqlash vazirligi tavsiyalariga ko`ra, issiq havoda qon quyuqlashishiga yo`l qo`ymaslik uchun etarli miqdorda suyuqlik ichish zarur. Eng yaxshisi, tabiiy toza suv hisoblanib, salqin va achchiq bo`lmagan choy ham ichish mumkin. Biroq gazlangan ichimliklar aslo mumkin emas.
Shuningdek, soat 12:00 dan 16:00 gacha imkon qadar yopiq binolar yoki salqin joylarda bo`lish lozim. Bu vaqtda quyosh nurlari eng kuchli bo`lib, tananing qizib ketishi va oftob urish xavfi yuqori bo`ladi. Agar ko`chaga chiqish zarurati tug`ilsa, soya joylarda yurish, soyabondan foydalanish va faollikni kunning salqinroq paytlari—ertalab yoki kechqurunga rejalashtirish maqsadga muvofiq.
Uy sharoitida salqinlikni ta`minlash ham juda muhim. Masalan, kunduzi quyosh tushadigan tomondagi derazalarni yopiq holda saqlash, kechasi havo salqinlaganda derazalarni ochib, xonalarni shamollatish, kunning eng issiq vaqtlarida pech, kir yuvish mashinasi, quritgich kabi o`zidan issiqlik chiqaruvchi maishiy texnikalardan foydalanishni cheklash kerak.
Jaziramada to`g`ri kiyim tanlash ham muhim. Engil, keng bichimli, havoni yaxshi o`tkazadigan tabiiy matolardan (paxta, ipak) tikilgan liboslarni kiyish tavsiya etiladi. Aksincha, sintetik kiyimlardan saqlanish lozim. Imkon qadar och rangli ust-boshlarni tanlash maqsadga muvofiq. Chunki ular quyosh nurini yaxshiroq qaytaradi.
Kun davomida tez-tez salqin dush yoki vanna qabul qilish ham tana haroratini pasaytirishga yordam beradi. Ammo juda sovuq suvdan foydalanmaslik kerak. Sababi haroratning keskin o`zgarishi organizm uchun stress bo`lishi, hatto, pnevmoniyaga olib kelishi mumkin. Xona haroratidagi yoki biroz salqin suv eng maqbul variantdir.
Qolaversa, issiqda og`ir jismoniy mehnat yoki sport bilan shug`ullanish suvsizlanish, silla qurishi va oftob urish xavfini sezilarli darajada oshiradi. Bunday sharoitda yurak-qon tomir tizimiga tushadigan yuk ortadi, bu esa tayyorgarligi bo`lmagan odamlarda yurak xuruji yoki insult xavfini yuzaga keltiradi.
Jazirama kunlarda xorijiy davlatlarda qanday qulayliklar mavjud?
Joriy yilning yoz oylarida Yaponiya poytaxti Tokio shahri aholisiga suv uchun olinadigan asosiy kommunal to`lovlarni bekor qilish reja qilingan, Buning uchun mahalliy hokimlik tomonidan 36 milliard iena (taxminan 250 million dollar) ajratilgan va bu to`rt oy davomida amal qiladi.
Shuningdek, ushbu davlatda bepul sovuq suv apparatlari va ichimlik avtomatlari mavjud. "Cool Biz" siyosati bilan xodimlarga engil kiyimda yurishga ruxsat beriladi. Issiq kunlarda yomg`irga o`xshash suv purkash moslamalari o`rnatiladi.
Birlashgan Arab Amirliklarida (Dubay) avtobus bekatlari ham kondisionerli, yo`llar bo`ylab soyabonli yo`laklar mavjud. Juda issiq kuzatilganda ayrim ish joylarida masofaviy ishlashga ruxsat beriladi
Ispaniyada jazirama kunlari park va jamoat joylarida “Cool Points” sovuq suv tarqatish punktlari ochiladi. Jamoat transportida kondisionerlar majburiy ishlaydi. Haddan tashqari issiqda maktablarda darslar vaqtincha ertaroq yakunlanadi.
O`zbekistonda ham jazirama issiq kunlari ogohlantirish berib, issiqdan saqlanish uchun tavsiyalar berib boriladi. Jamoat transportlarida kondisionerlar mavjud, ammo xammasida xam emas. Metrodagi eski rusumdagi poezdlarda kondisionerlar yo`q, yangisini esa doimiy ish vaqtida ham ishlatib qo`ymaslik holatlari kuzatilmoqda, bu esa aholiga noqulaylik keltirib chiqaryapti. Avtobus bekatlari ochiq holatda, hatto ayrimlari soya ham qilib berolmaydi. Kondisioner o`rnatilishini xayol qilmasak xam bo`laveradi. Afsuski, bu holatda yagona echim imkon qadar uydan chiqmaslik bo`lib qolmoqda.