Poytaxtda qurilish qilayotgan tadbirkorlarga daraxtlarni kesishga cheklov qo`yish noto`g`ri. Bu haqda 17 iyul kuni o`tkazilgan qurilish sohasiga oid yig`ilishda tadbirkor Murod Nazarov aytib o`tdi.
Murod Nazarovning ta`kidlashicha, tadbirkorlar qurilish jarayoniga xalal bergani uchun ayrim daraxtlarni kesishga majbur bo`ladi.
“Toshkent shahri bosh rejasiga tuzatish kiritilyapti. Yaqinda chiqib qoladi, kutyapmiz. Bundan buyon poytaxtda qurilishlar yo renovasiya, yo rekonstruksiya hududlarida bo`ladi. Tabiiyki, bo`sh joy yo`q. Har bir bino atrofida daraxt bor. Daraxtlarni o`ylamasdan kesib tashlashgani uchun katta rezonansga olib kelib, moratoriy qo`yilgandi.
Lekin tan olish kerak, bu joylarda hatto rekonstruksiya paytida texnikani qo`yaman desa ham daraxtlar xalaqit beradi. Va qanaqadir yo`llar bilan baribir ham daraxtlar kesilyapti. Cheklov qo`yish kerak emas. Cheklovlar korrupsiyani kuchaytiradi. Imtiyozlarga ham qarshiman”, deydi biznes vakili.
Murod Nazarov mazkur masalaga echim sifatida taklif berdi. Uning fikriga ko`ra, quruvchi kompaniya zimmasiga kesilgan daraxtlar o`rniga yangilarini ekishni yuklash kerak.
“Har bir quruvchi kompaniya yoki bo`lmasam, hatto uchinchi shaxs kompaniya “daraxtlar banki” ustida ishlasin. Masalan, biz kelasi yoki undan keyingi yilda taxminan qancha qurilish qilishimizni bilamiz. Taxminan nechta daraxt kesilishi mumkinligini ham hisoblaymiz. Kesiladigan daraxtlar o`rniga oldindan yangi daraxtlarni ekib qo`yaylik. Ertaga nechta daraxt kesishga to`g`ri kelsa, diametri, ko`rsatkichlari belgilab qo`yilsin. Bitta katta diametrga nechta kichkina diametr to`g`ri keladi aniq bo`lsin. Keyin hokimiyat balansiga o`tkazib ketaveradi.
Kerak bo`lsa, uchinchi shaxslar bu bilan shug`ullanadi. Chunki daraxt ekmagan kompaniya bo`lsa, o`sha limitni uchinchi shaxsdan sotib olsin. Natijada daraxt ekishga ham investisiyadek qarala boshlanadi. Masalan, Mirobod tumanida kesadigan bo`lsak, yangi ekilgan daraxtlarni o`sha tuman balansiga (kesilgan daraxt o`rniga) o`tkazib qo`yaylik. Cheklov bo`lgandan ko`ra, shuning mexanizmini yaratib qo`yaylik”, dedi tadbirkor.