Savdo-sanoat palatasida 15 iyul kuni bo`lib o`tgan ochiq muloqotda HAYAT klinikalari tarmog`i rahbari Nuriddin Nuritdinov tibbiy asbob-uskunalarni ro`yxatdan o`tkazishga oid muammolarni ko`tardi. Uning so`zlariga ko`ra, pinset va skalpellar kabi oddiy asboblarni ro`yxatga olish uchun davlat boji BHMning 84 baravariga teng — taxminan 31,5 mln so`m.
“Agar skalpelning 10 ta modifikasiyasi bo`lsa, uni ro`yxatdan o`tkazish taxminan 86 mln so`mga tushadi. Umuman olganda, bir dona skalpel uchun barcha zarur hujjatlarni rasmiylashtirish taxminan $10 mingga tushishi mumkin. Germaniya kompaniyasi “biz O`zbekiston bozorini hali istiqbolli deb hisoblamaymiz” deya chiroyli javob berdi. Chunki ro`yxatdan o`tkazish bojini firma to`laydi. Skalpeldan tashqari yana qaychi, pinset va boshqa asboblar ham bor. Tasavvur qiling, $10 minglik xarajatlarini qoplash uchun bunday skalpellardan qanchasini sotish kerak? Ustiga ustak, guvohnoma ham 5 yilga amal qiladi, keyin esa qayta ro`yxatdan o`tish kerak”, — dedi tadbirkor.
Solishtirish uchun, Qozog`istonda ushbu jarayon atigi 400–500 dollarni tashkil qiladi. Shu sababli Germaniya kompaniyasi O`zbekiston bozorida ishtirok etishdan bosh tortgan.
Ushbu vaziyat nafaqat investorlarni, balki ichki bozordagi tibbiy muassasalarni ham qiyin ahvolga solmoqda. Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobovning mahalliy analoglar mavjudligi haqidagi savoliga Nuritdinov mahalliy mahsulotlar etarli darajada sifatli emasligini aytdi. Shu bois, klinikalar ko`pincha import asboblarga muhtoj bo`lib qolmoqda, ammo ularni rasmiylashtirish ortiqcha yuk bo`lmoqda.
Bundan tashqari, Euro Stom Dental Clinic xususiy kompaniyasi rahbari Yusuf Jo`raev stomatologiyada ishlatiladigan tibbiy mahsulotlarning 98%i O`zbekistonda ishlab chiqarilmasligini aytdi. Kompaniya Janubiy Koreyadan $8 lik tish implantlarini import qilmoqchi bo`lgan. Biroq ro`yxatdan o`tish narxi $5 mingga tushadi. Tadbirkor, shuningdek, stomatologik mahsulotlarni ro`yxatdan o`tkazish uchun davlat bojlarini kamaytirishga chaqirdi.
Ayni paytda, mazkur tartib Sog`liqni saqlash vazirligi tasdiqlagan preyskurant asosida amalga oshiriladi. Lekin ham vazirlik, ham bog`liq markaz saytida narxlar ochiq e`lon qilinmagan. Biznes vakillari bu holatni shaffoflik etishmasligi va asoslanmagan xarajatlar bilan bog`lamoqda. Ular tizimli, oqilona va shaffof echimlarga ehtiyoj borligini ta`kidlamoqda.