“O`zimizni bo`lmasa ham mehnatimizni qadrlashsin” – obodonlashtirish xodimi

16.07.2025 11:20

Inson vafot etsa, uning suyaklari chirib bitgunicha ketadigan vaqt 80-100 yilni tashkil qiladi.  Ammo u tabiatga tashlagan birgina plastik “baklajka” insoniyat bilan 450 yil birga bo`ladi, ya`ni uning chirib bitishiga aynan shuncha vaqt ketadi. Biz hozir bir dona “baklajka” haqida gapiryapmiz, vaholanki dunyo bo`ylab har yili 300 000 000 tonnaga yaqin plastik chiqindilar hosil bo`ladi. 

Do`konlar yoki, dorixonalarda arzimagan narsalarni ham alohida paketlarga soldirayotganlar, uni chirib yo`q bo`lishi uchun 10 yildan 20 yilgacha vaqt ketishidan, "kuniga 2-3 ta energetik ichaman” deydiganlar alyuminiy bankalarni chirib bitishiga 80 yildan 200 yilgacha vaqt ketishidan xabarlari bormikan? Mayli, biz  hozir qancha chiqindi tashlayotganimiz–u, ular qachon yo`q bo`lishi haqida emas, ularni qaerga tashlayotganimiz haqida gaplashamiz.

Boshqa viloyatlarga o`rnak bo`luvchi poytaxtimiz ko`chalaridagi ko`ngilochar bog`lar,  va hatto turistik zonalarda ham “o`ta farosatli” odamlar tomonidan uloqtirilgan uyum-uyum  chiqindilarni ko`rib, ko`zingiz o`rganib ketgani aniq..

 

Oramizda “Poytaxtda chiqindi qutilari etishmovchiligi bor”, deya iddao qiluvchilar ham topiladi. Ammo, bu chiqindisini istalgan joyga tashlab ketish mumkin degani emas.

Aslida, belgilanmagan joyga chiqindi tashlash hatto qonun bilan taqiqlangan.                           

Bunga O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 91-1-moddasiga asosan javobgarlik belgilangan. Xususan, belgilanmagan joylarga qattiq maishiy, qurilish va suyuq maishiy chiqindilarni tashlash — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha, ya`ni 340 ming so`mdan 1 million 20 ming so`mgacha, mansabdor shaxslarga esa — o`n baravaridan yigirma baravarigacha, ya`ni 3 million 400 ming so`mdan 6 million 800 ming so`mgacha miqdorda jarima solinishiga sabab bo`ladi.

Ammo shuncha chora-tadbirlarga qaramasdan, birgina 2023 yilning o`zida O`zbekistonda belgilanmagan joyga chiqindi tashlash bilan bog`liq 17 mingdan ortiq huquqbuzarlik qayd etilgan. Huquqbuzarlarga 7,6 milliard so`m miqdorda ma`muriy jarimalar qo`llangan.

Ko`chaga chiqindi tashlab ketayotgan insonlar hech bo`lmasa obodonlashtirish xodimlarining mehnatini qadrlash haqida o`ylab ko`rsalar yaxshi bo`lardi. “Pulini olgandan keyin tozalaydi-da”, deguvchilar, shoshmang — tasavvur qiling, siz qurayotgan uyga kimdir har kuni kelib g`isht tashlab, devorlarni buzib ketsa, o`zingizni qanday his qilardingiz?

“Har kimning tushunchasi har xil. Endi o`qimagan insonlar shu ishni qiladi desak, o`qiganlardan ham ba`zida xafa bo`lib ketaman. Odatda bizga past nazar bilan qarashadi. Ko`cha-ko`yda mehnatimizni qadrlashmaganidan keyin xafa bo`lasiz. Ba`zida ko`r-ko`rona, qo`lidagi chiqindini to`g`ri kelgan joyga tashlab ketishadi. Inson o`zini qadrlab, hurmat qilmasa ham, mehnatni qadrlashi kerak edi”, — deydi obodonlashtirish xizmati xodimi Sojida Jo`raeva.

Mehnatingizni qadrlamaganlarga nima degan bo`lardingiz?

“Men birinchi o`rinda odamlar obodonlashtirish xodimlariga hurmat bilan qarashlarini xohlardim. O`zimizni bo`lmasa ham, hech bo`lmaganda mehnatimizni qadrlashsa yaxshi bo`lardi. Chiqindilarni to`g`ri kelgan joyga tashlab ketmasdan, maxsus idishlarga solib ketishlarini so`rab qolaman. Agar biz birgalikda hamjihat bo`lsak, shahrimiz ham obod bo`ladi, — deydi Sojida opa Rost24.uz ga bergan intervyusida.

 

Ushbu fotosurat Toshkent shahridagi “Eski Jo`va” bozorida olingan. Bu hududda bunday manzaralarga tez-tez duch kelamiz. Ayniqsa, yomg`ir suvi oqishi uchun mo`ljallangan ariqchalar (drenaj) doimo chiqindiga to`la bo`ladi. Shuning uchun bo`lsa kerak, yomg`irgarchilik mavsumida ozgina yomg`ir yog`di deguncha, bozor atrofida suvlar yig`ilib, havzalar paydo bo`ladi. Aslida drenaj tizimini ham yaxshi ahvolda deb bo`lmaydi. Qoida bo`yicha, drenajga mo`ljallangan ariqlarning usti maxsus to`siq bilan to`silgan holatda bo`lishi kerak.

Bundan tashqari tanganing ikkinchi tomoni bo`lganidek, ko`chalar, chiqindiga to`lib ketishining yana bir asosiy sababi — O`zbekistonning barcha tuman va shaharlarida og`ir muammoga aylangan urnalar etishmasligi yoki bor bo`lgan taqdirda ham o`z vaqtida olib ketilmasligidir.

Xo`sh, aslida chiqindi qutilari o`rnatish talabi kimlarga qo`yilgan? Vazirlar Mahkamasining qarori bilan har bir hududda joylashgan tashkilotga sanitar tozalash xizmatlarini o`z vaqtida amalga oshirish majburiyati bilan qutilar o`rnatish vazifasi yuklatilgan. Masalan, bozorlar hududiga bozorlar ma`muriyati, ko`p qavatli uylar hududiga ularga xizmat ko`rsatuvchilar, markaziy yo`llarga esa shu yo`llarga xizmat ko`rsatuvchi tashkilotlar chiqindi qutilari o`rnatishi kerak. Tashkilotlar o`z hududini toza saqlash majburiyatini ham olgan.

Shu o`rinda “Maxsus chiqindi qutilari aslida qaerlarga o`rnatilishi kerak?” degan savol paydo bo`lishi tabiiy. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 2 oktyabrdagi maishiy chiqindilar haqidagi qarorida binolar va inshootlar, savdo do`konlari, maishiy xizmat ko`rsatish sohasidagi xo`jalik yurituvchi sub`ektlar oldida o`rnatish lozim ekanligi ta`kidlangan.

Chiqindi bilan bog`liq holatlarni o`rganarkanmiz, bir paradoks holat bizni ajablantirdi. 2018 yilda qabul qilingan qarorga asoslanib, ayrim ko`chalarga chiqindilarni alohida to`plab olib ketish uchun to`rt xil rangdagi chiqindi qutilari o`rnatilgan. Aholi qay darajada chiqindilarni saralab qutiga tashlamoqda — buni bilmadik, ammo obodonlashtirish xodimlari ularni bitta qutiga solib olib ketayotganiga guvoh bo`ldik. Go`yo rangli qutilar bezak vazifasini o`tayotgandek.

Ogohlantirishlar beriladi, qonunlar qabul qilinadi, jarimalar qo`llaniladi. Ammo odamlar o`z harakatlari bilan dunyodagi ekologik inqirozni keltirib chiqarayotganini anglab etmaguncha, hech qanday o`zgarish ro`y bermaydi.

 

 

 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар