2025 yilning birinchi yarmida O`zbekistonda aholiga ajratilgan ipoteka kreditlari hajmi va mijozlar soni keskin oshgani kuzatildi. Bu haqda Markaziy bank ma`lumotlarida qayd etilgan.
Yanvardan iyun oyigacha tijorat banklari tomonidan aholiga 9,44 trln so`mlik ipoteka kreditlari ajratildi. Bu 2024 yilning shu davriga nisbatan 37,1 foizga ko`pdir (o`shanda bu ko`rsatkich 6,88 trln so`mni tashkil etgan). Ipoteka kreditlari bo`yicha qoldiq hajm esa 72,8 trln so`mga etdi — olti oyda 5,1 trln so`mga oshgan.
Kredit olgan fuqarolar soni 20,6 foizga ko`payib, 26 201 nafardan 31 589 nafarga etdi. O`rtacha ipoteka krediti hajmi esa 13,7 foizga oshib, 298,6 mln so`mni tashkil etdi.
Ipoteka qaysi manbalar orqali moliyalashtirilyapti?
Kreditlarning katta qismi Iqtisodyot va moliya vazirligi tomonidan moliyalashtirilgan — 6,38 trln so`m, bu o`tgan yilga nisbatan 74 foizga ko`p. Shuningdek, davlat ulushi umumiy kredit hajmida 53,3 foizdan 67,7 foizgacha ko`tarilgan.
Ayni paytda banklarning ulushi pasaygan: ular tomonidan berilgan ipoteka hajmi 4,77 foizga qisqarib, 2,22 trln so`mni tashkil etdi. Bozordagi ulushi esa 34,3 foizdan 23,8 foizga tushgan.
Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi ham mablag` ajratish hajmini 6,2 foizga kamaytirgan — 800 mlrd so`mdan kam.
Davlat dasturi doirasida ipoteka foiz stavkalari 17,5 foiz darajasida qolgan. Biroq banklar o`z mahsulotlari bo`yicha foizlarni 25,1 foizdan 23,5 foizgacha pasaytirgan.
Hududlar kesimida eng ko`p ipoteka ajratilgan joylar
Eng ko`p ipoteka poytaxtda ajratildi — 2,95 trln so`m, bu 43,8 foiz o`sishni anglatadi. Shu tariqa, mamlakat bo`yicha ajratilgan barcha ipoteka kreditlarining qariyb uchdan bir qismi Toshkent shahri hissasiga to`g`ri keladi.
Qolgan etakchi hududlar quyidagicha:
Andijon viloyati — 747,2 mlrd so`m (+60,9%),
Samarqand viloyati — 713,5 mlrd so`m (+17,2%),
Farg`ona viloyati — 710,2 mlrd so`m (+24,64%),
Xorazm viloyati — 576,7 mlrd so`m (+59,97%).
Ipotekalar qanday maqsadda olinmoqda?
Barcha ipoteka kreditlarining 75 foizi yangi uy-joy xaridi uchun ajratilgan. Bu ko`rsatkich o`tgan yilga nisbatan 14 foizga oshgan. Moliyalashtirish hajmi 4,2 trln so`mdan 7,08 trln so`mgacha o`sgan — 68,5 foizlik ko`rsatkich.
Shu bilan birga, ikkillamchi uy-joy uchun olingan ipoteka kreditlari 2,69 trln so`mdan 2,36 trln so`mgacha kamayib, 12,2 foiz pasayish qayd etildi.
Ipoteka oluvchilar kimlar?
Kredit oluvchilarning 61 foizini (19 360 nafar) erkaklar tashkil etgan. Yosh bo`yicha taqsimot quyidagicha:
66% — 31−50 yoshlilar,
25% — 30 yoshgacha bo`lgan yoshlar,
9% — 50 yoshdan kattalar.