Rasmiy hisobotlarga qarasangiz, O`zbekistonda aholini toza ichimlik suvi bilan ta`minlash borasida so`nggi yillarda ulkan muvaffaqiyatlarga erishilgan. 2017 yilda 63,7 foiz aholi toza suv bilan ta`minlangan bo`lsa, 2024 yilga kelib bu ko`rsatkich 81 foizga etdi. Ya`ni, sakkiz yil ichida 9 million kishi markazlashgan ichimlik suvi tizimiga ulangan. Bu, albatta, katta yutuqdek ko`rinadi.
Biroq...
Natijalar qanday?
«Yuksalish» umummilliy harakati tomonidan yurtimiz bo`ylab 101 ta mahallada o`rganilgan 99 ta loyiha chog`ida ko`plab muammolar ayon bo`ldi (https://yuksalish.org/uz/news_detail/818). Xususan, rasmiy hisobotlarga ko`ra foydalanishga topshirilgan 67 ta loyihaning 23 tasida qurilish ishlari to`liq yakunlanmagani, 28 ta loyiha muddatida foydalanishga topshirilmagani aniqlandi.
Masalan, Namangan viloyati Chust tumanidagi «Yangi O`zbekiston» massividagi ko`p qavatli uylarda oqova suv tizimi butunlay yo`q. Sirdaryo viloyatidagi Baxt, Istiqlol va Ahillik mahallalarida esa tizim bor, lekin ishlamaydi.
Monitoring jarayonida 9 ta mahallada qurilish va ta`mirlash ishlari sifatsiz bajarilgani qayd etildi. Jizzax shahridagi Ulug`bek va Qaliya mahallalaridagi suv minoralari xavfsizlik talablariga javob bermasligi aniqlandi. Namangan viloyatidagi Gulzor mahallasining yangi uylarida oqova tizimidagi xatoliklar oqibatida yoqimsiz hid va texnik muammolar paydo bo`lgan.
Shuningdek, 15 ta mahallada suv tizimlari qurib bitkazilganiga qaramay, suv ta`minoti to`liq yo`lga qo`yilmagan. Jizzax viloyati Arnasoy tumanidagi Zarafshon mahallasining 7 ta ko`p qavatli uyida suv faqat 3 kunda bir marta, yarim soatga keladi.
Monitoring chog`ida yana bir jiddiy muammo – boshqaruvdagi samarasizlik va nazorat etishmasligi namoyon bo`ldi. Mas`ul idoralardan Prezident farmonida belgilangan maqsadli ko`rsatkichlar bo`yicha aniq manzilli ma`lumotlar so`ralganda, bunday hisobotlar yuritilmasligi ma`lum bo`lgan. Bu esa ochiqlik va hisobdorlikning yo`qligiga ishora qiladi.
Aholi bilan olib borilgan to`g`ridan-to`g`ri suhbatlarda esa muammolar faqat texnik emas, balki kundalik hayot sifatini keskin pasaytirayotgan iijtimoiy muammolar ekani tasdiqlandi.
Choralar bor...
Toza ichimlik suvi har bir insonning tabiiy va ajralmas huquqi, farovon hayot kafolati hisoblanadi. Agar davlat loyihalari ortida real foydalanish imkoniyati bo`lmasa, raqamlar hayot sifatini ifoda etmaydi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralari bor, ammo ijro masalasi yuqoridagi kabi bo`lsa, vaziyat o`nglanmaydi.
O`tkazilgan jamoatchilik monitoringi natijasida aniqlangan muammolarni bartaraf etish va oldini olish yuzasidan quyidagilar taklif etiladi:
Suv loyihalari bo`yicha har bir tumanga biriktirilgan texnik muhandislarni QMQ 2.04.02-19 «Suv ta`minoti. Tashqi tarmoqlar va inshootlar» qurilish me`yorlari va qoidalari” bo`yicha o`qitish;
Suv va oqova suv tizimi ob`ektlarini foydalanishga topshirishda «Suvta`minot» AJ texnik mutaxassislari hamda jamoatchilik vakillari ishtirokini ta`minlash;
Mas`ul tashkilotlar tomonidan aholini ichimlik suvi va oqova suv bilan ta`minlash bo`yicha loyihalarni amalga oshirishning ochiq hisobotini yuritish tizimini joriy etish;
Loyihalarni aniq rejalashtirish va barcha hududlarni qamrab olish, loyihalarni tayyorlashda barcha xonadonlarni qamrab olishni kafolatlaydigan dasturiy ta`minot va monitoring tizimlaridan foydalanish;
Rejalashtirilayotgan loyihalarda xorij tajribasi asosida zamonaviy texnologiyalardan foydalanish.