Aholining katta qismi kredit qarzlarini o`z vaqtida to`lashda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Bu haqda Markaziy bankning 2024 yil uchun e`lon qilingan moliyaviy barqarorlik sharhida ma`lumot berilgan.
Joriy yil boshida Markaziy bank tomonidan o`tkazilgan so`rovnoma orqali aholining bank va bankdan tashqari qarz majburiyatlari bo`yicha moliyaviy yuklama darajasi aniqlangan.
So`rovda jami 3 546 nafar respondent ishtirok etgan. Ularning yarmida oiladagi a`zolar soni 4−5 kishini tashkil qiladi. So`rov ishtirokchilari asosan moliya, ta`lim, qishloq xo`jaligi, sog`liqni saqlash, savdo va boshqa sohalarda mehnat faoliyatini olib boradi.
Ular orasida o`rtacha oylik daromadi 12 million so`mgacha bo`lgan oilalarning ulushi 78 foizni tashkil etadi. Shulardan 24 foizi qo`shimcha daromadga ega bo`lib, ularning 56 foizi qo`shimcha daromad sifatida oyiga 4 million so`mgacha mablag` topadi.
So`rov natijalariga ko`ra, ishtirokchilarning 73 foizi o`zi yoki oila a`zolari orqali bank yoki bankdan tashqari kredit majburiyatlariga ega ekanini bildirgan. Ularning 64 foizi banklardan qarzdor bo`lsa, 19 foizida bankdan tashqari manbalardan olingan qarzlar ham mavjud.
Qarz mablag`lari asosan uy-joy sotib olish yoki ta`mirlash, avtomobil xaridi hamda iste`mol tovarlarini sotib olish uchun jalb qilingan bo`lib, bu maqsadlar uchun qarz olganlar ulushi 43 foizni tashkil etadi. To`y, davolanish yoki xususiy tadbirkorlik uchun qarz olganlar esa 5 foizga ham etmaydi.
So`rovda qatnashganlarning 70 foizi oylik kredit to`lovi 6 million so`mgacha ekanini bildirgan. Ularning chorak qismi esa har oy 2−4 million so`m to`laydi. Respondentlarning 55 foizida kredit muddati 2−3 yil, 5 yil va undan ortiqni tashkil etadi.
64 foiz aholining ta`kidlashicha, ular kredit majburiyatlarini belgilangan muddatda to`lashda moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Shuningdek, ularning yarmiga yaqini yaqin 6 oy ichida to`lov qobiliyati yaxshilanishini kutayotganini bildirgan. 41 foiz ishtirokchi hech qanday o`zgarish bo`lmasligiga ishonadi, 11 foizi esa vaziyat yomonlashadi deb hisoblaydi.
So`rovdan ma`lum bo`lishicha, aholi orasida kelgusi 6 oyda yana qarz olish ehtiyoji borligini bildirganlar ulushi 20 foizni tashkil etgan. Ular oladigan mablag`larni asosan uy-joy xaridi yoki ta`mirlashga yo`naltirishni rejalashtirmoqda.
Markaziy bank ma`lumotiga ko`ra, bankdan tashqari qarzlar ham inobatga olingan holda, banklarga kredit majburiyatiga ega respondentlarning o`rtacha qarz yuklama darajasi 73 foizga teng.